12 - i l o v a
«OMMAVIY AXBOROT VOSITALARI TO‘G‘RISIDA»GI QONUNDAN
1-modda. Ommaviy axborot vositalari.
Gazetalar, jurnallar, axborotnomalar, byullitenlar, axborot agentliklari, televideniye (kabelli, efir-kabelli televideniye) va radioeshittirishlar, hujjatli kino, elektron axborot tizimi, shuningdek doimiy nomga ega bo‘lgan, davlat tasarrufidagi, mustaqil va boshqa ommaviy davriy nashrlar ommaviy axborot vositalaridir.
Ommaviy axborot vositalari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ilovalar nashr etishi mumkin.
2-modda. Ommaviy axborot vositalari erkinligi.
O‘zbekiston Respublikasida ommaviy axborot vositalari erkin bo‘lib, ular O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, ushbu Qonunga va boshqa qonun hujjatlariga muvofiq faoliyat ko‘rsatadi.
Ommaviy axborot vositalari axborotni izlash, olish va tarqatish huquqidan foydalanadilar hamda o‘zlari e’lon qilayotgan axborotning to‘g‘riligi va haqqoniyligi uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar bo‘ladilar.
3-modda. So‘z erkinligi.
Har kim ommaviy axborot vositalarida chiqish, o‘z fikri va e’tiqodini oshkora bayon etish huquqiga egadir.
4-modda. Senzuraga yo‘l qo‘yilmasligi.
O‘zbekiston Respublikasida ommaviy axborot vositalarini senzura qilishga yo‘l qo‘yilmaydi. E’lon qilinayotgan xabarlar yoki materiallar oldindan kelishib olinishini, shuningdek ularning matni o‘zgartirilishini yoki butunlay nashrdan olib qolinishini (efirga berilmasligini) talab qilishga hech kimning haqqi yo‘q.
6-modda. Ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda suiiste’mollarga yo‘l qo‘yilmasligi.
Ommaviy axborot vositalaridan O‘zbekiston Respublikasining mavjud konstitutsiyaviy tuzumini, hududiy yaxlitligini zo‘rlik bilan o‘zgartirishga da’vat qilish, urush va zo‘ravonlikni, shafqatsizlikni, milliy, irqiy va diniy adovatni targ‘ib etish, davlat sirini yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan o‘zga sirni oshkor etish, jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladigan boshqa xatti-harakatlarni sodir qilish maqsadida foydalanilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Ommaviy axborot vositalari orqali fuqarolarning sha’ni va qadr-qimmatini tahqirlash, ularning shaxsiy hayotiga aralashish taqiqlanadi.
Prokuror, tergovchi yoki surishtiruvchining yozma ruxsatisiz dastlabki tergov materiallarini e’lon qilish, muayyan ish bo‘yicha sud qarori chiqmasdan turib yoki sudning hal qiluv qarori yoxud hukmi qonuniy kuchga kirmay turib, uning natijalarini taxmin qilish yoki sudga o‘zgacha yo‘l bilan ta’sir ko‘rsatish, nomini ko‘rsatmaslik sharti bilan ma’lumot bergan shaxsning nomini oshkor qilish (sud oshkor etishni talab qiladigan hollar bundan mustasno) taqiqlanadi.
10-modda. Axborot manbaini oshkor etmaslik.
Ommaviy axborot vositasi xabar, ma’lumot, fakt yoki dalillar taqdim etgan manbaning yoki taxallusining qo‘ygan muallifning nomini ularning yozma roziligisiz oshkor etishga haqli emas.
Ommaviy axborot vositasi axborot manbaining yoki taxallusining qo‘ygan muallifning iltimosiga binoan sudda uning nomidan ishtirok etishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |