11 Mavzu: Mehnat va predmetli amaliy ta’lim texnologiyasi darslarida ish qurollari bilan ishlash usullari
Reja:
Predmet amaliy ta’lim darsi tuzilishi buyumni tayyorlash bo’yicha ishning bosqichlari
Predmet amaliy ta’lim darslarida ishni tashkil qilish shakllari va ish turlari
Predmet amaliy ta’lim darsi tuzilishi buyumni tayyorlash bo’yicha ishning quyidagi bosqichlari asosida aniqlanadi:
-ishga tayyorgarlik;
-buyumni tayyorlash (ishni bajarish);
-natijalarni tahlil qilish.
Ishga tayyorgarlik o’zida quyidagilarni mujassam etadi:
-mavzuni e’lon qilish;
-buyumni tahlil (nima, nimadan yasalgan, qismlari, rangi, hajmi .....) qilish;
-ish rejasini tuzish.
-ish uchun kerakli narsalarni «Talabnoma» sifatida tuzish (og’zaki, yozma);
-ish qurollarini tanlash va tarqatish.
Mavzuni e’lon qilish va buyumni tahlil qilish yuzasidan yuqorida tavsiyalar keltirildi.
Ish reja tuzish asosan 1-sinf oxirlarida amalga oshiriladi. Shuningdek, talabnoma yozish ham shu davrdan boshlanadi.
O’qituvchi ish reja tuzish va talabnoma yozdirishni maqsad qilib belgilasa, unda ushbu dars asosini shu jarayonlar tashkil qiladi.
Talabnoma tuzilgandan so’ng kerakli qurollar va materiallar tarqatiladi.
Shu bosqichda o’qituvchi muammoli vaziyatlar yaratishi lozim, ya’ni ish qurollarining kimgadir etmasligi, kimdadir qurolning boshqachaligi kabilarni eslatish o’quvchilarda norozilik yoki murojaat qilishga ehtiyoj tug’diradi. Masalan:
O’kuvchi: - Opa, menda qalam yo’q.
O’qituvchi: - Qara, kimda ortiqcha.
O’quvchi: - Dilshodda 2 ta qalam bor.
O’qituvchi: - So’ra.
O’quvchi: - Mana, ol, marhamat.
O’quvchi: - Rahmat.
Ish qurollarini tarqatish bo’yicha quyidagi ish usullari:
1. O’qituvchining topshirig’iga ko’ra materiallar tarqatish (tayyorlov sinf).
O’qituvchi navbatchi yoki «Kichik o’qituvchi»ga topshiriq beradi. Masalan: - Tayyorlov sinflari uchun plastilinni ol, taxtachalarni tarqat. Ahmadga plastilin ber. Likopchalarni tarqat va suv quy...
Ikkinchi sinf uchun - Samandar, 4 ta qora qalam ol - tarqat, qizil qalamni 2 ta kam ol - tarqat...
Topshiriqlar yil sayin murakkablashadi va o’zida boshqa o’quv-predmetlar mazmunini mujassam etadi.
O’quvchilarga topshiriqlar nafaqat og’zaki, balki yozma tarzda ham berilishi zarur.
O’quvchilar topshiriqni o’qib, bajarganligi haqida yozma hisobot tuzishga ham o’rgatiladi. Masalan, 2-sinf uchun:
Men plastilinni ......ga berdim.
Men qalamlarni tarqatdim.
Men rasm chizdim.
Men olma rasmini chizdim.
Men bo’ldim. Olmani bo’yadim.
O’rtog’ining topshirig’ini bajarish. (tayyorlov, I.II.III.IV-V sinflar). Sinfda navbatchi yoki «kichik o’qituvchi» belgilanadi. Bunda o’quvchilar topshiriq tuzishga o’rgangan bo’lishi kerak. Ular mustaqil ravishda tarkibi va mazmuni har xil bo’lgan nutqiy murojaatlar tuzadilar. Ular uchun tayanch so’zlar, tugallanmagan topshiriqlar namunasi polotnoda turadi.
Bu ish quyidagicha kechadi. Guruh a’zosi boshlovchiga talabnoma aytadi yoki yozadi va ishni bajarganligi yuzasidan hisobot beradi.
3. Ish qurollari va materiallarni mustaqil tanlash (tayyorlov sinfidan boshlanadi).
O’quvchilar talabnomani tuzganlaridan so’ng o’qituvchi stoliga kelib kerakli narsalarni olishni talab qiladi. Bu jarayon qat’iy nutqiy asosda bo’ladi. Masalan:
Nodir, kel. Senga nima kerak?
Menga ..., ..., .., ... kerak.
Yana o’yla-chi ? Nima kerak?
Menga yana ... kerak.
Sen nima olding ?
Men ... ni oldim.
U senga nimaga kerak?
Men qalam bilan chizaman.
Mumkinmi, o’tirsam.
Bu ish o’quvchilar yozgan talabnoma asosida kechganda, ular talabnomani to’liq tuzishga harakat qiladilar. Agar bola talabnomada biron bir ish qurolini yozmagan bo’lsa, ish davomida muammoli vaziyatga duch keladi va o’qituvchiga yoki boshlovchiga murojaat qilishga majbur bo’ladi. Keyingi darslarda bu xatoni qilmaslikka harakat qiladi.
Predmet amaliy ta’lim darsi buyum ustida ish bosqichlariga ega bo’ladi. O’quvchilar har xil buyumlarni yasash davomida atrofdagi borliq, uning ichki tuzilishi bilan tanishadilar. Bu bilan ular turli bilim, ko’nikma, malakalarni egallaydi.
Masalan: Topshiriq. Ikkinchi qavatda 4 tadan oyna bo’lsin. Uyning ayvoni bo’lsin.
Bunda o’quvchilarga quyidagi nutqiy material beriladi: devor, oyna, eshik, tom, yuqorida, pastda, orqada va boshqalar.....
Buyumni tayyorlash bosqichida qo’l mehnati malaka va ko’nikmalari ustida ish olib boriladi. Bunda o’qituvchining namoyishi (tayyorlash bo’yicha) alohida o’ringa ega. O’quvchilar o’qituvchining har bir harakatini aniq ko’rishi zarur va shu o’rinda o’qituvchi harakatlari qismli, aniq, tushunarli bo’lishi shart. Ayrim hollarda namoyish takrorlashni taqozo qiladi. Ammo hech qachon o’qituvchi o’quvchi uchun uning o’rniga bajarmasligi kerak.
Buyum qanchalik noto’g’ri bajarilmasin, o’quvchining o’zi xatoni tuzatishi lozim.
Ish jarayonida bolalar nutqini rivojlantirish quyidagicha:
-yasash davomida jarayon parallel ravishda og’zaki aytib boriladi, bunda nutqiy instruktsiya harakatdan kech qolib yoki ilgarilab ketmasligi kerak.
-Har bir foydalanilayotgan qurol nomi aniq aytiladi, vazifasi etkaziladi;
-qaychi. qaychi bilan qirqamiz.
-Qog’ozni qirqamiz.
-Elim. Yopishtiramiz.
- Elim bilan qog’ozni yopishtiramiz.
Shu paytda o’qituvchi alohida o’quvchilarning ismlarini aytib (bunda shu o’quvchiga qaramasdan harakatni davom ettiraveradi):
-Umida, men nima qildim.
-Otabek, endi nima qilaman.
-Menga endi nima kerak bo’ladi, kabi nutqiy murojaatlar bilan instruktsiyalarni bajartirishi mumkin. Bu o’quvchilarning nutqni og’zaki eshitib qabul qilish, labdan o’qish malakalarini shakllantiradi.
Predmet amaliy ta’lim darsida o’quvchilar nafaqat axborot berishga, balki axborotni qabul qilishga ham o’rgatiladi.
O’quvchilarda qo’l mehnati malakalarini shakllantirish, o’qituvchining o’zi bu malakalarga qanchalik egaligiga bog’liq.
Darsning oxirgi bosqichi-natijalarni tahlil qilish, ish yuzasidan hisobot tuzish, bajargan faoliyati haqida axborot berish, tayyorlangan buyumni tekshirish, baholash kabilarni o’z ichiga oladi.
Ish yuzasidan hisobot talab qilish har doim ham dars bosqichiga kirmaydi. Chunki, har bir faoliyat bajarib bo’lingandan so’ng o’quvchi hisobot beradi. Umumiy hisobotga ehtiyoj sezilmaydi.
Agar bir mavzu bir nechta darsda amalga oshirilsa, o’quvchilarning hisoboti oxirgi darsda talab qilinadi. Tayyorlangan buyumni tekshirish ham oxirgi darsda amalga oshiriladi. Bunda o’quvchilar buyum sifatiga qarab emas, balki unga sarflangan vaqtga, ishni mustaqil bajarganligiga, o’rtog’i yoki o’qituvchi yordamida bajarganligiga qarab baholanadi.
O’quvchilarning bajargan ishlarini o’zaro baholashlarini tashkil qilish maqsadga muvofiqdir. Bu o’quvchilarni o’z ishi yoki o’rtog’ining ishiga tanqidiy yondoshishga, kamchilikni ko’ra bilishga, xatoni tuzatish yo’llarini izlab topishga o’rgatadi.
Ushbu jarayonni amalga oshirish uchun quyidagi usullar:
-o’quvchilar navbatma-navbat o’z buyumlarini namoyish qiladilar, qolgan o’quvchilar o’z fikrlarini bildiradilar (1-sinfdan boshlab);
-o’qituvchining stoliga o’quvchilarning yasagan buyumlari qo’yiladi, ichidan eng yaxshisi tanlanadi;
-o’quvchilar buyumlarni almashtirib, solishtiradilar, kamchiligini topadilar, fikr bildiradilar. (1-sinfdan boshlab);
-o’quvchilardan biri o’rtog’ining ishini baholashi mumkin;
-boshqa sinf o’quvchisi (katta sinf) yoki o’qituvchi tegishli tahlilni amalga oshirishi mumkin.
O’qituvchining baholash usullarini doim almashtirib turishi o’quvchilarda qiziqish uyg’otadi. O’quv yilining boshlarida baholash «yaxshi», «yomon» tarzida bo’lishi mumkin. Keyinchalik esa predmet amaliy ta’lim darslarida tayyorlangan (rangli) shakllarni «a’lo», «yaxshi», «yomonga» ajratib baholash mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |