Tijorat banklari faoliyatida kreditlashning quyidagi shakllari qo‘llaniladi:
1. Mijozni alohida ssuda hisobraqamidan bir marotabali kreditlash shakli.
Ushbu shakl O‘zbekiston Respublikasi tijorat banklari faoliyatida keng qo‘llaniladigan kreditlash shakli hisoblanadi.
Kreditlashning ushbu shaklida mijozga kredit berish to‘g‘risidagi qaror qabul qilingandan keyin ssuda hisobraqami ochiladi va kredit bir marotabalik to‘lov shaklida mol etkazib beruvchi yoki xizmat ko‘rsatuvchiga tashlab beriladi.
Kreditning maqsadlilik prinsipi mavjud bo‘lganligi sababli, kredit summasini kredit oluvchining joriy hisobraqamiga tashlab berishga ruxsat etilmaydi.
Mijozni alohida ssuda hisobraqamidan bir marotabali kreditlash shaklining asosiy kamchiliklari quyidagilardan iborat:
– kreditdan foydalanish samaradorligi ta’minlanmasligi mumkin, ya’ni mol etkazib beruvchi tomonidan tovar o‘z vaqtida etkazilmay qolishi mumkin, mijoz esa, kredit uchun foiz to‘layveradi;
– berilgan kreditdan foydalanilishi ustidan nazorat qilishning iloji yo‘q. CHunkit. Kredit summasi to‘liq mol etkazib beruvchining joriy hisobraqamiga tashlab berildi.
2. Mijozni kredit liniyasi ochish yo‘li bilan kreditlash shakli.
Kreditlashning ushbu shaklida mijozga kreditlash limiti ajratiladi va ushbu limitdan foydalanish davri belgilanadi. SHuningdek, kreditning foiz stavkasi va mijozdan undiriladigan bir marotabalik komission to‘lov stavkasi belgilanadi.
Mijozdan qo‘shimcha ravishda undiriladigan komission to‘lov kredit liniyasi ochish yo‘li bilan kreditlashda tijorat banki uchun likvidlilik riskining mavjudligi bilan belgilanadi. Chunki, mijoz talab qilgan har qanday vaqtda bank kreditni chiqarib berishi shart.
Kredit liniyasining quyidagi turlari mavjud:
A) qayta tiklanadigan kredit liniyasi;
B) qayta tiklanmaydigan kredit liniyasi;
V) bitimning ma’lum shartlariga asoslangan kredit liniyasi.
Qayta tiklanadigan kredit liniyasi jalb qilingan resurslarga doimiy ehtiyoji bo‘lgan mijozlarga ochiladi. Xalqaro bank amaliyotida qayta tiklanadigan kredit liniyalari ishonchli mijozlar uchun 5-7 yilga ochiladi. SHu davr mobaynida mijoz istalgan vaqtda bankning kreditidan foydalanilishi mumkin. Biroq, tijorat banki kredit shartnomalari shartlarining bajarilishi ustidan nazorat qilish huquqini saqlab qoladi.
Qayta tiklanmaydigan kredit liniyalarida mijoz o‘ziga ajratilgan limitni to‘liq ishlatib bo‘lishi yoki limitdan foydalanish muddati tugashi bilan kredit liniyasidan foydalanish huquqidan mahrum bo‘ladi.
Tijorat banki va mijoz o‘rtasida tuzilgan bitimning ma’lum shartlariga asoslangan kredit liniyasi, odatda, ma’lum davrda etkazib beriladigan tovarlar haqini to‘lash hamda ma’lum davrda amalga oshiriladigan xarajatlarni moliyalashtirishda qo‘llaniladi.
Kredit liniyasining ushbu turida beriladigan kreditlar miqdori aniq olingan operatsiya doirasida yoki bitimning ma’lum shartlari bilan cheklangan bo‘ladi.
Kredit liniyasi ochish yo‘li bilan kreditlash shaklining afzallliklari:
* mijoz har safar kredit so‘rab bankka murojaat qilish zaruriyatidan xalos bo‘ladi;
* ajratilgan kreditlash limitining faqat foydalanilgan qismi uchun foiz to‘lanadi;
* bank ma’lum davr mobaynida barqaror foizli daromad oladi;
* tijorat banki kreditlash shartnomalari shartlarining bajarilishi ustidan nazorat qilish imkoniga ega bo‘ladi. Agar kredit shartnomasi shartlarining mijoz tomonidan buzilishi yuz bersa, bank kredit liniyasini vaqtinchalik yopib qo‘yio‘i mumkin.
Kreditlashning overdraft shakli ingliz tilida so‘zlashuvchi mamlakatlarda (Angliya, Shotlandiya. Irlandiya, Uels, Kanada) yaxshi rivojlangan.
Overdraft krediti doimiy pul tushumiga ega bo‘lgan ishonchli mijozlarga beriladi va ular faoliyatida yuzaga keladigan qisqa muddatli pul mablag‘lari etishmovchiligiga barham berish maqsadida beriladi.
Overdraft krediti mijozning joriy hisobraqamini debetli qoldig‘i summasiga beriladi. Tijorat banki va mijoz o‘rtasida tuzilgan kredit shartnomasiga ko‘ra, mijozga bank tomonidan kreditlash limiti ajratiladi. Mijozning joriy hisobraqamida pul mablag‘larining etishmaslik holati yuzaga kelganda, ya’ni debetli qoldiq hosil bo‘lganda, bank ajratilgan limit doirasida overdraft krediti ajratadi.
Overdraft kreditida ssuda hisobraqami ochilmaydi. Kompyuter dasturi berilgan overdraft kreditini mijozlar toifasi bo‘yicha avtomatik ravishda hisobga oladi.
Overdraft krediti mijozning joriy hisobraqamiga pul kelib tushishi bilan avtomatik ravishda qoplanadi.
Overdraft kreditining foiz stavkasi muddatli kreditlarning foiz stavkasidan yuqori bo‘ladi. Buning sababi shundaki, overdraft kreditlari ta’minlanmagan kreditlar bo‘lib, ularning risk darajasi nisbatan yuqoridir.
Overdraft kreditlarida garov ta’minotining mavjud emasligi quyidagi sabablar bilan izohlanadi:
– kredit oluvchining joriy hisobraqamida qachon pul mablag‘lari etishmasligini oldindan bilish qiyin;
– kredit oluvchining joriy hisobraqamida qancha miqdorda pul mablag‘lari etmay qolishini oldindan bilib bo‘lmaydi.
Angliya bank amaliyotida overdraft kreditlari bo‘yicha kredit riski darajasini pasaytirish maqsadida mijozlarga har oyining so‘nggi kunida joriy hisobraqamning debetli qoldig‘ini ta’minlash sharti qo‘yiladi. Shu tariqa, overdraft krediti bo‘yicha qarzdorlikni keyingi oyga o‘tishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
O‘zbekiston Respublikasi tijorat banklarida mijozlarning joriy hisobraqamining debetli qoldig‘ini yuzaga kelishiga ruxsat etilmaydi.
Kreditlashning kontokorrent shakli nemis tilida so‘zlashuvchi mamlakatlarda (Germaniya, Avstriya, Shveysariya) yaxshi rivojlangan.
Kreditlashning kontokorrent shaklida mijozning joriy hisobi yopiladi va uning o‘rniga kontokorrent hisobraqami ochiladi.
Kredit olgan mijozning faoliyatidan keladigan barcha tushumlar kontokorrent hisobraqamining kreditida aks etadi, uning majburiyatlari yuzasidan barcha to‘lovlari kontokorrent hisobraqamining debetida aks etadi.
Kontokorrent kreditida mijozga kreditlash limiti ajratiladi.
Kontokorrent krediti kontokorrent hisobraqamining debetli qoldig‘i summasiga beriladi.
Kontokorrent krediti kontokorrent hisobraqamiga pul mablag‘lari kelib tushishi bilan avtomatik ravishda qoplanadi.
Kontokorrent krediti kredit to‘loviga layoqatliligi bo‘yicha birinchi toifaga mansub bo‘lgan mijozlarga garovsiz beriladi. Buning sababi shundaki, kontokorrent risk darajasi yuqori bo‘lgan kreditlash shakli hisoblanadi.
Kontokorrent krediti yiriklashtirilgan kreditlash ob’ektiga beriladi.
Kontokorrent kreditining debetli qoldig‘i uchun mijoz bankka, uning kreditli qoldig‘i uchun bank mijozga foiz to‘laydi. Bunda mijoz bankka kredit uchun foiz to‘laydi, bank esa. mijozga talab qilib olinadigan depozit hisobraqamlari qoldig‘iga to‘lanadigan foiz darajasida (0,5-1,0%) foiz to‘laydi.
Shunisi ahamiyatliki, kontokorrent krediti qaytarilmaydigan moliyalashga aylanib qolmasligi lozim. Shu sababli, kreditlashning ushbu shaklida kredit riskini chuqurlashishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida quyidagi choralar qo‘llaniladi:
* mijozning pul mablag‘lariga bo‘lgan ehtiyojini 80-90 foizi o‘z kapitali hisobidan qoplanishi lozim;
* kontokorrent krediti bo‘yicha qarzdorlikni keyingi oyga o‘tishiga yo‘l qo‘ymaslik lozim. Buning uchun mijozga har oyning so‘nggi ish kunida kontkorrent hisobarqamining kreditli qoldig‘ini ta’minlash sharti qo‘yilishi lozim.
Kontokorrent krediti, odatda, mijozning joriy ishlab chiqarish faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlarni qoplashga mo‘ljallangan. Ammo amaliyotda kontokorrent kreditidan uzoq muddatil investitsion loyihalar bilan bog‘liq bo‘lgan ayrim xarajatlarni qisqa muddatli moliyalashtirishda ham foydalaniladi. Ushbu maqsadlarga berilgan kontokorrent krediti uzoq muddatli kredit berilishi bilan so‘ndiriladi.
Kreditlashning faktoring shaklida tovar hujjatlari yoki tijorat veksellari tijorat banki tomonidan diskont stavkasi bo‘yicha regress huquqi bilan yoki regress huquqisiz mol etkazib beruvchidan sotib olinadi.
Tovar hujjatlari yoki tijorat veksellari regress huquqi bo‘yicha sotib olinganda, agar sotib oluvchi to‘lovga noqobil bo‘lib qolsa, tijorat bankida to‘lab berilgan summani mol etkazib beruvchidan undirish huquqi saqlanib qoladi.
Tovar hujjatlari yoki tijorat veksellari regress huquqisiz sotib olinganda, agar sotib oluvchi to‘lovga noqobil bo‘lib qolsa, tijorat bankida to‘lab berilgan summani mol etkazib beruvchidan undirish huquqi bo‘lmaydi va zarar to‘liq bankning zimmasiga yuklanadi.
Faktoring shaklida kreditning foizidan tashqari, faktoring xizmati ko‘rsatganligi uchun mijozdan qo‘shimcha komission to‘lov undiriladi.
“Xalqaro faktoring to‘g‘risida”gi xalqaro konvensiyaga (UNIDRUA) asosan operatsiya faktoring operatsiyasi sifatida tan olinishi uchun quyidagi 4 talabdan kamida 2 tasi bajarilishi lozim:
1. Qarz majburiyatlarini oldindan to‘lash shaklidagi kreditlashning mavjudligi.
2. Mol etkazib beruvchining buxgalteriya hisobini yuritish.
3. Mol etkazib beruvchining debitor qarzdorligini inkassatsiya qilish.
4. Mol etkazib beruvchini kredit riskidan sug‘artalashning mavjudligi.
Kreditlashning faktoring shaklining afzalliklari:
* tijorat banki ham foiz ko‘rinishida, ham komisson haq ko‘rinishida daromad oladi;
* mol etkazib beruvchining pul mablag‘lariga bo‘lgan ehtiyoji qondiriladi;
* korxonalar o‘rtasidagi debitor-kreditor qarzdorlik hajmi qisqaradi.
Kreditlashning forfeyting shaklida uzatma tijorat veksellari, ya’ni trattalar tijorat banki tomonidan, diskont stavkasi bo‘yicha, mol etkazib beruvchidan regress huquqisiz sotib olinadi.
Forfeyting mol etkazib beruvchini kreditlash shakli hisoblanadi.
Forfeyting kreditlari tijorat bankiga diskont stavkasi ko‘rinishida daromad keltiradi. Ammo forfeyting kreditlarining risk darajasi yuqoridir. Agar sotib oluvchi to‘lovga noqobil bo‘lib qolsa, zarar to‘liq tijorat bankining zimmasida qoladi. Chunki, tijorat bankida mol etkazib beruvchidan to‘lovni undirish huquqi bo‘lmaydi. Shu sababli, sotib oluvchining to‘lovga qobilligini tahlil qilish va baholash kreditlashning forfeyting shaklidagi kredit riski darajasini pasaytirishning asosiy yo‘nalishi hisoblanadi.
Forfeyting kreditlari mol etkazib beruvchilarning pul mablag‘lariga bo‘lgan ehtiyojini qondirish imkonini beradi.
O‘zbekiston Respublikasi bank amaliyotida kreditlashning forfeyting shakli mavjud emas. Buning asosiy sababi – trattalar muomalasining mavjud emasligidir.