1 - i l o v a
O‘ZBEKISTONNING MUSTAQILLIK DEKLARATSIYASI
O‘zbekiston SSR Oliy Kengashining ikkinchi
sessiyasida 1990-yil 20-iyunda qabul qilingan
2 - i l o v a
O‘zbekiston Respublikasining Qonuni
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING DAVLAT MUSTAQILLIGI
ASOSLARI TO‘G‘RISIDA
O‘zbekiston SSRning Mustaqillik deklaratsiyasiga va O‘zbekiston Respublikasining Davlat mustaqilligi to‘g‘risidagi Bayonotiga asoslanib, O‘zbekiston Respublikasining Oliy Kengashi ushbu Qonunni qabul qiladi.
1-modda. O‘zbekiston Respublikasi o‘z tarkibidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bilan birga, mustaqil, demokratik davlatdir.
2-modda. O‘zbekiston Respublikasining xalqi suverendir va u respublikada davlat hokimiyatining birdan-bir sohibidir. U o‘z hokimiyatini ham bevosita, ham vakillik idoralari tizimi orqali amalga oshiradi.
3-modda. O‘zbekiston Respublikasi to‘la davlat hokimiyatiga ega, o‘zining milliy davlat va ma’muriy-hududiy tuzilishini, hokimiyat va boshqaruv idoralari tizimini mustaqil belgilaydi.
4-modda. O‘zbekiston Respublikasining davlat chegarasi va hududi daxlsiz va bo‘linmas bo‘lib, uning xalqi o‘z xohish-irodasini erkin bildirmasdan turib o‘zgartirilishi mumkin emas.
5-modda. O‘zbekiston Respublikasida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida va uning qonunlari ustundir. O‘zbekiston Respublikasi Davlat idoralarining tizimi hokimiyati qonun chiqaruvchi, ijroiya va sud hokimiyatiga ajratish tartibi asosida quriladi.
6-modda. O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa ishlari vazirligini tuzish, milliy gvardiya va noharbiy (muqobil) xizmat tashkil etish huquqiga ega.
Suveren O‘zbekiston Respublika hududida SSSR Qurolli Kuchlarini shakllantirish va ularga rahbarlik qilish masalalarida harbiy siyosatni amalga oshirish huquqini o‘zida saqlab qoladi.
7-modda. O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining moddiy asosi uning mulkidir.
Respublika hududidagi yer, yer osti boyliklari, suv va o‘rmonlar, o‘simlik va hayvonot dunyosi, tabiiy va boshqa resurslar, respublikaning ma’naviy boyliklari O‘zbekiston Respublikasining milliy boyligi, mulki hisoblanadi.
8-modda. Davlat mulki obyektlari, shuningdek, davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlarning, shu jumladan Ittifoq qaramog‘ida bo‘lib kelgan korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning mol-mulki, ularning asosiy ishlab chiqarish, noishlab chiqarish va oborot yoki boshqa fondlari hamda o‘zga mol-mulki, ichki kommunikatsiya, transport, aloqa va energetika tizimlari, respublika kartografiyasi va geodeziyasi O‘zbekiston Respublikasining mulkidir.
9-modda. O‘zbekiston Respublikasining mulkini davlat tasarrufidan chiqarish va hususiylashtirsh respublika qonunlariga muvofiq amalga oshiriladi.Respublika hududida joylashgan, ittifoq qaramog‘ida bo‘lib kelgan davlat korxonalarini aksiyali jamiyatlarga aylantirish, ularni mulkning boshqa shakllariga o‘tkazish faqat O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida ko‘zda tutilgan shartlar asosida va tartibda amalga oshiriladi.
10-modda. O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida oltin, boshqa qimmatbaho metallar va toshlarni qazib chiqarish, qayta ishlash va saqlashni mustaqil amalga oshiradi hamda nazorat qiladi, o‘z oltin zaxirasini yaratadi.
O‘zbekiston Respublikasi SSSRning oltin zaxirasida, olmos va valyuta jamg‘armalarida o‘z ulushiga ega.
11-modda. O‘zbekiston Respublikasi o‘z pul birligi — milliy valyutasini joriy etishga, jami pul oboroti, pul va boshqa davlat qimmatli qog‘ozlari emissiyasi hajmlarini mustaqil belgilashga haqli.
12-modda. O‘zbekiston Respublikasi mustaqil moliya va kredit siyosatini amalga oshiradi. Respublika hududida olinadigan soliqlar va yig‘imlar O‘zbekiston Respublikasining davlat byudjetiga va mahalliy byudjetlarga tushadi.
13-modda. O‘zbekiston Respublikasi chet davlatlar bilan diplomatik, konsullik, savdo aloqalari va boshqa aloqalar o‘rnatadi, ular muxtor vakillar ayirboshlaydi, xalqaro shartnomalar tuzadi, xalqaro tashkilotlarning a’zosi bo‘lishi mumkin.
14-modda. O‘zbekiston Respublikasi halqaro iqtisodiy munosabatlarning mustaqil subyekti bo‘lib, chet el investitsiyalarini amalga oshirish shartlarini, investorlarning huquqlarini belgilaydi, o‘zining konversiya qilinadigan valyuta jamg‘armasini yaratadi, oltin va boshqa zaxiralarni, ayirboshlanadigan valyutani sotadi va sotib oladi.
15-modda. O‘zbekiston Respublikasi hududida inson huquqlari umumiy deklaratsiyasiga muvofiq holda O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi joriy etiladi.
O‘zbekiston Respublikasining barcha fuqarolari millatidan, elatidan, ijtimoiy chiqishidan, qaysi dinga mansubligidan va e’tiqodidan qat‘iy nazar bir xil fuqarolik huquqlariga egadirlar, respublika konstitutsiyasi hamda uning qonunlari himoyasida bo‘ladilar.
O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari respublikadan tashqarida ham O‘zbekiston Respublikasining himoyasida bo‘ladilar.
16-modda. O‘zbekiston Respublikasi o‘z taraqqiyot yo‘lini, o‘z nomini aniqlaydi, o‘z davlat ramzlarini: gerbi, bayrog‘i, madhiyasini ta’sis etadi, o‘z davlat tilini belgilaydi.
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining ramzlari muqaddasdir va ularni har qanday tahqirlash qonun bilan jazolanadi.
17-modda. O‘zbekiston Respublikasi o‘z tarkibidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasining hududiy butunligini va mustaqilligini e’tirof etadi. O‘zbekiston Respublikasi bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar teng huquqlilik asosida, ular o‘rtasidagi ikki tomonlama shartnomalar va bitimlar vositasida quriladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘zbekiston Respublikasi tarkibidan tegishli qonunlar asosida erkin chiqish huquqini saqlab qoladi.
O‘zbekiston Respublikasining
Prezidenti I.KARIMOV
Toshkent shahri,
1991-yil 31-avgust
Do'stlaringiz bilan baham: |