11.6. O’zbekiston Respublikasi turizmi
Rasmiy nomi - O`zbekiston Respublikasi. Poytaxti - Toshkent shahri. Hududi - 448,9 ming kv.km.
Aholisi - 31022,5 mln (2015-yil 1-yanvar). Davlat tili - o`zbek tili. Dini - islom. Pul birligi - o`zbek so`mi.
Geografik joylashuvi va tabiati. Markaziy Osiyodagi davlat. Shimolda va g`arbda - Qozog`iston (chegaraning uzunligi - 2203 km), janubda - Turkmaniston (1621 km) va Afg`oniston (137 km), janubi sharqda - Tojikiston (1161 km), sharqda Qirg`iziston (1099 km) davlatlari bilan chegaradosh. Chegarasining umumiy uzunligi - 6221 km. O`zbekiston relyefiga ko`ra tekislik va adir-tog` qismlarga bo`linadi. Hududning 4/5 qismini tekisliklar, aksari Turon pasttekisligi ishg`ol qilgan. O`zbekistonning shimoli g`arbida Ustyurt platosi, markaziy qismining sharqida Qizilqum sahrosi joylashgan. Turon pasttekisligi sharqqa tomon davom etib, toglar orasiga kirib borgan: shimolda - Mirzacho`l, o`rta qismida - Qarnob cho`li va Qarshi cho`li joylashgan. Bu cho`llar bora-bora tog`oldi qiya tekisliklariga qo`shilib ketadi. Farg`ona, Ohangaron vodiylari, Sangzor-Nurota soyligi, Samarqand, Qashqadaryo va Surxondaryo soyliklari tog`lar orasida joylashgan tekisliklardir. O`zbekiston hududidagi tog`lar Tyan-Shan va Hisor-Oloy tog` tizmalariga kiradi. Tizmalarning balandligi 4000 m dan ziyod. Hisor tizmasida joylashgan Hazrati Sulton cho`qqisi (4683 m) O`zbekistonning eng baland nuqtasidir.
Asosiy daryolari: Amudaryo, Sirdaryo, Zarafshon, Chirchiq, Ohangaron.
Yirik ko`llari: Orol dengizi (global ekologik muammo), Aydarko`l.
Tabiiy gaz, neft, qo`ng`ir ko`mir, toshko`mir, oltin, kumush, mis, qalay, molibden, marganes, xrom, volfram, vismut, uran, flyuorit, granit, marmar, ohaktosh, kaolin, topaz, feruza, amitist, tog` xrustali, xalsedon, yashma, nefrit, amazonit, rodonit, marmar oniksi - O`zbekiston qazilma boyliklarini tashkil etadi.
Iqlimi - issiq, quruq, kontinental. Janubi subtropik mintaqaga kiradi. O`zbekiston hududida 120 oilaga kiradigan 3700 ga yaqin turdagi yovvoyi o`simliklar uchraydi. Cho`llarda juzg`un, saksovul, iloq, quyonsuyak, cherkez, qumarchiq, biyurg`un, shuvoq, tuyapaypoq; qolgan hududlarda tog`olcha, yong`oq, pista, archa, zarang, do`lana, tol, terak, omonqora, suvqalampir, bargizub, zira, qizilpoycha, zirk, kiyiko`t va boshqa o`simliklar o`sadi. Yumronqoziq, qumsichqon, qo`shoyoq, bo`ri, tulki, jayron, sayg`oq, bo`rsiq, to`ng`iz, morxo`r, arxar, ayiq, bars, chiyabo`ri, sug`ur, sassiqqo`zan, bir necha tur ilon, kaltakesak, zaharli hasharotlar, burgut, qora tasqara, qumoy, boltayutar, qirg`ovul, kaklik, bedana va boshqa qushlar hayvonot olamini tashkil etadi.
Davlat tuzilishi, siyosiy partiyalari. Davlat tuzilishi - Respublika. Mamlakat tarkibiga 12 viloyat va Qoraqalpog`iston Respublikasi kiradi. O`zbekiston o`z mustaqilligini 1991-yil 31-avgustda e`lon qilgan.
Milliy bayrami - 1-sentabr (Mustaqillik kuni).
Ijro etuvchi hokimiyat - Prezident (davlat boshlig`i) va Vazirlar Mahkamasini boshqaradigan Bosh vazirga tegishli. Qonun chiqaruvchi hokimiyat Senat (yuqori palata) va Qonunchilik palatasi (quyi palata)dan iborat ikki palatali parlament - Oliy Majlisga tegishli. Siyosiy partiyalari: Xalq demokratik partiyasi, «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi, «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati O`zbekiston liberal-demokratik partiyasi.
Iqtisodi, transport kommunikatsiyalari. So`nggi yillarda hukumat tomonidan olib borilayotgan iqtisodiy siyosat bozor islohotlarini chuqurlashtirishga, xususiylashtirish va tadbirkorlikni kengaytirishga, moliyaviy va makroiqtisodiy barqarorlikni ta`minlashga, milliy valutani mustahkamlashga qaratilgan. Chet el investitsiyalari kirib kelishiga imkoniyatlarning yaratilishi ishlab chiqarishning taraqqiy etishiga turtki bo`ldi. Sanoatning rivojlangan tarmoqlari: rangli metallurgiya, to`qimachilik, yonilg`i, kimyo, oziq-ovqat, qurilish, mashinasozlik, avtomobilsozlik, samolyotsozlik. Paxta, bug`doy, sholi, turli meva va sabzavotlar, poliz mahsulotlari yetishtiriladi. Chorvachilik rivojlangan. Tola, tabiiy gaz, rangli metallar, kimyo va neft kimyosi mahsulotlari, avtomobil, meva va sabzavotlar, qorako`l terilari eksport qilinadi. 2006-yil YIM miqdori 48514 mln dollarni (aholi jon boshiga - 1800 doll.) tashkil etgan.
Asosiy savdo hamkorlari: MDH davlatlari, Germaniya, Yaponiya, XXR, Janubiy Koreya.
Temiryo`llarining umumiy uzunligi - 7000 km dan oshiq, avtomobil yo`llari - 80 000 km.
Tarixi. Hozirigi O`zbekiston hududida miloddan avvalgi (miloddan avvalgi) I ming yillikdayoq dastlabki quldorlik davlatlar - Xorazm, Baqtriya, Sug`d, Parfiya vujudga keladi. miloddan avvalgi VI asrda ahamoniylar O`rta Osiyoning ko`pchilik yerlarida mahalliy aholining qarshiligiga qaramay (Shiroq, To`maris) o`z hokimiyatini o`rnatdi. miloddan avvalgi 329-327-yillarda makedoniyalik Iskandar bu hududlarni o`z imperiyasi tarkibiga qo`shib oladi. Mahaliy aholining bosqinchilarga qarshi eng yirik qo`zg`oloniga sug`d lashkarboshisi Spitamen bohchilik qiladi. Iskandarning vafotidan so`ng hozirgi O`zbekiston hududlari Salavkiylar davlati tarkibiga kiradi. miloddan avvalgi 250-yilda Grek- Baqtriya podsholigi tashkil topadi. Рњ.a.II asrda Qang`, Parfiya, Farg`ona davlatlari vujudga keladi. Grek-Baqtriya podsholigi toharlar tomonidan tor-mor etilgandan so`ng Toharlar davlati tashkil topadi. II-IV asrlarda O`rta Osiyo, Afg`oniston, Shimoliy Hindiston hududlarida Kushon podsholigi mavjud bo`lgan. V asrda Eftalitlar davlati, VI asrning o`rtalarida Turk xoqonligi tashkil topadi. VIII asrda O`rta Osiyo Arab xalifaligi tomonidan zabt etiladi. O`rta Osiyo xalqlari arab hukmronligiga qarshi muttasil kurash olib boradi (G`urak, Divashti, Sharik, Muqanna, Rofe` ibn Lays qo`zg`olonlari). Qo`zg`olonlarni bostirishda katta xizmat ko`rsatgan tohiriylar, so`ngra somoniylarga hokimiyat topshirib qo`yiladi. Natijada IX asrning oxirlarida Somoniylar davlati O`rta Osiyo hududlarini mustaqil boshqara boshlaydi. X asr oxiri XI asrlarda O`rta Osiyoda Qoraxoniylar, G`aznaviylar, Saljuqiylar davlatlari mavjud bo`lgan. XII asrda Xorazmshohlar davlati yuksaladi. IX-XII asrlarda O`rta Osiyoda ilm-fan taraqqiyoti yuksak darajaga ko`tariladi. Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Mahmud az-Zamaxshariy, Ahmad Farg`oniy, Abu Nasr Forobiy kabi qomusiy olimlar, Najmiddin Kubro, Abduxoliq G`ijduvoniy, Imom al-Buxoriy, Ahmad Yassaviy kabi tasavvuf namoyandalari yetishib chiqdi. 1218-1221-yillarda mo`g`ullar mahalliy aholining qattiq qarshiligiga qaramay (Jaloliddin Manguberdi, Temur Malik) O`rta Osiyoni bosib oladi. 1238-yili Buxoroda mo`g`ullar istibdodiga qarshi Mahmud Torobiy boshchiligidagi yirik xalq qo`zg`oloni bo`lib o`tatii. 1370-yilda Amir Temur Samarqandda hokimiyatni qo`lga kiritib, yirik markazlashgan davlatga asos soldi. O`ttiz besh yillik hukmronligi davrida Temur katta hududlarni zabt etib, ulkan imperiya tashkil etdi. Temur vafotidan so`ng (1405) Movarounnahrda temuriylar o`rtasida taxt uchun kurash kechadi. 1409-yili Samarqand taxtiga Mirzo Ulug`bek o`tiradi. Temuriylar Movarounnahrda XVI asrgacha hukmronlik qilishadi. Temur va temuriylar hukmronligi davrida Movarounnahrda hunarmandchilik, me`morchilik va adabiyot ravnaq topdi, ilm-fan yuksaldi, savdo rivojlandi. 1500-yili Dashti Qipchoqdan ko`chmanchi o`zbeklar xoni Muhammad Shayboniyxon Samarqandga hujum qiladi. Unga qarshi Samarqand taxti uchun Zahiriddin Bobur kurash olib boradi. Bir necha samarasiz urinishlardan so`ng Bobur Afg`onistonga ketishga majbur bo`ladi va 1525-yili Hindistonga yurish uyushtirib, u yerda Boburiylar imperiyasiga asos soladi. XVI asrda O`rta Osiyoda ikkita xonlik - Buxoro xonligi va Xiva xonligi vujudga keladi. Shayboniylardan Abdullaxon II (1534-1598) uzoq urushlardan so`ng parchalanib ketgan Movarounnahrni birlashtiradi. 1599-yili MovaВ rounnahrda hokimiyat ashtarxoniylar (1599-1753) sulolasiga o`tadi. 1740-yili Eron shohi Nodirshoh Buxoroni egallaydi va Buxoro 7 yil Eronga tobe bo`ladi. 1753-yili Buxoroda hokimiyat mang`itlar sulolasining birinchi amiri Muhammad Rahim qo`liga o`tadi. XVII asr boshlarida Qo`qon xonligi tashkil topadi. XIX asrning ikkinchi yarmidan Rossiya O`rta Osiyoga bostirib kira boshlaydi. 1873-yilga kelib O`rta Osiyodagi uchta davlat ham Rossiyaga qaram bo`ladi. 1917-yilgi oktabr to`ntarishidan so`ng Qo`qon muxtoriyati tashkil topadi, lekin bolsheviklar tomonidan qurol kuchi bilan tugatiladi. O`tgan asrning 20-yillari yarmigacha bolsheВ viklar va milliy ozodlik harakati o`rtasida keskin kurash kechadi. 1924-yilda SSSR tarkibidagi O`zbekiston SSR tashkil topadi. 1991-yil 31-avgustda O`zbekiston o`z mustaqilligini e`lon qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |