16.Glоbаl muаmmоlаrning mоhiyati vа хillаri.
«Globallashuv» (lot. globus - shar, Yer sayyorasi) - XX asrning ikkinchi yarmi — XXI asr boshida jahon taraqqiyotida shakllangan yangi umumsayyoraviy hodisa bo‘lib, hozirgi davrdagi xalqaro tartibotlar, davlatlar va kishilar o‘rtasida o‘zaro aloqalarning kengayishi va murakkablashishi, dunyo miqyosida axborot makoni, kapital, tovar hamda ishchi kuchi bozoridagi integratsiyalashuv, atrof-muhitga texnogen ta’sirning kuchayishi, ommaviy madaniyat namunalarining keng tarqalishi, axborot-mafkuraviy va diniy-ekstremistik xurujlar xavfining ortib borishini ifoda etuvchi tushunchadir.
«Globallashuv» atamasi dastlab amerikalik olim T. Levittning 1983-yili «Garvard biznes revyu» jurnalida chop etilgan maqolasida tilga olingan edi (u yirik transmilliy korporatsiyalar ishlab chiqaradigan turli-tuman mahsulot bozorlarining birlashuv jarayonini globallashuv, deb atagan). 1985-yilda esa taniqli amerikalik olim R.Robertson «Globalization» iborasini ilmiy muomalaga
kiritib, bu tushunchani «odamlar ongida sayyoramizning torayishi hamda dunyoning yaxlit tarzda anglanishi»ni aks ettirib, «dunyoning birlashuvi va kishilar o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarning
kuchayishini» ifoda etadigan jarayon sifatida talqin etadi. Mazkur atamaning mazmun-mohiyati xususida bahs-munozara hamon davom etayotgan hamda bu borada yagona umumiy qarash shakllanmagan, yaxlit konsepsiya yaratilmagan bo‘lsa-da, gumanitar ilmning turli sohalarida, chunonchi, ijtimoiy fanlarda ushbu jarayonning o‘ziga xos xususiyatlari, namoyon bo‘lish shakllari har tomonlama o‘rganilmoqda. Jumladan, iqtisodiyot fanida diqqate’tibor asosan moliyaviy globallashuv, global transmilliy korporatsiyalarning (TMK) shakllanishi, iqtisodiyotning mintaqaviylashuvi, jahon miqyosida savdoning jadallashuvi kabi masalalarga qaratilgan.
Tarixiy asarlarda esa globallashuv jarayoni insoniyatning ko‘p asrlik taraqqiyot bosqichlaridan biri sifatida talqin etiladi. Siyosatshunoslikda transmilliylashuv jarayonining tezlashuvi, dunyo mamlakatlari o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikning kuchayishi, BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar ishtirokida yangi umumsayyoraviy tartibning shakllanishi tadqiq etilmoqda. Sotsiologiya sohasi mutaxassislari sivilizatsiya va madaniyatning universallashuvi ta’sirida turii mamlakat va mintaqa xalqlari turmush tarzining yaqinlashuvi hamda bir xillashuvini tasdiqlaydigan dalillarni izlamoqda. Ba’zi faylasuflar XXI asrda dunyoda yagona axloq, umumiy ma’naviyat, global madaniyat qaror topishini bashorat qilmoqdalar. Boshqalari esa, Kantning yaxlit abadiy dunyo hamda umumdunyoviy hukumat haqidagi g‘oyasiga tayanib, turli millat va xalqlar qadriyatlarining uyg‘unlashuvini asoslashga intilmoqda. Keyingi yillarda ilmiy adabiyotlarda turli fan yutuqlarini uyg‘unlashtirish asosida hamda insoniyatning birlashuvi, ijtimoiy voqelikning universallashuvi va kishilar dunyoqarashining kengayishi tendensiyalariga tayanib, globallashuv jarayonining umumiy nazariyasini yaratish borasida intilishlar ko‘zga tashlanmoqda.
Shu bilan birga, globallashuv jarayonining turli davlatlar va xalqlarning milliy davlatchiligi va o‘ziga xos qadriyatlariga, ma’naviy taraqqiyotiga salbiy ta’sirini ilmiy tadqiq etishga e’tibor kuchayib bormoqda. Bu esa, o‘z navbatida, globallashuv jarayonining ijobiy jihatlarini e’tiborga olgan holda, uning g‘oyaviymafkuraviy ta’siridan ogoh bo‘lish, aholi, ayniqsa, yoshlarimizni bunday xurujlardan asrab-avaylash muhim ahamiyat kasb etayotganini anglatadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |