4.Rossiyada suronli yillarning boslanisi va Romanovlar sulolasi hokimiyatining o’rnatilishi. Ivan Grozniyning 50 yillik hukmronligining natijasi achinarli edi. Cheksiz urushlar, oprichnina, yalpi qirg’inlar misli ko'rilmagan iqtisodiy tanazzulga olib keldi. 1580-yillarga kelib, ilgari gullab-yashnagan yerlarning katta qismi bo’shab qoldi. Butun mamlakat bo'ylab tashlandiq qishloqlar ko’paydi, haydaladigan yerlar o'rmonlar va begona o'tlar bilan qoplandi. Uzoq davom etgan Livoniya urushi natijasida mamlakat g'arbiy yerlarining bir qismini yo'qotdi.
1584 yilda Rossiya taxtiga Ivan IV o'g'li Fyodor Ivanovich o’tirdi. Ivan Grozniyning yana bir o'g'li - 2 yoshli Dmitriy Uglichskiy edi. Bu holat podsho saroyida Godunovlar, Romanovlar, Shuyskiylar, Mstislavskiylar o’rtasida hokimiyat uchun kurash boshlanishiga sabab bo’ldi. Podsho Fyodor kasal bo’lganligi uchun davlat ishlari qaynisi Boris Godunov tomonidan olib borildi. 1598 yil 7 yanvarda Fyodor o’lganidan keyin Zemskiy Sobori qarori bilan Boris Godunov podsho qilib saylandi. Shunday qilib, u taxtni meros orqali emas, balki Zemskiy soborida saylovlar orqali olgan birinchi rus podshosi bo'ldi. Qariyb 7 asr hukmronlik qilgan Ryurikovlar sulolasi hukmronligi to’xtadi.
Tashqi siyosatda Godunov o'zini iste’dodli diplomat sifatida ko'rsatdi - Rossiya muvaffaqiyatsiz Livoniya urushi (1558-1583) natijasida Shvetsiyaga berilgan barcha yerlarni qaytarib oldi. Rossiya va G'arb o'rtasida yaqinlashish boshlandi. Ilgari Rossiyada Godunov kabi chet elliklarga mehribon bo'ladigan hech qanday podsho yo'q edi. U chet elliklarni xizmatga taklif qila boshladi. Tashqi savdo uchun hokimiyat eng qulay rejimini yaratdi. Godunov davrida dvoryanlar o'qish uchun G'arbga yuborila boshlandi. Ammo bu foyda bermadi. O'qishga ketganlarning hech biri o'z yurtiga qaytishni istamadi.
Muvaffaqiyatli boshlangan Boris Godunovning hukmronligi qayg'uli yakunlandi. Boyarlarning bir qator fitnalari umidsizlikni keltirib chiqardi va tez orada haqiqiy falokat boshlandi. 1601-1603 yillarda mamlakatda 3 yil davom etgan qo’rqinchli ocharchilik boshlandi. Nonning narxi 100 barobar oshdi. Boris nonni ma'lum chegaradan ko'proq sotishni taqiqladi, hatto narxlarni oshirganlarni ta'qib qilishga ham majbur bo’ldi. Ochlikdan azob chekayotganlarga yordam berish uchun kambag'allarga pul tarqatdi. Ammo non qimmatlashdi va pul o'z qadrini yo'qotdi. Boris davlat omborlarini och qolganlar uchun ochishni buyurdi. Biroq, hatto ularning oziq-ovqatlari ham barcha ochlar uchun yetarli emas edi. Butun mamlakat bo'ylab odamlar non izlab Moskvaga borishdi. Oqibatda birgina Moskvaning o‘zida 127 ming kishi ochlikdan nobud bo‘lgan va ularni ko’mishga hamma ham ulgurmagan. Odamlar Borisni qonunsiz, yolg'on yo’li bilan taxt tepasiga chiqqanligi uchun ham bu ocharchilikni Xudoning jazosi deb o'ylay boshladilar.
Aholining barcha qatlamlari ahvolining keskin yomonlashishi podshoh Boris Godunovni ag'darib tashlash va taxtni “qonuniy” hukmdorga o'tkazish shiori ostida ommaviy tartibsizliklarga olib keldi. Qallobning paydo bo'lishi uchun sharoit tayyor edi. El ichida shahzoda Dmitriyning mo’jiza bilan tirik qolganligi to’g’risida mish-mishlar tarqaldi. Shahzoda Dmitriy 1591 yilda sirli tarzda o’ldirilgan edi. Xalq bu ishda Boris Godunovning qo’li borligiga ishonar va bo’layotgan ofatda uni ayblar edi.
1601 yilda soxta Dmitriy paydo bo’ldi. Uning chin ismi Grigoriy Otrepyev bo’lib, Chudov monastiridan qochib ketgan edi. Otrepyev Polshaga bordi va katoliklikni qabul qildi. Polsha hukumati soxta Dmitriyni qo’llab-quvvatladi. Qo'llab-quvvatlash evaziga Soxta Dmitriy taxtga o'tirgandan so'ng, Smolensk yerining yarmini va Chernigov-Seversk yerlari bilan birgalikda Polshaga berishga, Rossiyadagi katolik dinini qo'llab-quvvatlashga va'da berdi. 1604 yil 16 oktyabrda soxta Dmitriy polyaklar va kazak qo’shinlari bilan Moskvaga qarab yurdi. 1605 yilda Boris Godunov qo’qqisdan vafot etdi. Xalq yordamida Soxta Dmitriy Moskvaga tantanali ravishda kirib keldi. Boris Godunovning o’g’li va xotini o’ldirildi.
Soxta Dmitriyning Moskvadagi hukmronligi uzoqqa cho’zilmadi. Uning rus urf-odatlarini nazar-pisand qilmasligi, boshqaruv to’lig’icha chet elliklarga berilishi, ruslarning polyaklar tomonidan haqorat qilinishi xalqning joniga tegdi. Qolaversa, uning kimligi fosh etilgan edi. Unga qarshi tayyorlangan fitnaga Vasiliy Shuyskiy, Vasiliy Golisin singari rus boyarlari turdilar. 1606 yil 17 mayida soxta Dmitriy I davlat to’ntarishi natijasida o’ldirildi. 19 may kuni taxtga Vasiliy Shuyskiy chiqarildi. Biroq uning hukmronligi uzoqqa cho’zilmadi. 1607 yilda Soxta Dmitriy II paydo bo’ldi. Soxta Dmitriy II 20 minglik qo’shini bilan Moskva yaqiniga qadar keldi. Vasiliy Shuyskiy shvedlardan yordam so’rashga majbur bo’ldi. Buni eshitgan soxta Dmitriy II ni Kalugaga qochib ketdi va o’sha yerda o’ldirildi.
Mamlakatdagi notinch vaziyat, qo’zg’olonlar, Polsha va Shvetsiyaning rus yerlariga bostirib kirishi vaziyatni keskinlashtirdi. Janubdan tatarlar, shimoldan shvedlar, g’arbdan polyaklar xavf solib turishdi. Rossiyaning qolgan yerlari ustidan Angliya protektoratini o’rnatish rejasi ishlab chiqildi. Shunday og’ir bir paytda 1610 yil 27 iyulda boyarlar to’ntarish o’tkazib, Vasiliy Shuyskiyni taxtdan ag’darishadi. Hokimiyat 7 boyardan iborat guruh qo’liga o’tdi. Ular mamlakat qiziqishlariga sotqinlik qilib, Polsha qiroli Sigizmund III ning 15 yoshli o’g’li Vladislavni pravoslaviyaga o’tish sharti bilan chiqarmoqch bo’lishadi. Lekin Sigizmund III o’g’lini jo’natmay, o’zi Rus taxtiga o’tirmoqchi bo’ldi. Rossiyada chet el istilosiga qarshi keng ko’lamli kurash avj oldi. “Chin” podshoni saylash shiori ostidagi yurtsevarlik harakati Ryazan shahrida birinchi xalq qo’shinining shakllanishiga olib keldi (1611), bu mamlakatni ozod qilishni boshladi. 1612 yil oktabrda knyaz Dmitriy Pojarskiy va Kuzma Minin boshchiligidagi Ikkinchi xalq qo’shini (1611-1612) poytaxtni ozod qilib, Polsha garnizonini taslim bo'lishga majbur qildi.
1613 yil 6 yanvarda Moskvada Zemskiy sobori ish boshlandi. Unda xizmatkorlar va krepostnoylardan tashqari aholining barcha qatlamlari qatnashdi. Soborda rus podshosini saylash masalasi hal qilindi. Dmitriy Pojarskiyning taklifi patriarx Filaretning o'g'li 16 yoshli Mixail Fedorovich Romanovni taxtga munosib ko’rildi. Bu taklif Moskva zodagonlari va shahar aholisi tomonidan qo'llab-quvvatlandi. Natijada 1613 yil 21 fevralda Zemskiy sobori Mixail Fedorovich Romanovni podsholikka sayladi va bu yangi sulolaning boshlanishini belgiladi.
Xulosa qiladigan bo’lsak, Mixail Fedorovich Romanovning podsholikka saylanishi qiyinchiliklarga chek qo'ydi va Romanovlar sulolasining paydo bo'lishiga olib keldi.