Toponimikani atamasi lotin tilidan olingan bo‘lib, “topos” – joy, “onom” – nom, umuman joy nomini o‘rganadigan fan degan ma’noni bildiradi. Geografik nomlar va insonlarga qo‘yiladigan ismlar toponimikaning manbaii hisoblanadi.
Toponimika ikki obyektdan: mikro va makro toponimlardan iborat bo‘lib, mikrotoponimika – grammatik jihatdan mayda ob’ektlarni – turdosh otlarni, makrotoponimika esa atoqli otlar, ya’ni yirik ob’ektlarning nomlarini tadqiq qiladi.
Hozirgi vaqtda toponimika faqat katta va yirik ob’ektlarning: tog‘lar, o‘rmonlar, vodiylar, vohalar, shaharlarning nomlarinigina emas, balki kichik ob’ektlarning — mahallalar, daralar; jarliklar, anhorlar, daryo irmoqlari, ariqlar va ko‘llarning nomlarini o‘rganishga qaratiladi. Geografiyaga oid atamalar turdosh otlar toponimika tarkibiga to‘lig‘icha kirmaydi, ammo ular toponimikani o‘rganishda katta ahamiyatga egadir. Toponimikaning tilshunoslik, tarix geografiya, arxeologiya va boshqa fanlarga aloqadorligi uning muhim xususiyatlaridandir. Toponimikaga oid ma’lumotlar tadqiq qilinayotganda tarixiy ma’lumotlarga, ayniqsa arxeologiyaga oid tekshirish natijalariga suyangan holda ish ko‘rish zarur.
Geografik nomlar – yer suv nomlari, ya’ni toponimlarni, ularning ma’no va mazmuni, kelib chiqishi va tarixini o‘rganishga tobora ko‘p ahamiyat berilmoqda. Jamiyat tarixida bo‘lib o‘tgan xilma-xil voqea va hodisalar joy nomlarida muhrlanib qolgan. Ko‘pgina geografik nomlar joylarning tabiiy sharoiti (relefi, o‘simlik va hayvonot dunyolari),aholining xo‘jalik faoliyati (mashg‘uloti)dan axborot beradi. Hozirgi jamiyatni, zamonaviy sivilizatsiyani, xalqlar va mamlakatlar o‘rtasidagi har qanday aloqalarni geografik nomlarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi
Toponomiya bir necha turga bo‘linadi: gidronimiya, ya’ni daryolar, ko‘llar, dengizlar nomlari: oronimiya, ya’ni er yuzasidagi relef shakllari-tog‘lar, cho‘qqilar, qirlar, vodiylar, teksliklar nomlari: oykonomiya (yunoncha oykos– «uy»), polinimiya (yunoncha polis- «shahar») yoki urbonimiya (lotincha urbos – «shahar»); mikrotoponimiya, kichik inshootlar nomlari; etnotoponimlar- turli xalq, urug‘-aymoq nomlari bilan atalgan toponimlar; antrotoponimlar-kishi ismlari bilan yuritiladigan toponimlar va h.k.
Geografik nomlar, ya’ni toponimlar til lug‘at tarkibining bir qismi bo‘lib, til qonuniyatlariga bo‘ysunadi; so‘zni esa lingvistika fani o‘rganadi. Demak toponimika atoqli otlarni o‘rganadigan onamastika fanining bir qismi bo‘lib, tilshunoslik fanlari qatoriga kiradi.
Ikkinchi tomondan, geografik nomlar xaritaning eng muhim tarkibiy qismi biron mamlakat, davlat yoki o‘lka tabiatining xususiyatlarini aks ettiradi. Ana shu nuqtai-nazardan toponimikani geografik fanlar jumlasiga kiritish mumkin. Ayniqsa tarixiy toponimika bevosita tarixiy geografiya fani bilan chambarchas bog‘liq.
Do'stlaringiz bilan baham: |