2.Mintaqaviy iqtisodiy siyosat bo‘yicha xorijiy tajribalar.
Xorijiy adabiyotlarni o‘rganish shuni ko‘rsatadiki, hududlarni rivojlantirish va ishlab chiqarish kuchlarini joylashtirish bo‘yicha turli mamlakatlarda xilma-xil yo‘nalishlar mavjudligiga qaramasdan, ular o‘rtasida tafovutlar kam, mintaqaviy iqtisodiy siyosatni amalga oshirishdagi maqsadlari esa quyidagi vazifalarni hal etishga qaratilgan:
-iqtisodiy qoloq mintaqalar rivojlanishini rag‘batlantirish;
-markaziy hokimiyat vazifalarining katta qismini mahalliydavlat organlari zimmasiga yuklash;
-yirik shaharlarda sanoat ishlab chiqarishi to‘planishini cheklash;
-yangi o‘zlashtirilgan hududlarda ishlab chiqarishni joylashtirish va rivojlantirishni rag‘batlantirish.
Mintaqaviy siyosatni amalga oshirishning eng ommaviy usullaridan biri hududiy rivojlantirish jamg‘armalarini tashkil etish hisoblanadi. Birinchi marta 1975 yilda Evropa Ittifoqi qoshida hududiy muvofiqlashtirish jamg‘armasi tashkil etilgan. Boshqa bir qancha mamlakatlarda ham ayrim hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish maqsadida maxsus jamg‘armalar (Italiyada davlat subsidiyasi hisobiga faoliyat ko‘rsatadigan va Janubiy hududlar infratuzilmalarini rivojlantirishga yo‘naltirilgan «Janub xazinasi»; Bolgariyada ayrim hududlar rivojlanishini jadallashtirish davlat dasturini ta’minlash bo‘yicha jamg‘arma, Vengriyada uchta maqsadli jamg‘armadan iborat hududlar rivojlanishining markaziy jamg‘armasi va boshq.) tuzilgan.
Ko‘plab xorijiy mamlakatlar mintaqaviy siyosatining muhim xususiyati shundaki, unda yirik ma’muriy-hududiy birliklar (guberniya, shtat, provinsiya) emas, balki muayyan shahar va munisipalitetlar hududiy muvofiqlashtirish makonlari hisoblanadi. Jumladan, Fransiyada kam rivojlangan Janubi-G‘arb mintaqasining 9 ta aglomeratsiya va 17 shahar, Ispaniyada 10 ta “rivojlanish markazlari” va 2 ta “sanoatni rag‘batlantirish markazlari”, Yaponiyada 10 ta “sanoat rivojlanishining alohida rayonlari”, 6 ta “yangi sanoat shaharlari”, Italiyada 12 ta “sanoatni rivojlantirish areallari” va 26 ta “industrializatsiya yadrolari”, Germaniyada 300 ta “muhim aholi punktlari” va hokazo.
Rivojlangan mamlakatlar orasida Yaponiyaning bu sohadagi tajribasi alohida afzalliklarga ega. Aniq maqsadga yo‘naltirilgan uzoq muddatli dasturlar izshil amalga oshirilishi natijasida Yaponiya tarixan qisqa davr ichida dunyodagi eng taraqqiy etgan mamlakatlar safidan joy oldi. Yaponiya mintaqaviy iqtisodiy siyosati er va tabiiy resurslarning cheklanganligidan, kishilar faoliyatini tabiiy sharoit bilan uyg‘unlashtirish zaruratidan, mamlakat turli hududlari aholisining turmushi bo‘yicha bir xil sharoit yaratish talabidan kelib chiqadi. Umuman, mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining har bir bosqichida mintaqaviy dasturlar ishlab chiqish jamiyat va davlat oldida turgan maqsad va vazifalardan, ularning miqyosi va amalga oshirish imkoniyatlaridan kelib chiqib belgilanadi. Yaponiyada moddiy va moliyaviy resurslar hamda ishlab chiqarish quvvatlarini kam rivojlangan, “nomarkaz” mintaqalarga jalb etishning tez moslashuvchan va qulay usuli barpo etildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |