Guruh bo’lib ishlash
Bu faoliyatni tashkil qilish shakli o’quvchilarning nutqiy munosabatini faollashtiradi. Sinf 2 yoki 3 guruhga bo’linadi. Bo’linish o’quvchilarning ixtiyoriga yoki o’qituvchi ko’rsatmasiga binoan amalga oshadi.
Guruhlar tayyorlanishi kerak bo’lgan buyum mazmunidan kelib chiqib tuziladi. Bunda guruhlar nutqiy rivojlanishi bir-biriga yaqin yoki turlicha bo’lgan bolalardan tuzilishi mumkin.
Agar guruh nutqi rivojlangan bolalardan tuzilgan bo’lsa, bolalar topshiriqlarni o’zlari mustaqil ravishda bajaradilar. Aksincha bo’lsa, o’qituvchi kerakli joyda o’quvchilarga yordam beradi.
Guruhlarga boshlovchilar tayinlanadi. Dastlab o’qituvchi o’zi boshlovchi sifatida biron bir guruh (bo’sh o’quvchilar)da ishtirok etadi. Boshqa boshlovchilar esa o’qituvchi harakati, nutqiga taqlid qilib, o’z guruhlarini boshqaradilar. O’quvchilarning nutqiy muloqotiga erishish shartdir. O’qituvchi nutqiy materialni darsgacha tayyorlab qo’yadi. Ish davomida tegishli vaziyatga nutqiy materialni olib kiradi. Ushbu nutqiy materialning qabul qilinishini engillashtirish uchun u kartochkalarga yozib qo’yiladi, tarqatiladi. O’quvchi agar faoliyat davomida imo-ishora yoki daktil nutqdan foydalansa, zinhor taqiqlamaslik lozim. Aksincha, ayni vaziyatda imo-ishora yoki daktillab aytilgan so’zni og’zaki ayttirish talab qilinadi. Shunda so’zning ma’nosi 3 ko’rinishdagi nutqiy vositalarda uyg’unlashadi. Shu o’rinda yana shuni ta’kidlaymizki, nutqiy rivojlanish o’quvchilarda turlichadir. Demak, bolaning nutqi qanchalik rivojlansa, tushuntirish imkoniyati shunchalik keng bo’ladi. Aksincha bo’lsa, o’rtog’iga tushuntirish imkoniyati cheklangan bo’lib, faoliyat amalga oshmay qoladi. Shu paytda o’quvchi tushuntirishning boshqa yo’llari (daktil, imo-ishora)ga murojaat qiladi. Shu jarayonni agar ta’qiqlasak, unda axborotni uzatuvchi o’quvchi ham, qabul qiluvchi o’quvchi ham so’zning, harakatning ma’nosini tushunish maydonidan chetda qoladi. Bu esa nutqiy amaliyotning cheklanishidir. Shuning uchun o’qituvchining vazifasi so’z harakat, imo-ishora yoki daktillab aytilganda parallel ravishda og’zaki aytilishini talab qilish, nazorat qilish, zarur paytda yordam berishdir.
Ushbu faoliyatni tashkil qilish shaklida ish mazmuni kichik o’qituvchidagi kabidir. Faqat bunda faoliyatni kichik o’qituvchi emas boshlovchi boshqaradi, buning uchun quyidagi ish turlarini tavsiya qilamiz.
1. Qo’shni guruh topshirig’ini bajarish (3-sinfdan boshlanadi).
Bu ish turida bir guruh a’zolari boshqa guruh ishini tashkil qiladi.
Masalan, ikkala guruh «Maktab hovlisi» maketining eskizini chizadi. Biroq ular o’z eskizlari bo’yicha emas, balki boshqa guruh chizgan eskiz bo’yicha faoliyatni amalga oshiradilar. Bunda guruhlar faoliyatlarini o’zaro nazorat qiladilar. Masalan:
Guruh A- ish uchun nima kerak?
Guruh V- ish uchun ..., ..., ... kerak.
Guruh A-sizlarga ish uchun ..., ..., ... kerak bo’ldi.
Guruh V- avval daraxtlarni yasang.
Bitta 2 qavatli, bitta 1 qavatli bino yasang.
Guruh A- har bir qavatda nechta oyna bo’lsin?
Guruh V- har bir qavatda 4 tadan oyna bo’lsin.
Guruh A- daraxtlarni qaerga o’rnataylik?
Guruh V- Eskizga qarang.
Guruh a’zolarining topshirig’ini bajarish (2-sinfdan boshlanadi).
Har bir guruh o’qituvchidan topshiriqlarni oladi. Masalan, 2 qavatli uy qurish. Topshiriqni boshlovchi bajaradi, boshqa o’quvchilar (guruh a’zolari) unga nutqiy instruktsiyalar beradi.
O’qituvchi ish tugashi bilan boshlovchi ishini baholaydi.
Bu usulni yana ham murakkablashtirish mumkin. Masalan, boshlovchi harakatlarni shirma ortida bajaradi. Guruh a’zolari esa harakatlar ketma-ketligini xotirasida tiklab, instruktsiya beradi. Bu ularni izlanishga, fikrlashga undaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |