5.4.ONDATRA MO‘YNALI HAYVONNINI PARVARISHLASH
Ondatra o‘zining tashqi ko‘rinishi bilan ko‘proq yirik kalamushlarga o‘xshab ketadi. Ondatraning asosiy vatani Shimoliy Amerika bo‘lib, u ko‘plab mamlakatlarga keng tarqalgan. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra u 1927-1928 yillarda va Markaziy Osiyoga 1935 yilda keltirilgan.
Ondatraning mo‘ynasi o‘siq va sarg‘ish-och jigar-rang, qora, qizil-sarg‘ish, to‘q malla rang, oyoqlari kalta va kuchli bo‘ladi. Barmoqlarining orasi kalta parda bilan birlashgan bo‘lib, suzishda katta vazifa bajaradi. Dumi uzun va ikki yon tomonidan toraygan holda uchraydi. Qulog‘i kalta va kichik ayrim hollarda u uncha sezilmaydi. Ondatralarning hayoti asosan sersuv, o‘simliklarga boy bo‘lgan ko‘lmak erlarda o‘tadi. Ular shunday erlarda urchib ko‘payadilar.
So‘nggi yillarda xususiy sektorda va ayrim fermer xo‘jaliklarida ondatralarning tanlash va saralash ishlarini qo‘llanishi sababli ularning vazni va mo‘ynasining sifati birmuncha ortdi va yaxshilandi. Vazni - 1,5-2 kg, ba’zan undan xam ko‘proq bo‘lib, tana uzunligi 30-35 sm atrofida uchraydi.
Asosiy ozig‘i - qamish va shu kabi suv o‘simliklari, ularning ildizlari, hamda suvdagi mollyuskalar, hasharotlar, chuvalchanglar va suvdagi mayda hayvonlar va ularning lichinkalari hisoblanadi. Ular suzgan vaqtda ko‘pincha boshi va elka qismini tashqariga chiqargan holda juda tez harakat qiladi.
Suv ostida 3-5 minut, ba’zan undan ham ko‘proq tura oladi. Bir suzishda 100 metrga to‘xtovsiz bora oladi. Ondatralar mo‘ynasi birmuncha zich va quyuq joylashgan. Shuning uchun ham suvda ularning mo‘ynasiga nam yuqmaydi. Mo‘ynasi kalta nihoyat zich joylashgan, tiviti ularning tanasini sovuqdan himoya qiladi.
Urchishi - birmuncha jadallikda yuz beradi. Ularning bug‘ozlik davri 25 kun davom etadi. Bir yo‘la 3- 8 ta bola tug‘adi. Ularning bolalashi: dastavval tashqi muhitga bog‘liq. Agar shimoliy zonalarda ular yiliga ikki marta bolalasa, respublikamiz sharoitida ular yiliga 5 martagacha bolalaydi.
Bolalari - 20-25 kun davomida onasining suti bilan oziqlanadi, so‘ng mustaqil holda turli xil oziqlarni iste’mol qiladi. Tabiiy sharoitda urg‘ochilari erta bahorda ko‘payadi. Bolalari tug‘ilgach bir oy mobaynida ular qaytadan kuyukadi. Shu tariqa yiliga 4-5 marta bolalab, 35-40 tagacha bola berishi aniqlangan. Bolalarining o‘sishi dastlab onasi sutining miqdoriga va parvarishiga bog‘liq bo‘ladi. Bolalari tug‘ilgandan so‘ng deyarli bir oy davomida faqat onasining yonida bo‘ladi. Yaxshi parvarish qilinmagan bolalari yoshligidayoq nobud bo‘lib ketadi. Tabiatda ondatralarning dushmani ko‘p. Jumladan, chiya bo‘ri, tulki, yovvoyi mushuk, va xatto yirik ilonlar ham ularning mayda bolalariga hamla qiladi.
Mo‘yna sifati - barcha mo‘ynabop xayvonlar ichida salmoqli o‘rin egallaydi. Shuning uchun ondatralarni imkoni boricha xo‘jalik sharoitida ko‘paytirish ishlari yuqori samaradorlikka olib keladi. Ondatralar asosan Amudaryo atrofidagi sersuv erlarda ko‘paytiriladi. Mo‘ynaning sifati asosan qish oylarida yuqori bo‘ladi. Boshqa vaqtlarda ular tullaydi va bu jarayon mo‘yna sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Ondatra so‘yilganda ularning dumi va oyoqlari tashlab yuboriladi, shilib olingan terisi maxsus ramalarga kiydirilgan holda quritiladi va ularga ishlov beriladi.
Go‘shti - Shimoliy Amerikada oziq sifatida iste’mol qilinadi. Oshxonalarda ulardan turli xil taomlar tayyorlanadi. Markaziy Osiyoda ondatra go‘shti ayrim go‘shtxo‘r hayvonlar norka, tulki va hokozolar uchun ishlatiladi.
Hozirgi vaqtda ondatralarning asosiy qismi Qoraqalpog‘istonda, ko‘proq Mo‘ynoq tumani xo‘jaliklarida va Amudaryo qirg‘oqlariga joylashgan xo‘jaliklarida ko‘paytirilmoqda.
Nazorat savollari:
1. Ondatralarning qanday hayvon ekanligi va hayoti to‘g‘risida tushuncha bering.
2. Ondatralarning urchishi va ko‘payishi to‘g‘risida so‘zlang.
3. Mo‘yna sifati to‘g‘risida nimalarni bilasiz?
4. Mo‘yna Go‘shti oziq sifatida iste’mol qilinadimi?
Do'stlaringiz bilan baham: |