2. Transmilliy korporatsiyalar faoliyatining asosiy xususiyatlari va rivojlanish bosqichlari. Transmilliy korporatsiya deganda xorijiy aktivlarga va xalqaro miqyosda iqtisodiyotning biror-bir sohasiga kuchli ta’sir koʻrsatish qobiliyatiga ega boʻlgan yirik ishlab chiqarish birlashmalari tushuniladi. Transmilliy korporatsiyalarning quyidagi asosiy xususiyatli belgilarini ajratib koʻrsatish mumkin:
–TMKlar jahon xoʻjaligi rivojlanishining, xalqaro mehnat taqsimoti jarayonining faol ishtirokchisi boʻlib, aynan ular globallashuvni harakatga keltiruvchi kuch hisoblanishadi;
–milliy chegaralarda sodir boʻlayotgan jarayonlardan birmuncha mustaqil holda kapitalni harakatlantirish imkoniyatining mavjudligi;
–dunyoning koʻpgina mamlakatlarida oʻzining operatsiyalarini amalga oshirgan holda jahon xoʻjaligi munosabatlarini tartibga solishda ishtirok etishi;
–TMKlar oʻz tarkibiy tuzilmasiga koʻra, ishlab chiqarish korxonalari, savdo yoki moliyaviy tashkilotlarning xalqaro majmuasi boʻlib, asosiy mamlakatdagiboshqaruv qarorlariga mos holda faoliyat yoʻnalishini muvofiqlashtirib boradi;
– aktsionerlik kapitalining mulkchilik huquqi faqat ta’sis etuvchi mamlakat vakolatiga tegishli boʻladi;
–xorijiy boʻlinma va shoʻ’ba korxonalar milliy ishtirok darajasiga koʻra aralash boʻlishi mumkin;
–TMK kapitalining harakati korporatsiya joylashgan mamlakatdagi sodir boʻlayotgan jarayonlardan erkin boʻladi;
–TMKlar asosiy masalalar boʻyicha yagona markazdan boshqariluvchi dunyoning koʻplab mamlakatlarida boʻlinmalar, shoʻ’ba kompaniyalarini joylashtirishga asoslangan xalqaro ishlab chiqarish tizimini shakllantirishadi;
TMKlar rivojlanishining uchta asosiy bosqichini ajartib koʻrsatish mumkin: Birinchi bosqich XX asrning boshlariga toʻg’ri kelib, bu bosqichda TMKlar tomonidan iqtisodiy jihatdan kam rivojlangan xorijiy mamlakatlarning xom-ashyo tarmoqlariga investitsiya mablag’lari yoʻnaltirildi, shuningdek ta’minot va sotuv boʻlinmalari tashkil etildi.
TMKlar oʻz faoliyati davomida xalqaro ishlab chiqarish bilan jahon savdosini oʻzaro birlashtirishga erishdilar. Ular oʻzlarining xorijiy boʻlinmalari va shoʻba korxonalari orqali dunyoning oʻnlab mamlakatlarida yagona ishlab chiqarish va moliya strategiyasi boʻyicha faoliyat yuritishadi.
TMKlar faoliyati rivojlanishini rag’batlantirishda davlat muhim rol oʻynaydi. Bunda hukumat xalqaro shartnomalar, iqtisodiy va savdo birlashmalari, turli xildagi davlatlararo kelishuvlarni tuzish asosida xorijiy investitsiyalarni jalb etish hamda ta’minot bozorlari bilan ta’minlash orqali oʻz TMKlari faoliyatini rag’batlantiradi.