Byudjet Kodeksi - davlat byudjeti g’azna ijrosining huquqiy asosi
Shuni alohida ta’kidlash zarurki, byudjet qonunchiligini yanada rivojlantirish va takomillashtirish asosida byudjet faoliyatini rivojlantirish davlat moliyasini boshqarish tizimini isloh qilishning asosiy yo’nalishlaridan biri hisoblanadi. Ma’lumki, 2000 yil 14 dekabrda “Byudjet tizimi to’g’risida”gi O’zbekiston Respublikasi Qonunining qabul qilinganidan beri o’tgan davr mobaynida byudjet amaliyotida bir qator o’zgarishlar sodir bo’ldi, ular:
davlat byudjeti g’azna ijrosining joriy etilishi;
bir qator davlat maqsadli jamg’armalari va boshqa nobyudjet fondlarining tuzilishi va amal qilishi;
byudjet tashkilotlarining byudjetdan tashqari qo’shimcha mablag’larni jalb qilish manbalarining kengayishi va ular ustidan nazoratni yaxshilash zarurligi;
byudjet tasnifi, byudjet hisobi va hisoboti tizimining takomillashuvi;
yangi tahrirdagi O’zbekiston Respublikasi Soliq Kodeksining qabul qilinishi va amalga kiritilishi va boshqa holatlar bilan bog’liq bo’lib, byudjet qonunchiligini yanada takomillashtirish zarurligini taqozo etdi.
Natijada amaldagi “Byudjet tizimi to’g’risida”gi hamda “Davlat byudjetining g’azna ijrosi to’g’risida”gi O’zbekiston Respublikasi Qonunlarida belgilangan normalar mukammal tarzda qayta ishlangan holda Byudjet Kodeksida o’z aksini topdi.
Byudjet tizimidagi islohotlar doirasida 2014 yildan boshlab O’zbekiston Respublikasida amalga kiritilgan Byudjet Kodeksi davlat moliyasini boshqarishning huquqiy asoslarini yanada mustahkamlash, byudjet siyosatining ustuvorliklarini belgilab olish, byudjet mablag’laridan foydalanish samaradorligini oshirish va davlat xizmatlarini taqdim etish sifatini oshirishga qaratilgan.
Ushbu Kodeks O’zbekiston Respublikasining byudjet tizimi byudjetlarini shakllantirish, tuzish, ko’rib chiqish, qabul qilish, tasdiqlash, ijro etish, davlat tomonidan mablag’ jalb qilish va byudjet to’g’risidagi qonun hujjatlari ijrosini nazorat qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga soladi.
Byudjet Kodeksi byudjet jarayonini xalqaro amaliyot tajribalaridan kelib chiqqan holda tartibga solish, byudjet amaliyotida mavjud bo’lgan ziddiyatlarni bartaraf etish, eskirgan tartib-qoidalarni bekor qilish, byudjet jarayonini tashkil etishdagi me’yorlar, nizomlar va byudjet jarayoni ishtirokchilarining vakolatlarini tizimlashtirish maqsadida ishlab chiqildi. Byudjet Kodeksining g’aznachilik faoliyati bilan bog’liq alohida qismi davlat byudjeti g’azna ijrosini tashkil etish, yuridik va moliyaviy majburiyatlarni ro’yxatga olish, byudjetdan mablag’ oluvchilar xarajatlari to’lovini amalga oshirish, davlat xaridlarini tashkil qilish, G’aznachilikning yagona g’azna hisobraqamini yuritish kabi masalalarni tartibga solishga qaratilgan.
Xalqaro tajribada, Byudjet kodeksi – ma’lum bir mamlakat byudjet tizimining asoslarini, uning tuzilishi, umumiy printsiplarini, turli darajadagi byudjetlar va ularning vakolatlarini, byudjet jarayoni asoslari va byudjetlararo munosabatlarni, byudjet qonunchiligini buzganlik uchun javobgarlik choralarini belgilovchi qonun hujjati hisoblanadi4.
|
Byudjet kodeksining qabul qilinishi amaldagi Soliq kodeksi bilan birgalikda davlat moliyasining yagona birxillashtirilgan, xalqaro standartlarga mos bo’lgan qonunchilik bazasini shakllantirishga, byudjet sohasidagi huquqiy munosabatlarni tizimlashtirishga, shuningdek, byudjet jarayonining hamma bosqich va darajalarida yagona huquqiy normalar va yondashuvlar qo’llanilishini, mamlakat byudjet tizimining ochiq-oshkoraligini va barqarorligini ta’minlashga imkon beradi.
AQSh Kongressida har bir federal hudud bo’yicha tasdiqlangan byudjet ijrosini nazorat qiluvchi qo’mita mavjud. Kongressmenlar boshqaruv jarayoniga aralashish huquqiga ega emas, birok, solik, to’lovchilarning mablag’larining “Federal byudjet to’g’risida”gi qonunga muvofiq, xarajat qilinishini kuzatib boradilar. Federal vazirliklar va shtatlarning hukumatlari, ma’muriy protsessual kodeks asosida ajratilgan byudjet mablag’larini belgilangan huquqiy jarayon doirasida taqsimlaydilar. Bu ochiq ovozga quyish yo’li bilan aniqlab olinadi. Bunda Kongressda loyihalar ovozga qo’yiladi va ishtirokchilarni qarshi yoki tarafdorligi orqali tasdiqlanadi5.
|
Byudjet Kodeksining 7-bobi byudjet tizimi byudjetlarining ijrosini tavsiflab, byudjet tizimi byudjetlarining ijrosi byudjet to’g’risidagi qonun hujjatlarida belgilangan, byudjet tizimi byudjetlari daromadlarining tushishini ta’minlash va xarajatlarini amalga oshirishni, shuningdek ularning ijrosi bilan bog’liq operatsiyalarni hisobga olishni nazarda tutadi.
O’zbekiston Respublikasi respublika byudjetining, davlat maqsadli jamg’armalari byudjetlarining ijrosi O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan ta’minlanadi.
Qoraqalpog’iston Respublikasi byudjetining, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlarining ijrosi Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimliklari tomonidan ta’minlanadi. O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining axborot tizimida byudjet tizimi byudjetlari, byudjet tashkilotlari va byudjet mablag’lari oluvchilar uchun shaxsiy g’azna hisobvaraqlari ochiladi6. Byudjet Kodeksining 111-moddasiga asosan Yagona g’azna hisobvarag’i O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan boshqariladigan maxsus bank hisobvarag’i bo’lib, unga byudjet tizimi byudjetlarining daromadlari va boshqa tushumlari kiritiladi hamda undan mazkur byudjetlarning xarajatlari to’lanadi. O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi O’zbekiston Respublikasi Markaziy bankida va boshqa banklarda o’zga bank hisobvaraqlari ochish huquqiga ega. Yagona g’azna hisobvarag’i O’zbekiston Respublikasi Markaziy bankida ochiladi. O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining bank hisobvaraqlaridan mablag’larning so’zsiz tartibda hisobdan chiqarilishiga yo’l qo’yilmaydi.
Byudjet Kodeksining 113- 116 moddalarida shaxsiy g’azna hisobraqamlarini ochish va yuritish tartiblari belgilangan. Shuningdek, kodeksda byudjet daromadlari va xarajatlari ijrosini ta’minlash, byudjet tizimi byudjetlari o’rtasida tushumlarni taqsimlash,byudjet hisobi va hisobotini yuritish tartiblari, davlat moliyaviy nazoratini huquqiy asoslari belgilangan.
“Byudjet tizimi byudjetlarining g’azna ijrosi qoidalari”ning mazmuni va tarkibi
Keyingi yillarda ham davlat byudjeti g’azna ijrosining me’yoriy-huquqiy asoslarini mustahkamlashga qaratilgan qator chora-tadbirlar amalga oshirildi. Bu borada O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirining 88-sonli (22.11.2016) buyrug’i bilan tasdiqlangan va O’zbekiston Respublikasi Adliya Vazirligi tomonidan 2850-son (22.12.2016) bilan ro’yxatga olingan “Byudjet tizimi byudjetlarining g’azna ijrosi qoidalari”ning qabul qilinishi muhim qadam bo’lib xizmat qildi. Mazkur “Qoidalar” O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi G’aznachiligi va uning hududiy bo’linmalari tomonidan respublika va hududiy g’azna hisobvaraqlarini qo’llash sharoitida respublika byudjeti, Qoraqalpog’iston Respublikasi byudjeti va mahalliy byudjetlarning g’azna ijrosini amalga oshirish tartibini belgilab berdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |