«Marg‘ilon hunarmandlar maskani» nomli ekskursiya xizmatining
DASTURI
Davomiyligi: 3 soat
Yo‘lga sarf etiladigan vaqt: Farg‘onadan 10 km uzoqlikda
Ekskursiya maqsadi: o‘zbek milliy hunarmandchiligi namunalarini ko‘rsatish
Ekskursiya o‘tkazilishi rejalashtirilgan guruh: xorijdan tashrif buyurgan turistlar
Ekskursiyaning vazifasi: Farg‘ona vodiysidagi Marg‘ilon shahri, uning tarixi, mavjud hunarmandchiligi namunalari, rivojlanishi tarixi bilan yaqindan tanishtirish.
GIDNING INDIVIDUAL MATNI NAMUNASI
Marg‘ilon - O‘rta Osiyodagi madaniyati gullab-yashnagan eng qadimgi vohalardan biri hisoblanadi. Bu hududda azaldan ko‘plab xalq amaliy san’ati turlari rivoj topgan. Marg‘ilon yog‘och o‘ymakorligi, noyob gumbazlar ijodkorlari, naqqoshlar hamda atlas to‘qishning mashhur ustalari vatanidir. Bu jihatdan Marg‘ilon shahri vodiyda o‘ziga xos o‘ringa egadir. Uning xalqi o‘z mehnatsevarligi, ishbilarmonligi hamda mehmondo‘stligi bilan tarixiy taraqqiyotimizning har bir davrida chuqur iz qoldirib kelmoqda.
2007- yil YUNESKO qaroriga binoan shaharning 2000 yillik tantanalari o‘tkazildi.
Bugungi kunda mamlakatimizda milliy hunarmandchilikni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlari o‘zining amaliy samaralarini bermoqda. Davlatimiz rahbarining 2010 yil 30 martda qabul qilingan «Xalq badiiy hunarmandchiligi va amaliy san’atini rivojlantirishni yanada qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida»gi PF-4210-sonli Farmoni bu borada yangi imkoniyatlar eshigini ochdi.
1-ob’ekt. Marg’ilon atlas va adraslari
Hurmatli ekskursantlar! Siz Marg’ilon atlaslari bilan yaqindan tanishib olasizlar. Farg‘ona vodiysiga shoyi to‘qish qachon kelganligi noma’lum, lekin Buyuk ipak yo‘lida joylashgan Marg‘ilon aholisi qadimdan ipakchilik va atlas to‘qish bilan shug‘ullanib kelgan. Bu to‘g‘risida tarixchilar shunday deb yozib qoldirgan: «X asrda Marg‘ilonda to‘qilgan bir darparda uchun Buxoroning butun yer xirojini bersa arziydi». Marg‘ilonlik ipakchilar o‘z mahsulotlarini qadimdan dunyo bo‘ylab namoyish etganlar.
XIX asr oxirlarida Rossiyaning ko‘plab shaharlarida bo‘lib o‘tgan sanoat va qishloq xo‘jaligi ko‘rgazmalarida marg‘ilonlik nafis matolar ustasi Muhammad Siddiq Ahmedov kichik kumush medal bilan, ustalar esa bronza medallari bilan taqdirlanganlar.
Marg‘ilonning shoyi matolari Misr, Eron, Yunoniston va Qashg‘ar savdogarlari tomonidan ko‘plab xarid qilingan. Ipakdan tayyorlangan tayyor mahsulotning eng jozibali, eng maftunkor matosi bu - atlasdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |