10-Mavzu: Chor Rossiyasining Turkistonda yuritgan
mustamlakachilik siyosati.
(Colonial politics of tsar’s Russia in Turkistan)
Reja:
1. Chor Rossiyasining Turkistonni bosib olish sabablari. Rossiya va O’rta Osiyo xonliklari o’rtasidagi o’zaro munosabatlar.
2. Turkistonda mustamlakachilik boshqaruv idora usulining joriy etilishi.
3.O’lka iqtisodiyotining chorizm manfaatlariga bo’ysundirilishi. Temir yo’llar.
4. Chor Rossiyasining aholini ko’chirish siyosati va uning oqibatlari.
5. XIX asrning II yarmi va XX asr boshlarida madaniy hayot.
Mashg’ulot maqsadi: Chor Rossiyasining O’rta osiyo xonliklarini bosib olish sabablari, bu davrda xonliklar o’rtasidagi o’zaro ziddiyatning keskinlashib borishi, chor Rossiyasining o’lkamizda joriy qilgan ma’muriy va idora usuli, uning tizimi, asrlar davomida xalqimizning erk va istiqloldan bebahra yashaganligining mohiyatini tushuntirib berish, talabalarda Vatanga muhabbat hamda mustaqillikni mustahkamlashga o’z hissasini qo’shish tuyg’ularini shakllantirish.
Tayanch tushunchalar: chor Rossiyasi, generalь gubernatorlik, mahkama, ruslashtirish siyosati, politsiya, pristavlar, sudlar, fon Kaufman, volostlar.
Rossiya tomonidan O’rta Osiyo xonliklarini bosib olish niyati podshoh Petr I davrida boshlangan edi. 1717 yilda Bekovich-Cherkasskiy boshchiligidagi 3,5 mingdan ortiq yaxshi qurollangan rus qo’shinlari Xivaga bostirib borgan, lekin bosqinchilar Xiva xoni Sherg’ozixon tomonidan qirib tashlangan edi.
1830 yilda Orenburg general-gubernatori Perovskiy o’z qo’shinlari bilan Xivaga yurish boshlaydi, biroq bu yo’ldagi og’ir sharoitga dosh berolmay, orqaga qaytib ketishga majbur bo’ladi.
Rossiyaning O’rta Osiyoga ko’z olaytirishiga asosiy sabablar quyidagilardan iborat edi: XIX asrning 2-choragida Rossiya iqtisodiyotida jiddiy o’zgarishlar yuz berayotgan edi. Kapitalizm rivojlanishi bilan Rossiya sanoati, ayniqsa to’qima chilik sanoati juda tez sur’atlar bilan o’sayotgan edi. Bu hol, tabiiyki xom ashyo sotib olinadigan bozorlarni ko’paytirish, iloji bo’lsa, arzon xom ashyo manbaini yaratishni talab qilar edi. Rossiya ana shunday arzon xom ashyo manbaini O’rta Osiyo xonliklarida ko’rdi.
Yana shuni aytib o’tish joizki, XIX asr o’rtalariga kelib, rivojlangan Yevropa davlatlari o’z bozorlaridan Rossiya savdo-sanoat burjuaziyasini tobora siqib chiqara boshladilar. 1862-65 yillarda AQShdagi fuqarolar urushi tufayli Amerika paxtasining narxi oshib ketdi va Rossiyaga kelishi keskin kamaydi. 90% Amerika paxtasi bilan ishlaydigan Rossiya to’qimachilik sanoatida paxta tanqisligi kuchaydi. Bundan foydalangan Turkiston savdogarlari Rossiyaga paxta sotishni rivojlantirish bilan birga, uning narxini ham oshirdilar. Bundan norozi bo’lgan Rossiya fabrikantlari podshox hukumati oldiga Turkistonni bosib olish talabini qo’ya boshladilar. XIX asrning 30-40 yillaridan Angliya ham O’rta Osiyoga suqilib kirib kela boshlagan edi. O’rta Osiyo bozorlarini Angliyada tayyorlangan sanoat mahsulotlari tobora egallab, Rossiyada tayyorlangan mahsulotlarni bozordan siqib chiqarayotgan edi. Bunday vaziyat Rossiyaning O’rta Osiyo xonliklarini bosib olishga qaratilgan reja va niyatlarini tezroq amalga oshirish uchun harakat boshlashiga bir turtki bo’ldi.
Rus burjuaziyasi vakillari va harbiylari tashviqotlari natijasida Nikolay I o’zbek xonliklari tasarruvidagi yerlarni bosib olishag astoydil kirishdilar. 1847 yilda ruslar SirdaryoningOrolga quyilish joyini egallab, bu yerda Raim (Aralьsk) harbiy qo’rg’onini qurdilar. Bu davrda Oq machit (Qizil O’rda), Turkiston, Chimkent, Avliyo-ota, Pishpak, To’qmoq va boshqa joylarda Qo’qon xonligining harbiy istehkomlari mavjud edi. 1852 yilda rus qo’shinlari Oq machitga hujum qildi, lekin uni ololmadi. 1853 yil qaytadan hujum boshlagan Perovskiy, mudofaachilarning qattiq qarshilik ko’rsatishiga qaramay, Oq machitni bosib olishga muvaffaq bo’ldilar. Oq machitdagi mag’lubiyat Qo’qon xonini qattiq tashvishga soladi. Toshkentda qaytadan kuch to’planib, Sabdal xo’ja boshchiligida 8000 askar va ko’ngillilar Oq machitga yo’l oladilar. Qirg’inbarot jangdan keyin talofat ko’rgan musulmon askarlari orqaga qaytadilar.
1863 yilda podshox qo’shinlari O’rta Osiyoda faol harakatlarini boshladi va polkovnik Chernyayev podshoh hukumatining roziligini olmay turib, Qo’qon xonligining Suzak shaxrini egalladi. Shundan so’ng O’rta Osiyoning ichkarisiga qarab harakat qilish uchun ruxsat berildi.
Chernyayev 1864 yil 27 sentyabrdaToshkentni istilo qilish uchun yo’lga tushdi. Toshkent mudofaasi umumxalq mudofaasiga aylandi. O’sha zamonda Toshkent qalin devor bilan o’ralgan bo’lib, 12 ta darvozasi bor edi. Rus qo’shinlari shahar yaqinidan turib uni o’qqa tuta boshladilar. Himoyachilar qarshiligini yenga olmagan Chernyayev, 72 kishini yo’qotgan holda ortiga qaytib ketishga majbur bo’ladi.
1865 yil 28 aprelda Chernyayev Niyozbek qal’asini ishg’ol qiladi va Toshkentga oqadigan Kaykovus arig’ini buzib, uni Chirchiq daryosiga burib yuboradi. Natijada suvsiz qolgan Toshkentliklar og’ir ahvolga tushadi. Ko’p o’tmay Qo’qondan Alimqul Toshkentga yetib keladi va uning qo’shinlari rus qo’shinlari bilan Salar arig’i atrofida qattiq jang olib boradi. Alimqul qo’shinlari ruslarni chekinishga majbur qiladi. Shu janglarning birida Alimqul qattiq yaralanadi va halok bo’ladi. Bundan sarosimaga tushgan toshkentliklar Buxoro va Xiva xonliklariga yordam so’rab murojaat qiladilar. Biroq kutilgan yordam kelmadi. Og’ir vaziyatdan foydalangan Chernyayev 1865 yil 14 iyunda Toshkentga bostirib kiradi. Shaharliklar rus qo’shinlariga qattiq qarshilik ko’rsatishda davom etdi. Ruslar 15 iyunda shaharni deyarli egallab olishdi, biroq qarshilik hali ham davom etardi. 1865 yil 17 iyulь kuni shahar aholisi taslim bo’ldi.
1865 yil 6 avgustda podsho Aleksandr II ning Orenburg general-gubernatorligiga bo’ysunadigan Turkiston viloyati tashkil etilganligi to’g’risidagi farmoni chiqdi.
1866 yilning yanvarь oyida Chernyayev Jizzaxga hujum boshladi va bu jang uning mag’lubiyati bilan tugadi, natijada Chernyayev lavozimidan olib tashlandi. Hattoki, Turkiston o’lkasidan chiqarib yuboriliga sabab bo’ldi.
1866 yil mayda Turkistonning yangi gubernator D.I.Romanovskiy qo’mondonligi ostida Jizzaxga hujum uyushtirishdi. Buxoro amirligi Irjarda jangga kirdi Bu jangda dushmanlarning qo’li ustun kelib buxoroliklar birin-ketin Jizzax, Xo’jand, O’ratepa shaxarlarini tashlab orqaga chekindilar.
1867 yilda 2 iyulda Aleksandr II ning farmoni bilan Turkiston general-gubernatorligi tashkil topdi va K.P. Kaufman birishchi general-gubernator etib tayinlandi. Kaufman 1868 yil 25 yanvarda Qo’qon xoni Said Xudoyorxon bilan bitim tuzdi. Bu esa Kaufmanning O’rta Osiyoda harbiy yurishlarni bemalol davom ettirishga imkon yaratib berdi.
1868 yilda Kaufman Samarqandga yurish boshladi. 1868 yil 23 iyunda Rossiya bilan Buxoro o’rtasida shartnoma tuzildi. Shartnomaga ko’ra Buxoro amirligi 500 ming so’m oltin tanga hisobida tovon to’lash majburiyatini oldi va Samarqand va Kattaqo’rg’on shaharlarini Turkiston general-gubernatorligi tasarrufiga o’tkazildi.
Chor hukumatining bosqinchilik siyosatida Xiva xonligi alohida o’rin tutadi. Petr I va Nikolay I zamonidagi Xiva xonligini zabt etish uchun bo’lgan diplomatik va harbiy harakatlar samarasiz bo’lgan edi. Endi esa Xiva xonligi bosib olish uchun qulay imkoniyatlar vujudga kelgan edi. O’rta Osiyoning g’arbi-shimolida joylashgan bu davlatning atrofini Qoraqum va Qizilqum cho’llari va Ustyurt platosi o’rab olgan edi. Ruslar bu xarbiy yurishga katta tayyorgarlik ko’ra boshladilar.
1873 yilning mart oyida rus qo’shinlari Xivaga besh yo’nalishda hujum boshlaydilar: Jizzaxdan, Mang’ishloqdan, Krasnovodskdan, Orenburg va Kazalinskdan. Bosh qo’mondan etib Kaufman tayinlandi. Kuchlar jihatidan teng kelolmasligini tushunib yetgan Said Muhammad Raximxon II qochib ketadi. Biroq Kaufman urushni to’xtatib, Xiva xoniga taxtni egallashni taklif etadi va Said Muhammad Raximxon II rus davlatining vassali sifatida taxtni egallaydi. 1873 yilning avgust oyida Xiva yaqinida Gandimiyon qishlog’ida Rossiya va Xiva xonligi o’rtasida shartnoma imzolanadi. Bu shartnomaga ko’ra Xiva xoni siyosiy huquqlardan, mustaqil tashqi siyosat yuritish huquqidan mahrum etildi. Amudrayoning xonlikka qarashli barcha yerlari Chor Rossiyasiga berildi, rus savdogarlari va sanoatchilari Xiva xonligiga boj to’lash majburiyati dan ozod etildi. Xiva xoniga 2 mln. 200 ming tillo tanga hisobida tovon solindi. Shunday qilib, Xiva xonligi ham Rossiya vassaliga aylandi.
Endigi navbat Qo’qon xonligini yo’qotish edi. Ular Turkiston, Chimkent, Toshkent va boshqa joylarni egallab Qo’qon xonligiga qattiq zarba bergan edilar. 1868 yilda tuzilgan sulhga ko’ra Qo’qon xonligi Rossiyaga qaram bo’lib qolgan edi. Xudoyorxonning ruslarga itoatkorligi aholining g’azabini oshirdi. Natijada 1873 yilda Xudoyorxonga qarshi xalq qo’zg’aloni ko’tarildi va bu qo’zg’alon 3 yil, ya’ni 1876 yilgacha davom etdi.
1876 yil fevral oyida Qo’qon xonligi tugatilganligi, uning o’rniga Turkiston general-gubernatorligi tarkibida Farg’ona viloyati tashkil etilganligi to’g’risida Aleksandr II ning farmoni chiqdi. Farg’ona viloyatining gubernatori qilib general Skobelov tayinlandi.
Shunday qilib, 1876 yilga kelib O’rta Osiyo xonliklari birin-ketin Rossiya tomonidan bosib olindi. General Skobelov Oloy vodiysini ham bosib olib, Roosiya hukmronligini o’rnatdi. 1885 yilga kelib butun O’rta Osiyo yerlari rus qo’shinlari tomonidan bosib olinib, Rossiya imperiyasi tarkibiga kiritildi.
Rossiya O’rta Osiyo yerlarini tez muddat ichida bosib olganligining asosiy sabablari quydagilardan iborat.
1. Rossiyadan farqli o’laroq O’rta Osiyo xalqlarining iqtisodiy jihatidan ortda qolganligi;
2. Tinimsiz davom etgan feodal nizolar natijasida markaziy hokimyatning zaiflashib qolganligi;
3. O’rta Osiyo xonliklari o’rtasida o’zaro hamjihatlikning yo’qligi;
4. Xalq orasidan chiqqan ko’ngillilarning yomon uyushganligi;
5. Xonliklardagi muntazam armiyaning yomon qurollanganli gi va h.k.
Asosan ana shu sabablar uchta yirik davlatning o’z erkidan osonlik bilan mahrum bo’lishiga olib keldi. O’rta Osiyo Rossiyaning mustamlakasiga aylandi.
Rossiya O’rta Osiyoni bosib olgandan keyin ma’muriy boshqarish masalasi kun tartibiga qo’yildi. 1886 yilda imperator Aleksandr II tasdiqlagan «Turkiston o’lkasini boshqarish haqidagi Nizom»da boshqaruv tartibi qonuniy jihatdan rasmiylashtirildi. Unga ko’ra Turkiston general-gubernator ligi beshta viloyatga bo’lindi: Sirdaryo, Farg’ona, Samarqand, Yettisuv, Kaspiy orti viloyatlari shaxsan imperatorning o’zi tayinlagan rus harbiy gubernatorlari boshqarar edi. Bu beshta davlat o’z navbatida uyezd va volostьlarga bo’lib boshqarilgan. Sirdaryo viloyati quyidagi uyezdlarga bo’lib boshqarilgan: Toshkent, Avliyoota, Kazalinsk, Perovsk, Chimkent, Amudaryo bo’limi ham uyezdlarga bo’lingan. Farg’ona viloyatiga Marg’ilon, Qo’qon, Namangan, O’sh uyezdlari kirgan. Samarqand viloyatiga Jizzax, Xo’jand, Samarqand uyezdlari, Yettisuvga esa Vernыy, Jarkent, Kopal, Lepsin, Pishpak, Prjevalьsk uyezdlari, Kaspiyorti viloyatiga Ashxobod, Krasnovodsk, Marv, Tajan uyezdlari kirgan.
Viloyatlarga harbiy gubernatorlar shaxsan rus podshosi tomonidan tasdiqlangan. Uyezd boshliqlari rus armiyasi polkovniklari, uchastka pristavlari esa kapitan unvonidagi zobitlardan tayinlangan. Volostь boshqaruvchilari, yuzboshi-oqsoqollar, ellikboshilar va o’nboshilar esa saylov asosida mahalliy aholi vakillaridan saylangan. «Xalq sudьyalari»-qozilar ham aholi tomonidan saylangan. Quyi ma’muriyat aholining sotqin badavlat tabaqa vakillaridan bo’lib, harbiy ma’muriyat ana shularga suyangan.
Turkiston general-gubernatori o’z qo’lida harbiy va fuqarolik hokimiyatini birlashtirgan. General-gubernator amir faoliyatini Rossiya imperator siyosiy agentligi (1885-1917) orqali, Xiva xonini esa Amudaryo bo’limi (1873-1918) boshlig’i orqali nazorat qilgan.
Markaziy boshqaruvda general-gubernator mahkamasining ham ahamiyati katta bo’lgan. General-gubernator mahkamasi Bosh boshqarmaning ijroiya organi bo’lib, dastlab 4 bo’limdan iborat bo’lgan. Birinchi bo’limda ma’muriy va nazorat ishlarini boshqargan. Ikkinchi bo’lim bosh boshqarmaning moliyaviy-xo’jalik ishlari bilan shug’ullangan. Uchinchi bo’lim soliqlar, shaxarlar mablag’lari hamda boshqaruvga doir nizomlar loyihalarini tayyorlagan. To’rtinchi bo’lim esa maxsus bo’lim bo’lib, uning faoliyat doirasi juda keng bo’lgan. General-gubernatorning Buxoro amiri va Xiva xoni bilan bo’lgan munosabatlarni 1899 yilgacha mahkamaning diplomatiya idorasi boshqargan. 1899 yilda bu vazifani bajarish uchun general-gubernator huzurida diplomatik ishlar bo’yicha amaldorlik lavozimini joriy qilindi. Mahkama ixtiyoriga Turkiston ommaviy kutubxonasi, Toshkent muzeyi, markaziy arxiv «Turkestanskiy vedovosti» gazetasi hamda bosmaxona berildi.
Turkiston general-gubernatorligi markaziy bosh boshqarmasi tarkibida general-gubernatorga bo’ysunmaydigan markaz vakillari-adliya, moliya, ziroat va davlat mulklari vazirlik idoralari ham bo’lgan.
Rus mustamlakachilarining Turkistondagi asosiy tayanchi ma’muriy va majbur qiluvchi tashkilot-politsiya idorasi edi. U juda katta vakolatlarga ega edi. Bu idora mustamlakasilik qonun-qoidalariga amal qilishni nazorat ostiga olish, mahalliy xalq kayfiyatini va xatti-harakatlarini kuzatish, shubha ostiga olinganlarni qamash huquqlaridan keng foydalanishgan. General-gubernator-Bosh mirshab vazifasini o’tardi.
Mustamlakachilik ma’muriyatining muhim huquqiy organi-sud organlari hisoblangan. Sudlar ikki xil ko’rinishda bo’lib, sudlar va xalq sudlari bo’lgan. Birinchisi mustamlakachilik shaklida, ikkinchisi shariat asosida ish yurituvchi qozilik idorasi bo’lgan. Xalq sudlari ham asosan hamma jinoiy ishlarni ko’rishda mustamlakachi ma’murlar o’z foydalariga hal qilishgan. Oddiy mehnatkash xalq himoyasiz qolgan. 1886 yildagi «Nizom»ga ko’ra mavjud sud tartiblari saqlangan xolda unga ayrim o’zgartirishlar kiritildi. Tuman sudlari bekor qilindi. «Nizom»da sudlarni hokimiyat ta’siridan holi etish nazarda tutilgan bo’shishiga qaramay, sudlar butun hokimiyatni qo’lida to’plagan harbiy ma’muriyatning nazorati va ta’sirida bo’ldi.
Turkiston o’lkasida oliy sud-bu imperiya sudi edi. Bu sudda mustamlakachilik tuzumiga qarshi maqsadlarda sodir etilgan jinoyatlar ko’rilgan. Uning asosiy vazifasi mahalliy xalq orasidan chiqqan vatanparvarlarning qilgan xatti-harakatlari ustidan hukm chiqarish edi. Bu sudda shavqatsiz jazo, tergov, hukm usullari bilan xalq orasida dahshat solib turgan.
Rossiya O’rta Osiyoda mustamlakachilik siyosatini avj oldirish uchun avvalo temir yo’l qurishga alohida ahamiyat berdi. 1880 yil noyabrida Kaspiyorti temir yo’li qurilishiga kirishildi. U Qizil-Arvat va Ashxobod orqali 1888 yil 15 mayda Samarqandga yetib keldi. 1889 yil Marikadan Qushgacha, 1899 yilda Toshkent va Andijonga temir yo’l o’tdi. 1900-1906 yillarda Toshkent-Orenburg temir yo’li qurildi. Natijada o’lkadan ko’plab xom ashyo, tabiiy boyliklarni Rossiyaga mashaqqatsiz tashib ketish imkoniyati kengaydi.
Qishloq xo’jaligida katta o’zgarishlar yuz berdi. Sug’oriladigan maydonlar kengaydi. Shuning hisobiga qishloq xo’jalik mahsulotlari ko’paydi. Ayniqsa paxtachilikning rivojlanishiga katta ahamiyat berildi. Rus to’qimachilik sanoati asosan amerika paxtasiga moslashganligi tufayli, O’rta Osiyoga Amerikaga paxtaning yangi navlari keltirilib, ekila boshladi. Rossiya Turkistonda paxtachilikni rivojlantirish hisobiga chet el paxtasiga muhtojlikdan ozod bo’lib, o’zining xom ashyoga bo’lgan mustaqilligini ta’minladi.
Turkiston xalqlari rizqini ham enidan, ham bo’yidan qirqish rejasining yana bir bosqichi o’lkaga Rossiya aholisini ko’chirib keltirish orqali amalga oshirildi.1886 yilgi «Nizom» ruslarni Turkistonga ko’chirib keltirish yo’li bilan o’lkani ruslashtirish harakatini qonunan mustahkamlab, unga siyosiy tus berdi. Ko’chib keluvchilarga 10 tanobdan kam bo’lmagan yer ajratish belgilandi. Qonunga ko’ra o’lkaga ko’chib keluvchilarni tanlash va joylashtirish tartiblari belgilandi. «Bo’sh davlat yerlari»ga birinchi navbatda xizmatdan bo’shagan zahiradagi zobit, quyi unvondagi harbiy hizmatchilar joylashtirilishi alohida ko’rsatildi. Ammo qonun «Bo’sh davlat yerlari» atamasida qanday yerlar ko’zda tutilganligi to’g’risida izoh bermadi.
Ruslarni Turkistonga ko’chirish siyosati natijasida 1910 yilda Sirdaryo, Samarqand, Farg’ona viloyatlarida dastlabki 124 ta rus posyolkalari vujudga kelib, ularda 70 ming kishi yashagan. Ko’chib kelganlarning 36,7% molk-mulksiz, 61 % esa mutlaqo pulsiz bo’lib, ularga alohida unumdor yerlar tortib olib berilgach, asta-sekin boyib ketishdi. O’rta Osiyoda o’z hukmronligini mustahkamlash maqsadida, uzoqni ko’zlagan holda, Rossiya yer-suv munosabatlarida quyidagi siyosatini o’tkazdi:
1. Turkistonning barcha yerlari podshohlikning mulki deb e’lon qilindi. Yer o’troq mahalliy aholiga avloddan avlodga o’tadigan jamoa xonadon mulki sifatida, ko’chmanchi aholiga esa yerdan foydalanish bo’yicha avval mavjud bo’lgan odatlarga muvofiq muddatsiz ravishda umumiy foydalanish uchun berildi.
2. Aholi o’troq joylarda yer unga ishlov beruvchilarga biriktirildi. Chorikor-ijarachilar ham yer egalari bo’lib qolishdi. Chorizmning odatdan tashqari bu «xalqparvarlik» siyosati o’sha davrda u yer maydonlariga muhtoj bo’lmaganligi bilan izohlanadi.
3. Vaqf yerlariga tegilmadi, ammo ayrim hollarda vaqf yerlarini davlat ixtiyoriga olish ham mumkinligi belgilandi, keyinchalik esa, bu mulk butunlay tugatildi.
4. Avval xususiy mulk sifatida alohida imtiyozga ega bo’lgan yerlarga ham boshqa yerlar qatori soliq solindi.
5. Shahar tashqarisida rus aholisiga yer ajratish ta’kidlandi, ko’chirib kelingan ruslar aholisini joylashtirish uchun ajratiladigan maxsus fond bundan mustasno edi.
6. Ruslar mahalliy aholidan yer sotib olishi ta’kidlangan. Bu tadbirlar eski feodal tartiblarning mustahkamlanishiga yordam berdi.
Suv xo’jaligi soxasida esa chor ma’muriyati barcha suv zahiralarini o’z qo’liga to’plab olgan boy feodallar tabaqasi ning manfaatlarini ko’zlab ish tutdi.
Turkistonda paxta zavodlari bilan birga vino, pivo zavodlari, tamaki fabrikasi qurildi. 1908 yilda o’lkada 234 ta paxta tozalash zavodi bo’lib, bu yerda 70 ishchi ishlagan. Paxta zavodlaridan tashqari 20 ta yog’ zavodi, 9 ta vino zavodi, 9 ta un zavodi, 7 ta tamaki fabrikasi va boshqalar bor edi. Bu zavod va fabrikalarda ishlab chiqarish asosan qo’l mehnatiga asoslangan bo’lib, og’ir mehnatni mahalliy aholi vakillari bajarishgan. Sanoatning rivojlanishi shaharlarda aholi sonining o’sishiga olib keldi. Aholi ko’payib borishi ayniqsa Farg’ona shahrida sezildi. Yersiz qolgan dehqonlarning shaharga oqib kelishi, mardikorlarning ko’payishiga olib keldi. Mardikorlar uylaridan ish izlab ketib, 7-8 oylab yurishar edi. Kuniga 10-12 soatlab ishlab, o’rtacha 70 tiyindan xaq olishgan.
1890 yillardan boshlab Turkiston iqtisodiyotida Rossiya sanoati kapitali o’rnini moliya kapitali egallay boshladi. Natijada Rossiyaning O’rta Osiyo bilan savdo aloqalarida chigitli paxtani olib ketib, g’alla keltirish birinchi o’ringa chiqa boshladi.
Rossiyadan keladigan sarmoya miqdori ko’paydi, u savdoga ko’proq, sanoat va naqliyotga kamroq ajratila boshladi. Moliya sarmoyasining muhim vazifalaridan biri Turkistonni paxta koniga aylantirishdan iborat edi. Paxta yetishtirishni ko’paytirishdan faqat moliya sarmoyasi emas, balki o’sib kelayotgan ip-gazlama sanoati ham manfaatdor edi. Birinchi jaxon urishi arafasiga kelib O’rta Osiyo paxtasi Rossiyaning paxtaga bo’lgan ehtiyojini 50% qondira boshlagan edi.
Mustamlakachilik davridagi ijtimoiy-iqtisodiy ahvolning tahlili Turkiston xo’jaligi Rossiya ehtiyojlariga moslashtirilishi oqibatida kapitalizm noto’g’ri shaklda kirgani va yetarlicha rivojlana olmaganini ko’rsatdi.
Chor Rossiyasi O’rta Osiyoni bosib olgach, bu yerda o’zining shovinistik-ma’rifiy siyosatini yurgiza boshladi. Shovinist general Korolьkov bu borada o’z tavsiyalarini ishlab chiqdi va imperiya oliy harbiy siyosiy doiralari tomonidan qo’llab-quvvtlandi. General Turkistonda ruslashtirishning tezkor usuli loyihasini ishlab chiqib, Sank-Peterburgga tasdiqlatish uchun jo’natdi. Loyihaga ko’ra ma’naviy, ruhiy, milliy qadriyatlarni targ’ib qilish o’chog’i bilan madrasalardagi ta’limga shovinistik g’oyalarni olib kirish birinchi o’ringa chiqarildi. Madrasalarda rus tilini o’qitish g’oyasi ilgari surildi. Bu g’oyatda nozik va qaltis tadbirni zo’ravonlik bilan emas, aksincha ixtiyoriy asosda amalga oshirilishi lozimligi uqtirildi. Shu maqsadda general Korolьkov rus tiliga davlat tili maqomini berish, barcha mahalliy amaldor larga davlat tilini o’rganish uchun 5 yil muddat berish va 15 yildan keyin esa mansabga da’vogar kishilardan faqat ruschani biladiganlarini mingboshi, yuzboshi, qozi va oqsoqol lavozimlariga tayinlashni taklif etdi. Markaz Korolьkov g’oyasini qizg’in qo’llab-quvvatladi va tezda ijro etish uchun general-gubernator zimmasiga yukladi.
Bu tadbirdan kuzatilayotgan siyosiy maqsad o’zbek xalqi milliy qadriyatlarini va sharqona an’analarini yevropacha ma’naviy-ruhiy muhit bilan almashtirishdan iborat edi. Turkiston o’lkasi qanchalik tez ruslashtirilsa, mustamlakachilik tizimi shuncha mustahkam asosda qurilar, xalqning milliy vatanparvarlik tuyg’usi shuncha tez barham topar edi. Shuning uchun ruslashtirish siyosati birinchi o’ringa chiqaril di.
Rus missionerlari va ma’rifatchilari tomonidan Turkis tonda dastlabki pravoslav cherkovlari va maktablari ochildi. 1866 yilda Toshkentda birinchi rus-tuzem maktabi ochildi. 1900 yilga kelib bunday maktablarning soni 23 taga yetdi.1876 yilda erkaklar, 1878 yilda esa ayollar gimnaziyasi ochildi. 1894 yilda esa Buxoro amirining xayri-ehsoni tufayli Toshkentda hunar bilim yurti ochildi.
O’rta Osiyoda hal qilinishi qiyin bo’lgan muammolardan biri-aholi tibbiy yordamini tashkil qilish masalasi edi. Rossiyadan ko’chib keltirilgan harbiy vrachlar, faqat rus ma’muriyati va harbiylar sog’lig’ini saqlash yo’lida xizmat qilgan. 1868 yilda Toshkentda birinchi harbiy lazaret ochilgan va u 30 kishiga mo’ljallangan. 1870 yilda Toshkentda, Samarqandda o’lkada yashovchi rus grajdanlari uchun shifoxonalar qurib ishga tushirilgan. Mahalliy aholiga xizmat ko’rsatish maqsadida 1883 yildan to 1991 yilgacha bo’lgan davrda qator shaharlar-Toshkent, Samarqand, Xo’jand, Qo’qon, Andijon, Namangan, Eski Marg’ilon, Buxoro ambulatoriyalari ochilgan. Ana shu ambulatoriyalar o’sha davrda Turkistonda mahalliy xalq tinkasini quritgan qator-vabo, o’lat, bezgak, terlama, difteriya, chechak kabi infeksion kasalliklarga qarshi kurash olib borgan.
1868 yilda Toshkentda chechakka qarshi emlashning Djenner usuli dastlab qo’llandi. 1879 yilda Turkiston general-gubernatori Kaufman «Turkiston general-gubernatorligida chechakka qarshi emlash to’g’risida qonun»ni tasdiqladi va shu asosda barcha viloyat va uyezdlarda emlash ishlari olib borildi.
Turkistondagi aholining rus qismiga o’lka to’g’risidagi ma’lumotlar yetkazib berish va siyosiy ahvoldan boxabar qilib turish maqsadida Turkistonda turli xil gazetalar chop etildi. 1870 yilda «Turkestanskiye vedomosti» gazetasining birinchi soni chiqdi. 1889 yilda «Russkiy Turkestan», 1894 yilda «Okraina» gazetalari chot etildi. 1871 yilda esa Turkiston o’lkasining muzeyi tashkil etildi.
Mustamlaka yillarida Turkiston mahalliy aholisi har tomonlama tahqirlana boshladi. Shaharlarda rus kvartiralari, xiyobonlar tashkil qilindi, biroq bu joylarga mahalliy aholining kelishi, xiyobonlarda sayr qilishi taqiqlandi. Bunday tahqirlanishdan asta-sekin xalq noroziligi kuchayib bordi. Mahalliy aholida rus ma’muriyatiga, Turkistonda olib borilayotgan mustamlakachilik siyosatiga qarshi kayfiyat kuchayib, milliy-ozodlik harakat lari boshlanib ketdi.
XIX asrning oxiri XX asr boshlarida O’rta Osiyo xonliklarida fan, san’at, me’morchilik, musiqa madaniyati o’ziga xos uslubda rivojlandi. Bu davrlarda ijod qilgan faylasuf va tarixchilar quyidagilar: Ahmad Donish, Mirzo Abduazim Somiy Bo’stoniy, Muhammad Yusuf Bayoniy, Mirza Salimbek, Mulla Olim Mahmud hoji, Muhammad Solih Rahim Qoraxo’ja o’g’li.
Adabiyotda esa Muqimiy, Furqat, Avaz O’tar, Zavqiy, Sadriddin Ayniylar xalqlarning erki, ilm ma’rifati, chorizmga qarshi kurashish tuyg’ularini shakllantirish borasida ko’plab asarlar yaratdilar.
XIX asrning oxiri XX asr boshlarida Turkiston musiqa san’atida namoyandalardan: Domla Halim Ibodov, Sa’dulla Baqojon, Hoji Abdulaziz Abdurasulov, Mulla To’ychi Toshmuhamedov, Muhiddin Qori Yoqubov, Usta Ro’zmat Isaboyevlar sermahsul ijod qilishdi.
XIX asrning oxiri XX asr boshlarida Turkistonda Sitorai Mohi Xosa (Buxoro), Islom Xo’ja minorasi (Xiva), Andijon jome’ masjidi, Nurillaboy saroyi (Xiva) va h.k. me’moriy inshoatlari qurilgan bo’lib, ularning ayrimlarida ham Sharqona, ham G’arbona uslublarni kuzatish mumkin edi.
Xulosa qilib aytganda, XIX asrning oxiri XX asr boshlarida O’rta Osiyo xonliklari taraqqiyotida tanazzul bo’lib, xalqlar o’z erki va ozodligidan mahrum etildi. Xalq ikkiyoqlama zulm ostida (mahalliy amaldorlar va chorizm) ezildi. Shunday sharoitda istiqlol g’oyasi o’rtaga tashlangan milliy ozodlik harakatlapri boshlanib ketdi. Bu kurashlar yillar davomida uzluksiz davom etdi.
Adabiyotlar
1. Karimov I.A. Istiqlol va ma’naviyat. T.: O’zbekiston, 1994.
2. Ziyoyev X. Turkistonda Rossiya tajovuzi va hukumronligiga qarshi kurash. T.: “Sharq” 1998.
3. O’zbekiston tarixi (XIX asrning 2 yarmi XX asr boshlarida) T.: 1994.
4. O’zbekistonning yangi tarixi. 1 kitob. Turkiston chor Rossiyasi mustamlakachiligi davrida. T.: “Sharq”, 2000.
5. Abduraximova N., Rustamova G. Kolonialьnaya sisteme vlasti v Turkestanet. T.: 2000.
Do'stlaringiz bilan baham: |