MAShQ QILISh JARAYONINING UZLUKSIZLIGI Sport mashqi jarayonining uzluksizligi qo’yidagi asosiy holatlar bilan tavsiflanadi:
1) sportda mashq qilish jarayoni tanlangan sport turida kamolotga erishish maqsadida butun yil va ko’p yillar mobaynida surunkasiga davom etadi:
2) navbatdagi har bir mashq mashg’ulotining ta’siri bundan ilgarisining «izi» ustiga boradi:
3) mashg’ulotlar o’rtasidagi dam olish oralig’i ish qobiliyatini tiklash va o’stirishning umumiy tendensiyasini kafolatlaydigan darajada bo’lib, goho ish qobiliyati qisman tiklanib ba’zan yetmay turib mashg’ulot o’tkazishga ham yo’l qo’yildi.
So’ngi ikki holat ayrim ma’noda bahsli bo’lib, shuning uchun izoh talab qiladi. Navbatdagi har bir mashq mashg’ulotining ta’siri ilgarisining «izi» ustiga qo’shilishi haqida gapirlganda «izi» so’zini organizmda mashq mashg’ulotlari natijasida yuzaga keladigan va oqibat natijada sportchi organizimining ish qobiliyati yuksalishda, uning fazilatlari, malakalari va mahoratlarining rivojlanishida o’z ifodasini topadigan ijobiy o’zgarishlar (fiziologik, bioximik va morfologik o’zgarishlar) deb umumiylashgan ma’noda tushunish kerak. Demak, ikkinchi holatning ma’nosi mashq, mashg’ulotlari haddan tashqari uzaytirib yuborishlariga yo’l qo’ymasliklari ilgarigi ta’sir etishlar natijasi saqlana borishini ta’min etishdan va shu yo’l bilan sport faoliyatida uzluksiz yuksalish uchun shart-sharoitlar yaratishdan iboratdir.
Uchinchi holatning ahamiyati yuqorida muntazamlilikning umumiy tamoyilini tahlil etilishi munosabati bilan yo’l-yo’lakay tushuntirib o’tilgan edi. Bunda, sport mashqi vaqtida, yuklama bilan dam olishni almashtirib turish tizimining o’ziga xos tomonlarini ta’kidlab o’tish kerak. Gap shundaki, sportchining trenirovka mashg’ulotlari, hamma vaqt faqat ish qobiliyati to’la tiklangan va «o’ta tiklangan» sharoitda o’tkazilavermaydi. Vaqti-vaqti bilan ish qobiliyati ham to’la tiklanmagan sharoitda, bir necha trenirovka mashg’ulotlari samarasini jamlashga yo’l qo’yiladi. Buning ma’nosi organizmga alohida yuksak talab qo’yish va natijada navbatdagi dam olish vaqtida ish qobiliyatini yuksak darajaga ko’tarishdir.
Keyingi yillardagi sport amaliyoti va olib borilgan ilmiy tadqiqotchilar hamda tajribalarning ma’lumotlari, sport mashqida yuklamalarning bunday rejimi ma’lum sharoitlarda rasional hisoblanish mumkin ekanligidan dalolat beradi. Bunda charchoqni tamomila qondirish uchun, yetarli darajada dam olish sportchining oldindan mashq ko’rganligining yuqori bo’lishi bilan birgalikda tibbiy va puxta pedagogik nazoratlarni muntazam o’tkazib turish albatta shartdir.
Shunday qilib, umumiy qoida-navbatdagi har bir mashq mashg’ulotini ish qobiliyatini to’la tiklab va «o’ta talab» bo’lgandan keyin boshlash – sport mashqida maxsus xususiyatda bo’ladi. Bu yerda mazkur qoida har bir mashg’ulotga alohida tatbiq etilishi shart bo’lmay, balki bir necha mashg’ulotlardan iborat mashg’ulotlar shodasiga tatbiq etiladi. Bu ana shu shodalar jamlangan ulkan bitta yuklama hisoblanadi. Bu shodadagi mashg’ulotlarning miqdori va ular o’rtasidagi oraliqlarning kattaligi ko’pgina shart-sharoitlarga, jumladan mashqning davr va bosqichlariga bog’liqdir.
Mashq jarayonini bunday zichlash tufayli mashg’ulotlarning umumiy miqdori anchagina ortib, ayrim vaqtlarda (yetarli darajada yuksak malakali sportchilarda) haftasiga 6 ta, va undan ortiq martaga yetadi. Albatta bunda barcha mashg’ulotlar asosiy emas va nagruzka jihatidan teng bo’lmaydi. Ularning ba’zilari olg’a tomon odimlashga, ya’ni sportchilarning yangi marralarni egallashlariga xizmat qilib, ularga eng yuksak mashq talablari qo’yiladi. Boshqa ba’zi mashg’ulotlar esa qo’shimcha ahamiyatga ega bo’ladi. Asosiy mashqlar agar ular chidamlilikni tarbiyalashga ko’proq qaratilgan bo’lmasa, odatda umumiy ish qobiliyati tiklangan va ortgan sharoitda olib boriladi. Qo’shimcha mashg’ulotlar esa g’oyat xilma-xil sharoitlarda o’tkazilishi mumkin. Chunki ularning ma’lum qismidan hatto dam olishning faol shakli sifatida ham foydalaniladi.