9 - i l o v a
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasidan
XX bob. VAZIRLAR MAHKAMASI
98-modda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ijro etuvchi hokimiyatni amalga oshiradi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri, uning o‘rinbosarlari, vazirlar, davlat qo‘mitalarining raislaridan iborat. Qoraqalpog‘iston Respublikasi hukumatining boshlig‘i Vazirlar mahkamasi tarikibiga o‘z lavozimi bo‘yicha kiradi.
Vazirlar Mahkamasining tarkibi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan shakllantiriladi. O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari tomonidan ko‘rib chiqiladi va tasdiqlanadi. Vazirlar Mahkamasining a’zolari O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi.
Vazirlar Mahkamasi iqtisodiyotning, ijtimoiy va ma’naviy sohaning samarali faoliyatiga rahbarlikni, O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, Oliy Majlis qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari ijrosini ta’minlaydi.
Vazirlar Mahkamasi amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining butun hududidagi barcha organlar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy bo‘lgan qarorlar va farmoyishlar chiqaradi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Vazirlar Mahkamasi faoliyatini tashkil etadi va unga rahbarlik qiladi, uning samarali ishlashi uchun shaxsan javobgar bo‘ladi, Vazirlar Mahkamasining majlislariga raislik qiladi, uning qarorlarini imzolaydi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining topshirig‘iga binoan xalqaro munosabatlarda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi nomidan ish ko‘radi, O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlarida nazarda tutilgan boshqa vazifalarni bajaradi.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti ushbu Konstitutsiyaning 89-moddasi va 93-moddasiga asoslangan holda Vazirlar Mahkamasi majlislarida raislik qilishga, Vazirlar Mahkamasi vakolatiga kiruvchi masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilishga, shuningdek Vazirlar Mahkamasi qarorlari va farmoyishlarini, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri farmoyishlarini bekor qilishga haqli.
Vazirlar Mahkamasi o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi oldida javobgardir.
Vazirlar Mahkamasi yangi saylangan Oliy Majlis oldida o‘z vakolatlarini zimmasidan soqit qiladi.
Vazirlar Mahkamasining faoliyatini tashkil etish tartibi va vakolat doirasi qonun bilan belgilanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |