Maqbara ko’rinishi. Ko‘p qabirg‘ali, bahaybat gumbazli silindr shaklidagi aylanalarini ko‘tarib turgan sakkizyoqli prizma bino me’moriy kompozitsiyaning asosini tashkil etadi. Maqbara devorlariga zangori, havo rang va oq sirli koshinlar qoplangan, bu koshinlar geometrik shaklda terilib, arabcha xat bitib, ustalik bilan ishlangan. Me’mor bir-biriga o‘xshagan shakllardan foydalanib, binolarning katta sathlarini mohirlik bilan bezagan. Maqbaraning tashqi tomonini bunyod qilganda gumbazga katta ahamiyat berilgan. Gumbaz ostki qismining aylanasi 15 metr, balandligi 12,5 metr bo‘lsada, og‘irligi sezilmaydi. Buning sababi shundaki, 64 qabirg‘adan iborat gumbazning vazni ajoyib ishlangan sharafa orqali mustahkam asos-aylanaga tushadi. Gumbazning rang-barang qilib ishlanishi katta ahamiyatga ega. Gumbazda havo rang ko‘proq ishlatilgani uchun bu rang gumbazning egri chiziqli qobirg‘alarida tovlanib turadi, quyoshda charaqlab, go‘yo osmonga qadalib turadi. Gumbazning usti sirli koshinlar bilan qoplangan. Sharafalarida ham shunday qoshinlardan hajmi bir-biriga mos qilib ishlangan chiroyli jimjimalar bor. Maqbaraning tashqi gumbazi yodgorlikning tashqi qiyofasi yanada salobatli bo‘lishi uchun ichki gumbaz ustiga o‘rnatilgan. Gumbazda jez, lojuvard, tillo suvlari ishlatilgan. Rivoyatlarga ko‘ra, buyuk Amir Temur doimo o‘zi kelib bevosita suyukli nevarasi Muhammad Sulton sharafiga qurilayotgan maqbaraning qurilish ishlarini nazorat qiladi va gumbazning qurilishi bo‘yicha o‘z takliflarini beradi.
Amir Temur maqbara majmuasi Amir Temurning suyukli nevarasi, taxt vorisi sifatida e’lon qilingan Muhammad Sulton tomonidan XIV asrning oxirida o‘z nomidan madrasa va xonaqoh qurdiradi. Tanlangan joy O‘rta asrda Samarqandning janubiy-sharqiy qismida qurilib, o‘zaro katta bir majmuani tashkil etgan. Maqbara qurilishi esa 1404-yilda Amir Temurning vorisi Muhammad Sultonning vafot etishi munosabati bilan boshlanib, Amir Temurning vafotidan so‘ng, Temuriylar xilxonasiga aylantiriladi hamda Mirzo Ulug‘bek davrida tugallanadi.
Dastlab maqbaraga mana bu janubiy eshikdan kirilgan. Ammo Amir Temurning piri Mir Sayyid Barakaning bosh qismidan kirishni Mirzo Ulug‘bek hurmatsizlik deb hisoblaganligi bois, uning farmoniga binoan sharqiy eshik 1425-yilda ochilgan. Ulug‘bek davrida maqbaraga kirish uchun qurilgan eshikning yoni va tepalari nafis bezatilgan. Ilgari eshik tepasida: «Bu shavkatli Amir Temurning qabri...» deb yozilgan koshinli lavha bo‘lgan (bu plita hozir Sankt-Peterburgdagi Davlat Ermitajida saqlanadi). Shuningdek, 1868-yilda maqbara devoridagi darvozasi o‘g‘irlangan. Vereshagin Temur saroyi darvozalarini aks ettirgan. Bu darvozalarning biri Londonda, biri Ermitajda saqlanmoqda. Marhamat endi esa Mirzo Ulug‘bek tomonidan ochilgan sharqiy eshik orqali ichkariga kirsak!
Do'stlaringiz bilan baham: |