2.Abdulla Avloniyning lingvistik merosi
(1878 – 1934)
XX asr boshlaridagi ma’rifatparvarlik harakatida Abdulla Avloniy alohida ajralib turadi. U boshqa jadidlar kabi yangi tipdagi maktablar ochish, gazetalar nashr qilish va matbuot orqali xalqni uyqudan uyg‘otish, yangi tipdagi maktablar uchun yangi darsliklar yozish, teatrni rivojlantirish, sahna asarlari orqali xalq o‘rtasida turmush illatlarini fosh etish harakatida bo‘ldi. Buning uchun esa sahna asarlari yozish bilan shug‘ullandi.
Abdulla Avloniy 1904- yili Toshkentning Mirobod mahallasida yangi maktab ochdi. Bu maktabda savod o‘rganishning yangi texnologiyasi joriy qilindi. Eski usulda savod chiqarish uchun bir necha yillab vaqt ketsa, yangi maktabda bolalar olti-etti oyda savodli bo‘la boshladi. Maktabda dunyoviy ta’lim berishga katta e’tibor berildi.
Natijada qisqa muddatda maktabning dovrug‘i Toshkentning boshqa mahallalariga ham tarqaldi. Shuning uchun maktabga keluvchilar soni tobora ko‘paya bordi. Bu haqda Abdulla Avloniyning o‘quvchilaridan biri Yusuf Tohiriy quyidagilarni yozgandi: «Shaharning qarama-qarshi chekkasida, temir yo‘l ishchilari istiqomat qiladigan Mirobodda yangi tipdagi maktab ochilgani haqida eshitib qoldik. Tez orada bu maktabning fazilatlari haqidagi shov-shuvlar, uning muallimi Avloniyning dovrug‘i butun shaharga tarqaldi. Hammaning tilida Miroboddagi maktab olti oyda o‘qish-yozishni o‘rgatarmish, jug‘rofiyo, hisob, tabiatni o‘rganish degan darslar o‘qitilarmish, degan gap yurardi. Bizga juda sirli tuyulgan bu maktabni va uning donishmand muallimini ko‘rishga hammamiz oshiqardik. Nihoyat, bir kuni uch-to‘rttamiz borishga jazm qildik. O‘qishga qabul qilindik. Ko‘p o‘tmay ko‘z oldimizda yangi bir dupyo ochilganiga to‘la ishonch hosil qildik. Bizning bolalarning oldi bir necha yildan beri maktabga qatnab yurgan bo‘lsa ham, mirobodliklar oldida uyalib qoldik. Ular o‘qish-yozish, hisob masalalarini hal etish, tabiat hodisalaridan xabardor bo‘lish, juda ko‘p she’r va hikoyalarni yod bilishlari bilan hammamizni lol qoldirishdi. Ayni zamonda, bizning eski maktabimiz bo‘shab, Miroboddagi Abdulla Avloniy maktabi bizdan borgan bolalar bilan liq to‘ldi»3.
Abdulla Avloniy o‘zi ochgan maktabda dars berish bilan bir vaqtda yangi darsliklar ham yozdi. Ular ichida «Birinchi muallim», «Ikkinchi muallim», «Turkiy guliston yoxud axloq» kitoblari alohida o‘rin egallaydi.
Boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga savod o‘rgatishga bag‘ishlangan «Birinchi muallim» kitobi oktabr to‘ntarishigacha to‘rt marta nashr etildi. Muallif Saidrasul Aziziyning «Ustodi avval» kitobiga suyangan holda, ayni paytda, o‘zining muallimlik tajribasi asosida original asar yaratgan.
Shunday qilib, Abdulla Avloniyning «Alifbo», «Ikkinchi muallim» (1912) asarlari birinchi kitobning bevosita davomi hisoblanadi. Unda savodi chiqqan o‘quvchilarni o‘qitmoq maqsadida axloqiy hikoyalar, she’riy parchalar keltiradi. Shuning uchun u xrestomatik xarakterga ega.
Avloniyning falsafiy, axloqiy va tilshunoslik bo‘yicha qarashlari ko‘proq 1913-yili yuqori sinf o‘quvchilari uchun mo‘ljallab yozilgan «Turkiy guliston yoxud axloq» asarida aks etgan.
Uning fikricha, inson aql-farosati, tili bilan hayvondan farq qiladi. «Aql insonlarning piri komili, murshidi yagonasidur. Ruh ishlovchi, aql boshlovchidir... Hayvonlar o‘zlariga bo‘laklar tarafidan keladurg‘on zulm va jabrlarni shox, tish, tumshuq va tirnoqlari ila qaytarurlar. Lekin... aql va idrok soyasida o‘ziga keladurg‘on zarar va zulmlardan saqlanur. yer yuzidagn hayvonlarni asir qilib, bo‘ynidan boylab, iplarini uchinchi qo‘llariga bergan insonlarning aqlidur4.
Muallif har qanday millatning muhim belgilaridan biri til birligi belgisi ekanini, shuning uchun ham tilga e’tibor – millatga bo‘lgan e’tibor, aksincha, tilni yo‘qotmoq millatni yo‘qotmoq ekanini ta’kidlaydi. Bu haqda Abdulla Avloniy quyidagilarni yozadi: «Har bir millatning dunyoda borligini ko‘rsatadurg‘on oynai hayoti til va adabiyotidir. Milliy tilni yo‘qotmak millatning ruhini yo‘qotmakdur».5
Shunday ekan, har bir millat o‘z tiliga e’tibor bilan qaramog‘i, uning istiqboli uchun qayg‘urmog‘i lozimligini bayon qiladi. O‘zbek tilining arabiy, forsiy unsurlar bilan to‘lib-toshib ketgani, shuning uchun bu tilni o‘z ichki imkoniyatlari asosida rivojlantirish, xalq tiliga yaqinlashtirish zarurligi ko‘rsatiladi.
«Yaxshi qo‘shningdan olguncha yomon uyingni qidir demishlar, – deb yozadi bu haqda Avloniy. – Bobolarimizga yetushg‘on va yarag‘on muqaddas til va adabiyot bizga ham kamlik qilmas. O‘z uyimizni qidirsak va axtarsak, yo‘qolganlarini ham toparmiz»6.
Avloniy yoshlarni o‘z tiliga hurmat va muhabbat qo‘yish, uni chuqur o‘rganish bilan birga boshqa tillarni bilishga ham da’vat etadi.
Muallif ijtimoiy-ruhiy til va xususiy, bevosita voqelangan nutqni juda chiroyli ifodalar bilan farqlaydi: «Umumiy milliy tilni saqlamoq ila barobar xususiy, og‘iz orasidagi tilni ham saqlamak lozimdur»7. Bu bilan Avloniy til va nutq o‘rtasida mavjud bo‘lgan umumiylik-xususiylik dialektikasini ochib beradi.
Muallif kishilarning aloqa vositasi bo‘lgan tilga qanchalik e’tibor lozim bo‘lsa, bu tildan foydalanayotgan shaxslar tili(nutqi)ga ham shunchalik e’tibor kerakligini ta’kidlaydi. “Chunki so‘z insonning daraja va kamolini, ilm-fazlini o‘lchab ko‘rsatadurg‘on tarozusidir. Aql sohiblari kishining dilidagi fikr va niyatini, ilm va quvvatini, qadr va qiymatini so‘zlagan so‘zidan bilurlar”8.
Shuning uchun Avloniy yoshlarni so‘zdan o‘rinli foydalanishga, so‘z qadriga yetishga da’vat etadi. Chunki so‘z insonning qudratli quroli, ezgulikka ham, razillikka ham sabab bo‘luvchi tengsiz vositadir. Ana shuni hisobga olgan holda muallif yozadi: «Agar so‘z aql va hikmatga muvofiq bo‘lub, o‘ziga yoki eshituvchiga bir foyda chiqadurg‘on bo‘lmasa, asalarilar orasida qovoqari kabi quruq g‘ung‘urlamoq, faqat bosh og‘rig‘idan boshqa narsa emasdur. Boshimizga keladurg‘on qattiq kulfatlarning ko‘pi yumshoq tilimizdan keladur».
Shunlay qilib, Abdulla Avloniy XX asr boshlaridagi o‘zbek ma’rifatchilarining eng yorqin vakillaridan biri sifatida o‘zbek milliy pedagogikasi shakllanishida, maktab-maorif faoliyatini isloh etishda, yangi darsliklar yaratishda katta xizmat qilgan holda, millatning muhim bir belgisi bo‘lgan tilga va bu qudratli vositani o‘rganadigan tilshunoslikning rivojiga ham o‘z ulushini qo‘shdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |