Kirish imtihonlari kunlariga ham yaqin qolmoqda. Bu kunda kimdir bilimiga, kimdir omadga, yana kimdir esa boshqa biror narsaga ishonib kirish imtihonlari testlarini100% to‘g‘ri bajarish hamda talabalik baxtiga muyassar bo‘lish orzusi
bilan imtihon o‘tkazilish binosiga yo‘l oladi. Har kim testlarni o ‘zi bilganicha, bilimiga tayangan holda, o‘z uslubidan kelib chiqib bajaradi. Quyida testlarni to‘g‘ri bajarishingizda muhim bo‘lgan zaruriy bosqichlarni keltirib o‘tmoqchiman. Bu bosqichlarga qat‘iy amal qilsangiz, testlarni 100% to‘g‘ri bajarishingiz ehtimoli sezilarli darajada oshadi. Testlarni to‘liq to‘g‘ri bajarishni istasangiz, quyidagilarga amal qiling: 1. BILIMINGIZGA ISHONING. Bu birinchi qoida! Test imtihoniga kirishishdan avval imtihon kuniga qadar olgan bilimingizga ishoning. Agar abituriyent o‘ziga, bilimiga ishonsa, u o‘z oldiga qo‘ygan har qanday vazifani uddalay olishiga ishoning. Sizda bilim bo ‘lsa-yu, o‘zingizga ishonmasangiz, tahminlar va qo‘rquvlar og‘ushida test bajarishga kirishsangiz, ortiqcha hayajon ta‘sirida javobi oddiy bo ‘lgan savollarni ham ijobiy hal qila olmay qolishingiz mumkin. O‘zingizga ishoning va Siz hammasini uddalaysiz!
2. BARCHA SAVOLLARNI KO‘ZGAN KECHIRIB CHIQING.
Bajarishni boshlashdan avval savollar kitobidagi barcha savollarga tezlik bilan ko‘z yugurtirib chiqing. Bunday qilish orqali Siz uchun oson bo‘lgan savollarni topish va qiyinroq bo‘lgan savollarni aniqlab olishingiz mumkin bo‘ladi. Oson bajariladigan savollarni birinchi o‘rinda hal qiling. Javobini topish qiyin bo‘lgan, ko‘p o‘ylashni talab qiladigan savollar ustida keyinroq bosh qotirasiz. Har doim eng oson savollarni birinchi bajaring!
3. QOLGAN NARSA QOLIB KETMASIN.
Yuqoridagi tavsiyaga amal qilib bajarilishi qiyin bo‘lgan savollarni tashlab ketilgan holida unutib qoldirmang! Oson savollarni bajarib bo‘lganingizdan so‘ng albatta qoldirib ketilgan, Siz uchun qiyin bo‘lgan savollarga qaytib, ular ustida bosh qotiring.
4. VARIANTLARGA QARAMASDAN, O‘ZINGIZ FIKRLANG.
Savolni o‘qiganingizdan so‘ng variantlarga qarashga shoshilmang. Variantlar berilmagan, deb hisoblab, savolga o‘zingiz mustaqil ravishda, o ‘z fikringizga tayangan holda javob berishga urinib ko‘ring. Javob topganingizdan so‘ng variantlarga qarashingiz mumkin! Agar Siz o‘ylagan javobning aynan o‘zi variantlar orasida bo‘lmasa ham, unga eng yaqin bo‘lgan javob bo‘lishi mumkin. Bu usuldan foydalangan holda to‘g‘ri javobni tez topish imkoniga ega bo‘lasiz.
5. XATOLIGI ANIQ JAVOBLARNI O ‘CHIRIB TASHLANG.
Variantlarda berilgan javoblarning faqat bittasi to‘g‘ri bo‘ladi. Qolgan tanlovdagi xato javoblarni o‘chirib tashlang va ularga umuman e‘tibor qilmang. To‘g‘ri javobni topishdan avval noto‘g‘riligi aniq bo‘lgan javoblarni o‘chirib tashlash fikringizni jamlashingizda yordam beradi. Ortiqcha javoblarni olib tashlang, shunda to‘g‘ri javobning o‘zi Sizga ko‘rinib qoladi.
6. ABSOLYUT JAVOBLARNI TANLASHDA EHTIYOT BO‘LING.
Absolyut javoblarga «Yuqoridagilarning hech qaysi emas», «Yuqoridagilarning barchasi», yoki «Barcha javoblar to‘g‘ri» kabi variantlar kirishi mumkin. Bu turdagi javoblar deyarli har doim noto‘g‘ri variant bo‘ladi va agar rostdan ham yuqorida keltirilgan javob variantlarining kamida ikkitasi to‘g‘ri ekanligiga to‘liq ishonch hosil qilmasangiz, bunday javoblarni to‘g‘ri javob sifatida belgilamang!
7. OQIM BO‘YLAB SUZING.
Javobni qo‘yishingiz kerak bo ‘lgan _________ bo‘sh joydan oldingi so‘z yoki iboraga e‘tibor bering. Javob variantlaridagi qaysi javob Sizga to‘g‘ridek tuyulayapti? Agar bo‘sh joydan avvalgi so‘z yoki ibora bilan Siz tanlagan javob variantidagi so‘z mutanosib bo ‘lsa, ma‘no jihatidan to‘g‘ridek bo‘lib tuyulsa, demak bu testning to‘g‘ri varianti ham aynan shu ekanligining ehtimoli yuqori.
8. TAVAKKALDA HAR DOIM B YOKI C JAVOBNI
TANLANG
Test tuzuvchilar ko‘pincha to‘g‘ri javobni variantlarning o‘rta qismida joylashtirishadi. Shuning uchun birinchi javob bo‘lgan A variant, yoki oxirigi javob bo ‘lgan D variantda ko‘pincha xato javoblar keltiriladi. Savolning aniq javobini bilmasangiz, tahmin sifatida har doim B yoki C javoblardan tahminingizga eng yaqin bo‘lgan javobni belgilang.
Yuqoridagilar ko‘p tanlov variantlariga asoslangan testlarni yechish bo‘yicha oddiygina tavsiya, xolos. Aslida testni to‘liq to‘g‘ri bajarish uchun Sizdan ko‘proq o‘qish, bilim olish va izlanish talab etiladi. Chunki yaxshi tayyorgarlikdan o ‘tgan, bilimli kishining mehnatini har qancha qiyin testlar bilan ham bekor qilish mumkin emas. O‘qing va albatta testlarni to‘g‘ri bajaradigan bo‘lasiz! Faqat o ‘z bilimingizga ishoning! Men Sizga ishonaman. Siz uddalaysiz!
Do'stlaringiz bilan baham: |