Muammoli savollar
9- kazus
O‘zbekiston tomonidan tashlangan yana bir muhim qadam – bu 2016-2017 yillarga mo‘ljallangan Korrupsiyaga qarshi kurashish chora-tadbirlarini amalga oshirish bo‘yicha amaliy harakatlar kompleks rejasi tasdiqlanganidir.
Topshiriq: Ushbu Kompleks dastur doirasida qanday ishlar amalga oshirildi? O‘tgan yillarda amalga oshirilgan ishlarning samaradorligini tahlil qiling
Hokimiyatga pul bilan erishgan odam
undan daromad olishga intiladi.
Aristotel
Korrupsiya jamiyat inqirozining sabablaridan biri sifatida, demokratiya va qonun ustuvorligi asoslariga putur yetkazuvchi, milliy iqtisodiyotni vayron qiluvchi, ko‘plab buzg’unchiliklarga sabab bo‘luvchi dahshatli illatdir. Korrupsiya haqida ko‘plab tadbirlar, maqolalar, tashviqotlar, xalqaro kurash markazlari va boshqa ko‘plab kurash choralari qo‘llangan. Dunyoda ko‘plab davlatlar bu illatdan jabr chekyapti va bunga qarshi kurash olib boryapti. Korrupsiyaga ta’rif beradigan bo‘lsak, korrupsiya- mansab mavqeidan shaxsiy manfaatlar yo‘lida foydalanish bilan bog’liq bo‘lgan jinoyat turi. Tarizga nazar solsak bu illatga qarshi qadimdan kurashib kelishgan. Bunga misol qilib, korrupsiyaga qarshi kurash ilk bor miloddan avvalgi XXIV asrda Mesopotamiyaning Lagash degan shahar-davlatida boshlanganini olishimiz mumkin. Hozirda ham korrupsiyaga qarshi ko‘plab mamlakatlar birgalashib kurash olib borishmoqda.
Bizning davlatimizda korrupsiyaga qarshi bir necha yildan beri kurash olib borilyapti. Masalan, O‘zbekiston 2008-yil 7-iyulda BMTning “Korrupsiyaga qarshi kurashish konvensiyasi”ga, 2010-yil mart oyida Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti doirasida qabul qilingan korrupsiyaga qarshi kurashning Istanbul rejasiga (2003-yil 10-sentabr) qo‘shilgan. Shuningdek, Oliy Majlis tomonidan Jinoiy daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha Yevroosiyo guruhi to‘g’risidagi bitimi (Moskva, 2011-yil 16-iyun) 2011-yil 13- dekabrda ratifikatsiya qilingan. O‘zbekistonda 2017-yilning 4-yanvaridan “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g’risida”gi qonun kuchga kirdi. Bu haqida 2017-2021-yillarda O‘zbekistonni yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasida quyidagicha izoh beriladi: “O‘zbekiston tomonidan tashlangan yana bir muhim qadam- bu 2016-2017-yillarga mo‘ljallangan Korrupsiyaga qarshi kurashish chora-tadbirlarini amalga oshirish bo‘yicha amaliy harakatlar kompleks rejasi tasdiqlanganidir. Ushbu Kompleks dastur turli davlat idoralari va tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari va ilmiy soha mutaxassislari ishtirokida ishlab chiqilgan.Reja korrupsiyaga qarshi kurashish siyosat va korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha masalalarning ayrim jihatlarini o‘z ichiga oladi”.
Qonunga ko‘ra, respublikada Bosh prokuratura, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi, Bosh prokuratura huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiradi.
“O‘zbekiston Respublikasining Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g’risida” gi qonuni O`zbekiston Respublikasining qaroriga muvofiq Qonunchilik palatasi tomonidan 2016-yil 24-noyabrda qabul qilindi va Senat tomonidan 2016-yil 13-dekabrda ma`qullandi va Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev tomonidan imzolandi. 2017-yil 4-yandardan kuchga kirdi. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O`zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O`zbekiston Respublikasi Bosh prokurori I.B.Abdullayev zimmasigayuklandi.Ushbu qonun 6 bob va 34 moddadan iborat bo‘lib, 30-moddasida(“Korrupsiya sohasidagi tadqiqotlar”) “Korrupsiyaning holatini, xususiyatini miqyoslarini, o‘zgarishlarini, tendensiyalarini, shuningdek korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatining amalga oshirilish samaradorligini o‘rganish davlat organlari tomonidan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat-notijorat tashkilotlari va boshqa tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari, shuningdek fuqarolar bilan hamkorlikda sotsiologik, maxsus, ilmiy tadqiqotlar hamda boshqa turdagi tadqiqotlar o‘tkazish yo‘li bilan doimiy asosda amalga oshiriladi. Sotsiologik tadqiqotlar korrupsiyaga eng ko‘p duchor bo‘lgan tarmoqlar va sohalarni, uning yuzaga kelishi sabablari va shart-sharoitlarini aniqlash, shuningdek mazkur faoliyatga jalb etilgan ijtimoiy guruhlarni aniqlash, maxsus tadqiqotlar huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlarning korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyati natijalarini, korrupsiyaga oid jinoyatchilikning holatini, korrupsiya ko‘rsatkichlarining statistika hisobini muntazam ravishda tizimli tahlil qilishni, davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida korrupsiyaning xususiyati va miqyoslarini, o‘zgarishlari va tendensiyalarini o‘rganishni o‘z ichiga oladi. Ilmiy tadqiqotlar korrupsiyaga qarshi kurashish muammolari bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar o‘tkazishni, ilmiy uslubiyatlar va tavsiyalar ishlab chiqishni, ularni amaliyotga oqilona joriy etishni, korrupsiyaga qarshi kurashishda qo‘llanilayotgan shakllar va usullar samaradorligini prognoz qilish hamda ilmiy tahlil etishni o‘z ichiga oladi. Davlat korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlaydi va rag’batlantiradi”deyiladi. Shu bilan birga davlat boshqaruvda inson omilini kamaytirish borasida ko‘pgina ishlar amalga oshirilidi. Buning uchun boshqaruvni bosqichma- bosqich elektron hukumatga aylantirish lozim. “Elektron hukumat”ning korrupsiyani kamaytirishdagi roli e’tiborga olinib, uni boshqaruv tizimiga keng joriy qilish boshlandi. Ayniqsa, davlat xizmatlaridan yuzdan ortig’ini amalga oshirish elektronlashtirish va yagona elektron davlat portalini yaratish vositasida bajarildi. Keyingi vaqtda me’yoriy hujjatlarni korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazib borish an’anasi shakllandi. Shuningdek, biznes sohasida ta’magirlikka sabab bo‘ladigan tartibsizliklarga chek qo‘yish chora-tadbirlari ko‘rilmoqda. Jumladan, aksiyadorlik jamiyatlarida korporativ boshqaruv tizimini joriy etish va ular samaradorligini oshirish yo‘l-yo‘riqlari belgilandi. Savdo-sanoat palatasi “Biznes yuritish odobi kodeksi”ni qabul qildi. Ayni chog’da, kichik va o‘rta biznesga (xususiy korxonalarga) ichki nazorat tizimini barpo etishda ko‘maklashish chora-tadbirlari ishlab chiqish va qabul qilish rejalari hozirlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 2-fevraldagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g’risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining qoidalarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g’risida”gi qaroriga binoan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi tuzildi.
Qonunchilik asosida “2017-2018-yillarda korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha Davlat dasturi” tasdiqlandi, unda qo‘yilgan aksariyat vazifalar amalga oshirildi. 2018-yil 9-aprelda O‘zbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari to‘g’risida”gi qonuni qabul qilindi. Mazkur qonunning 12-moddasi “Korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik prinsipi” deb nomlanib, unda “Xarid qilish tartib-taomillarini tashkil etish va o‘tkazishga doir talablar davlat xaridlari sohasida korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘ymasligi kerak. Bunda korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar ustuvor bo‘ladi”, degan qoida belgilandi. Shuningdek, mazkur qonun kuchi bilan bu sohada davlat xizmati ko‘rsatishning shaffof tizimi shakllantirildi.
Demak, bu illat bilan nafaqat huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, balki har bir jamoa jiddiy kurashishi kerak. Shuning uchun har bir davlat idorasida jamoatchilik tomonidan nazorat qilinadigan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha o‘z ichki dasturlari bo‘lishi shart.
Do'stlaringiz bilan baham: |