Sh. Mansurov, «Ming bir xazina»
BILIB OLING
Hunarda xalqning boy tarixi, barhayot hikmati va albatta orzu-umidlari yashiringan bo‘ladi. Shu bois, har kasbning jonkuyari va ustasi o‘zining mashaqqatli mehnati, tinimsiz izlanishlari samarasi hisoblangan yangi ixtirolari, noyob ijod namunalarining sir-u asrori — favquloddagi ahamiyatini boshqalarga anglatib boradi.
Shu jihatdan, insoniyatning yozma manbalarda aks etmagan ko‘plab hayotiy bilim va tajribalari ma’naviy meros tarzida ajdodlardan avlodlarga o‘tib keladi. Kishilar ongi, ichki dunyosi, tafakkur tarzi, his-tuyg‘ulariga ta’sir etib, ularni boyitish, rivojlantirish, yangi g‘oyaviy yo‘nalishlarga boshqarish ma’naviy merosning asl mohiyatini ifodalaydi.
Ezgu odatimizga aylanib ketgan mehr-oqibat tushunchasini olaylik. Uning juda teran tarixiy, milliy, diniy ildizlari borligini ko‘rishimiz mumkin. Bu, avvalo, insonning inson bilan, qo‘shnining qo‘shni bilan, qarindoshning qarindosh, oilaning oila bilan, eng muhimi, shaxsning jamiyat bilan uyg‘un bo‘lib yashashini, yetim-yesir, beva-bechora va nogironlarga, musofi rlarga saxovat ko‘rsa tish, sidqidildan, beg‘araz yordam berishni anglatadi va bunday xususiyat xalqimizning ma’naviy olamiga singib ketganini hech kim inkor eta olmaydi.
Moddiy va ma’naviy boyliklarni asrab-avaylash — ezgu fazilat. Mustaqilligimizning dastlabki kunlaridanoq ajdodlarimiz tomonidan ko‘p asrlar mobaynida yaratib kelingan g‘oyat ulkan, bebaho ma’naviy va madaniy merosni tiklash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani muhim ahamiyat kasb etdi.
O‘zbekistonni yangilash va rivojlantirish yo‘li ma’naviy meros nuqtai nazaridan qaraganda to‘rtta asosiy negizga asoslanadi. Ular:
umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlik;
xalqimiz ma’naviy merosini qayta tiklash, mustahkamlash va rivojlantirish;
insonning o‘z imkoniyatlarini erkin namoyon qilishi;
yuksak vatanparvarlik.
Bu qadimiy va tabarruk tuproqdan buyuk allomalar, fozil-u fuzalolar, olim-u ulamolar, siyosatchilar, sohibqiron-u sarkardalar yetishib chiqqan. Diniy va dunyoviy ilmlarning asoslari mana shu zaminda yaratilgan, sayqal topgan. Milodgacha va undan keyin qurilgan murakkab suv inshootlari, shu kungacha
ko‘rk-u fayzini, mahobatini yo‘qotmagan osori atiqalarimiz qadim-qadimdan yurtimizdagi dehqonchilik, hunarmandchilik madaniyati, me’morchilik va shaharsozlik san’ati yuksak bo‘lganidan dalolat beradi.
Tarixda turli beshafqat sinovlardan omon qolgan, eng qadimiy toshyozuvlar, bitiklardan tortib, bugun kutubxonalarimiz xazinasida saqlanayotgan qo‘lyozmalar, ularda mujassamlashgan tarix, adabiyot, san’at, siyosat, axloq, falsafa, tibbiyot, matematika, fizika, kimyo, astronomiya, me’morchilikka oid o‘n minglab asarlar bizning beqiyos ma’naviy boyligimiz, iftixorimizdir.
Vatanimizning ma’naviy meroslari bor ekan, jamiyat ko‘rkamlashadi, insonlarning ma’naviy olami boyiydi hamda farzandlar barkamol shaxs bo‘lib yetishadilar.
Dars sabog‘i. Har bir mamlakat, millat nafaqat bugungi, balki ertangi kunini milliy-ma’naviy merosisiz tasavvur qila olmaydi. Moddiy-ma’naviy boyliklar inson va jamiyat farovonligi, barqarorligi kafolati hisoblanadi. Siz bilan biz bulardan unumli foydalanishimiz va ularni ko‘paytirishimiz lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |