17.3. “Resurslar-tovarlar va xizmatlar” hamda “daromadlar–xarajatlar”ning doiraviy oqimi modeli
Har qanday iqtisodiy tizimda tovarlar va xizmatlarni takror ishlab chiqarishning umumiy jarayonini resurslar, tovar va xizmatlar, daromadlar hamda xarajatlarning doiraviy oqimi modeli koʻrinishida tasavvur qilish mumkin. Bu sodda model makroiqtisodiy tahlil asosini tashkil etadi. Faqat xususiy mulkka tayangan ( ya’ni davlat ishtiroki mavjud boʻlmagan) yopiq iqtisodiyotda bunday doiraviy oqim firmalar va uy xoʻjaliklari oʻrtasida amalga oshiriladi (2-chizma).
Uy xoʻjaliklari ishlab chiqarish uchun zarur boʻlgan barcha iqtisodiy resurslarni resurslar bozoriga yetkazib beradilar, korxonalar esa bu resurslarni sotib olib turli xil mahsulotlarga, xizmatlarga aylantiradilar, soʻngra esa ularni tayyor mahsulotlar va xizmatlar bozoriga yetkazib beradilar. Ayni paytda “resurslar – tovarlar va xizmatlar” oqimiga qarama qarshi yoʻnalishda “daromadlar – xarajatlar”ning ham doiraviy oqimi amalga oshiriladi.
1-chizma. Sof bozor iqtisodiyoti sharoiti “resurslar – mahsulotlar” va “daromadlar – xarajatlar”ning doiraviy aylanishi modeli
Ya’ni, uy xoʻjaliklari oʻzlari yetkazib bergan iqtisodiy resurslar evaziga daromad oladi hamda ularni tovarlar va xizmatlar iste’mol qilish uchun sarflaydilar yoki aksincha korxonalar resurslar uchun sarf-xarajatlar qiladilar hamda tayyor mahsulotlarni sotish evaziga daromad oladilar.
Resurslar hamda tovarlar va xizmatlar oqimi jami taklifni, daromadlar va xarajatlar oqimi jami talabni koʻrsatadi. Davlat ishtiroki mavjud boʻlmagan yopiq iqtisodiyotda yalpi talab va yalpi taklifning oʻzaro teng boʻlishi firmalarnining yalpi sotuvi, yoki yalpi ishlab chiqarishi hajmi uy xoʻjaliklarining yalpi daromadlari, yoki yalpi daromadlariga teng boʻlishi shaklida namoyon boʻladi.
Bu koʻrsatkichlar oʻrtasidagi tenglikning buzilishi ishlab chiqarishning pasayishi, inflyatsiya va ishsizlik darajalarining koʻtarilib ketishiga sabab boʻladi. Davlat aralashuvi mavjud boʻlgan iqtisodiyotda bu model ancha murakkab koʻrinish oladi.
2-chizma. “Resurslar-tovarlar va xizmatlar” hamda “daromadlar – xarajatlar”ning davlat aralashuvi mavjud iqtisodiyotdagi doiraviy aylanishi modeli
Bunday iqtisodiyotda resurslar – tovarlar va xizmatlar, daromadlar- xarajatlarning uzluksiz harakati ham bozor mexanizmlari orqali, ham davlat aralashuvi bilan ta’minlanadi. Bunda hukumat ishlab chiqaruvchilar va iste’molchilarning harakatini bevosita boshqarmaydi, balki resurslar va tovarlar bozorlarida qatnashish orqali ularning iqtisodiy faoliyatiga qulay sharoitlar yaratadi. Davlat korxonalar va uy xoʻjaliklarini soliqqa tortish bilan birga korxonalarga subsidiyalar berish, aholiga transfert toʻlash orqali ularning ishlab chiqarish imkoniyatlari va xaridga qodir talablariga ta’sir etadi. Ayni paytda davlat resurslar bozorida hamda tovarlar va xizmatlar bozorida sotib oluvchi sifatida ishtirok etadi. Davlat oʻz ishtiroki bilan firmalarning ishlab chiqarish hajmlari va uy xoʻjaliklarining tovarlar va xizmatlar xarid qilish miqdorlari toʻgʻrisidagi qarorlari oʻzaro mos kelmagan hollarda roʻy beradigan iqtisodiy tebranishlarni tartibga solib turadi. Ochiq iqtisodiyot sharoitida doiraviy oqimlar modeli yanada murakkablashadi. Endi unda toʻrtinchi makroiqtisodiy subyektn – tashqi dunyo ham paydo boʻladi. Chet el investitsiyalarining kiritilishi va xorijga investitsiya qilish, eksport va import operatsiyalari shu jumladan moliyaviy bozor orqali jamgʻarmalarning investitsiyalarga oqib oʻtishi va moliyaviy mablagʻlarning qayta taqsimlanishini e’tiborga olsak koʻrib oʻtilgan model mukammal emasligiga iqror boʻlamiz. Ammo shu koʻrinishda ham bu model makroiqtisodiy jarayonlarni yaxlit holda tasavvur qilishga imkon beradi. Doiraviy oqimlar modelidan chiqariladigan xulosa shuki, davlat, firmalar, uy xoʻjaliklari va tashqi dunyoning yalpi xarajatlari yalpi ishlab chiqarish hajmiga teng boʻlishi resurslar, tovarlar va xizmatlar oqimlari (ya’ni real oqim) bilan daromadlar va xarajatlar oqimlari ( ya’ni pul oqimlari) oʻzaro teng boʻlishining asosiy shartidir. Yalpi xarajatlar hajmining oshishi ishlab chiqarish hajmlari va ish bilan bandlilik darajasining oʻsishiga olib keladi. Bu esa oʻz navbatida yalpi daromadlarning oshishiga sabab boʻladi. Kattaroq hajmdagi yalpi daromadlar unga mos hajmdagi yalpi xarajatlarni belgilab beradi. Sabab oqibat bogʻlanishlari oʻrin almashishi tufayli doiraviy oqimlar modeli doiraviy aylanish koʻrinishini oladi. Iqtisodiyot barqaror rivojlanib borishi uchun yalpi xarajatlar toʻxtovsiz oʻsib borishi shart. Bu vazifa byudjet-soliq siyosati vositalari boʻlgan soliqlarni hamda davlat xarajatlarini oʻzgartirish hamda pul-kredit siyosati vositalari yordamida pul massasini oʻzgartirish orqali bajariladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |