Hurmat ma'nosini bildiradi.
Misol: Ana, ko‘ryapsanmi? Mening dadamlar! Dada!
Ovozim hech chiqmaydi biroq. (“Nido”)
Jamlash ma'nosini bildiradi.
Misol: Bu shaharga mangu qilib,
O‘chmas qilib zarhali
O‘rnatilsin Farhodlarning,
Majnunlarning haykali (E.Vohidov)
Narsalarning tur-xilini bildiradi.
Misol: Bayram stoliga suvlardan olib keling. (So‘zlashuvdan)
Taxminni bildiradi.
Misol: Ertalab soat sakkizlarda bulut quchoqlashib, hammayoqni qorong‘ilik bosdi. (Mirmuhsin).
Piching, kesatiqni bildiradi.
Misol: Bu ishni bajargan o‘zlarimi? (So‘zlashuvdan)
Egalik qo‘shimchalarining uslubiy xususiyatlari
Egalik affiksi ayrim so‘zlarda sof qarashlilik ma'nosidan tashqari hissiy-ta'sirchan bo‘yoq ifodalashi mumkin. Ular quyidagi ko‘rinishlarga ega:
1) murojaatda qo‘llanuvchi(bolam, qo‘zim, lobarim, azizim, onam kabi) so‘zlar tarkibidagi so‘zlovchining xususiy munosabatini ifodalab, hissiy-ta'sirchanlikni oshiradi. Xonim, shohim kabi so‘zlarda esa shaxsga hurmat ma'nosi ifodalanadi. Xonim, yaxshi o‘tiribsizmi? Buncha ko‘zlaring xomush, qo‘zim. (so‘zlashuvdan)
2) biror shaxsni o‘ziga tanish yoki yaqin tutishni ifodalaydi. Bu hol ko‘pincha qarindoshlik bildiruvchi so‘zlar tarkibida uchraydi: Abdusalom - Qilichbek ukam, o‘sha narsalarni biznikiga olib chiqib qo‘y. (E.Vohidov) E, ukam, bunda pulga tilla tugul, jez ham ololmaysiz. (E.Vohidov)
3) kinoya, kesatiq ifodalaydi: Buncha gapingiz ko‘p, opam. (so‘zlashuvdan)
4) ba'zan egalik affiksining birinchi shaxs birlikdagi shaklini metaforik qo‘llanishdagi so‘zga biriktirib, nutq subyektining ijobiy baho munosabatini ifoda etadi. Masalan:
Shirinim, haq so‘zlarning bari,
El zori bor buving zorida.
Sen o‘ylaysan falak ishlari
Dadajoning ixtiyorida. (E.Vohidov)
5) egalik qo‘shimchalari shaxs va sonda almashadi va turli uslubiy ma'nolarni beradi. Masalan, Qulmuhammad aka! Nima xarid qilasiz? Yangamizga tilla sirg‘a oling! (E.Vohidov)
Bu o‘rinda aslida yangamizga so‘zi yangamga tarzida qo‘llanishi lozim edi. Ko‘plikdagi egalik affiksining birlik o‘rnida ishlatilishi orqali nutq subyektining shaxsga nisbatan baho munosabati (hurmati, o‘ziga yaqin tutishi) ifoda etilgan.
Oyisi, qizchaga nima olib keldingiz? (S.Ahmad)
6) egalik affikslari tushirib qoldiriladi. Masalan:
Bizning rota olov seli ichida qolib,
Bu yerda yov hujumini qaytarar edi. (E.Vohidov)
Aslida birikma bizning rotamiz tarzida bo‘lishi kerak edi. Bu o‘rinda egalik affiksini tushirib qoldirish orqali nutq subyektining o‘z rotasidan faxrlanish his-tuyg‘usi ifoda etilgan.
Ayrim hollarda egalik affiksining tushirib qoldirilishi nutq sub'yektining salbiy baho munosabatini ifoda etishga xizmat qiladi. Quyidagi misollarga diqqat qilamiz:
Ko‘zim xira, darmonsizman, tashlandiq zotman,
Xotin boshqa erga tekkan, o‘g‘il uylangan. (E.Vohidov)
Mazkur she'riy parchada she'r qahramoni o‘z xotini va o‘g‘li haqida so‘zlamoqda. Asarda xotin, o‘g‘il so‘zlarining xotinim, o‘g‘lim tarzida qo‘llanishi odatiy hol hisoblanadi. Biroq shoir nutq sub'yektining baho munosabatini (xotini va o‘g‘liga nafrati, ularning qilmishidan noroziligi) aks ettirish maqsadida xotinim, o‘g‘lim so‘zlaridan egalik affiksini tushirib qoldirgan. Bu holat badiiy matnning ta'sir kuchini yanada oshirgan.
7) egalik qo‘shimchalari qo‘sha qo‘llanadi.
Bu qiynoqlar ichra biroq,
Birisi eng ziyoda. (E.Vohidov)
Bu misradagi birisi so‘zida uchinchi shaxs birlikdagi egalik affikslari -i, -si ketma- ket qo‘llangan. Natijada qiynoqlar ichidagi bir qiynoq alohida ta'kidlagan, unga tinglovchining diqqati tortilgan. Shoir ketma-ket kelgan har bir so‘zga egalik qo‘shimchasini qo‘shish orqali ham ta'kidni kuchaytirib, uslubiy ma'noni hosil qilgan:
Mening ham qolmasdi dilda armonim
O‘lkam, onajonim, yuragim, jonim - O‘zbekistonim.
(E.Vohidov)
Do'stlaringiz bilan baham: |