Oʻzbekiston
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 63-moddasida taʼkidlanishicha, nikoh tomonlarning ixtiyoriy roziligi va teng huquqligiga asoslanadi. Nikoh masalalari Oʻzbekiston Respublikasining Oila kodeksida (1998-yil qabul qilinib, oʻsha yili 1-sentabrdan amalga kiritilgan) oʻz ifodasini topgan. Amaldagi oila qonunchiligi Nikohning tuzilishi tartibiga, uni davlatning tegishli organlari tomonidan rasmiylashtirilishiga alohida eʼtibor beradi. Oʻzbekiston Respublikasi OKning 13-moddasiga binoan, nikoh fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlarida tuziladi. Shunday nikohgina huquq va majburiyatni vujudga keltiradi. Diniy rasm-rusumlarga binoan tuzilgan nikoh yuridik kuchga ega emas. Shuningdek, soxta nikoh, yaʼni er-xotin yoki ulardan birining oila qurish maqsadini koʻzlamay tuzgan nikohi ham haqiqiy emas deb topiladi. Nikoh tuzishning ixtiyoriyligi va nikoh yoshi nikohdan oʻtishning asosiy shartlari hisoblanadi. Nikoh tuzishga majbur qilish taqiqlanadi. Nikoh yoshi Oʻzbekistonda erkaklar uchun 18, ayollar uchun 17 yosh etib belgilangan. Uzrli sabablar boʻlganida, alohida hollarda nikohlanuvchilarning iltimosiga koʻra, nikoh davlat roʻyxatidan oʻtkaziladigan joydagi tuman, shahar hokimi nikoh yoshini koʻpi bilan 1 yilga kamaytirishi mumkin. Loaqal bittasi roʻyxatga olingan boshqa nikohda turgan shaxslar oʻrtasida, nasl-nasab shajarasi boʻyicha toʻgʻri tutashgan qarindoshlar oʻrtasida, farzandlikka oluvchilar bilan farzandlikka olinganlar oʻrtasida, loaqal bittasining ruhiyati buzilishi (ruhiy kasalligi yoki aqli zaifligi) sababli sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxslar oʻrtasida nikoh tuzishga yoʻl qoʻyilmaydi. Nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish shart qilib qoʻyilgan. Unga koʻra, nikohlanuvchi shaxslar davlat sogʻliqni saqlash tizimi muassasalarida bepul tibbiy koʻrikdan oʻtadilar. Belgilangan shartlarning buzilishi sud tomonidan nikohni haqiqiy emas deb topish uchun asos boʻlishi mumkin.
Poligamiya (poli... va yun. gamos — nikoh) — koʻp nikoxlilik. Koʻpincha "P." termini koʻp xotinlilikni ifo-dalash uchun notoʻgʻri ishlatiladi.
Poliginiya (poli... va yun. gyne -xotin, koʻp xotinlilik) — asosan, patriarxatga xos boʻlgan nikoh shakli. Ayrim xalqlarda, koʻproq, musulmon xalqlarida saqlanib qolgan (qarang Haram). Baʼzan P. poligamiya (koʻp nikoxlilik) shaklida ham qoʻllaniladi. P. aslida guruxli nikohning qoldigʻidir, unda bir urugʻning barcha ayollari boshqa urugʻning barcha erkaklariga umumiy xotin hisoblangan. Keyinchalik davrlar oʻtishi bilan jamiyat ishlab chikaruvchi kuchlari va madaniy hayot yuksalishi tufayli bir nikohlik — monogamiyaga oʻtilgan.
Oʻzbekistonda 20-asrning 20-yillaridagi iqtisodiy-ijtimoiy va madaniy oʻzgarishlar natijasida ayollarning ijtimoiy mehnatga faol tortilishi, erkak va ayollarning amaldagi tengligi vujudga kelishi bilan xotinlarning erlarga iqtisodiy qaramligi yoʻq qilingan. Oʻzbekiston Respublikasida koʻp xotinli boʻlish qonun bilan jazolanadi (Oʻzbekiston Respublikasi JKning 126-moddasi).
Ekzogamiya (ekzo... va yun. — nikoh) — ibtidoiy jamiyatda bir urugʻ yoki jamoa aʼzolari orasida jinsiy munosabatlarning taqiqdanganligi. E.ning dastlabki va koʻp tarqalgan shakli ibtidoiy jamoa davridagi ota urugʻi yoki ona urugʻi orasida oʻzaro qarindoshlik munosabatlaridagi urugʻchilik E.dir. E. paydo boʻlishi haqidagi qarashlarni, asosan, 3 guruhga ajratish mumkin. Baʼzi bir tadqiqotchilar (L.G.Morgan va boshqalar) E.ning kelib chiqishini qonqarindoshlar oʻrtasidagi nikoh natijasida yuzaga keladigan zararli oqibatlardan qutulish zarurati bilan, boshqalari esa (E. Taylor, A. M. Zolotarev, K. LeviStros) kishilarning ijtimoiy aloqalarni kengaytirish va jamoalararo munosabatlar oʻrnatishga intilish bilan izohlaydilar. 3guruh tadqiqotchilar (S.P. Tolstov, Yu. I. Semyonov) esa E.ni avvalo jamoada ijtimoiy tinchlikni qaror toptirish vositasi boʻlgan, chunki shu tariqa jinsiy munosabatlar va ular bilan bogʻliq boʻlgan nizolar jamoa doirasidan tashqariga chiqarib qoʻyilgan, deb hisoblaydilar.
Endogamiya (yun. endo... va — nikoh) — bironta ijtimoiy guruh (qabila, urugʻ, tabaqa va boshqalar)ning oʻz ichidan uylanishini taqozo etuvchi odat. Ibtidoiy jamiyatda urugʻ ekzogam (qarang Ekzogamiya), qabila esa endogam boʻlgan. Ibtidoiy jamoa munosabatlarining buzilish davrida bir qancha xalqlar (malagasiylar, bantu xalqlarining bir qismi, arablar, oʻzbeklar, tuareglar, Dogʻistonning ayrim xalqlari va boshqalar)da urugʻ yoki ichidagi guruhlarda endogam nikoh qaror topdi. Bundan maqsad yaqin qarindoshlar ichida molmulkni saqlash edi. Natijada nikoh akaukalarning bolalari oʻrtasida, amakivachchalar va ota yoki ona tomoniga mansub qarindoshlar oʻrtasida boʻlgan.
Sororat (lot. Soror — singil) — nikoh odatlaridan biri. Erkakning bir necha opasingillarga uylanishi. Baʼzi olimlar S. ibtidoiy jamoa davrida urf boʻlgan guruxli nikohning qoldigʻi deyishadi. S. Osiyo, Amerika, Afrika va Okeaniyaning koʻpgina xalqlarida ham mavjud boʻlgan. S. baʼzi davlatlarda xotini vafot etgan erkakning oʻz qayin singlisiga uylanishi tarzida saqlangan. Koʻpincha bu odatni yetim bolalar tarbiyasi uchun gʻamxoʻrlik bilan bogʻlaydilar. S.ni dastlab L. Morgan qayd etgan va J. Frezer esafanga kiritgan. Oʻzbeklarda nikohning bu turi saqlangan boʻlib, tub ildizi mulk bilan bogʻliq edi. Chunki taomilga koʻra, ayol vafot etgandan keyin erkak qayta uylanishi uchun yana kalin toʻlashi lozim boʻlgan. Marhumaning singlisiga uylanganda esa, deyarli qalin toʻlamagan va fakat toʻy harajatlari berilgan, xolos. Shuningdek, marhumaning farzandlari yetimlik azobuqubatini tortmasligiga ham eʼtibor berilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |