10-amaliy mashg‘ulot. Moyli urug‘lar po‘stlog‘larining xossalari va urug‘larni pachoqlash (yanchish) usullarini tanlash.
Ishning maqsadi va vazifasi: moyli urug‘lar po‘stlog‘larining xossalari va urug‘larni pachoqlash uslullarini o‘rganish.
Ishni bajarish tartibi: Moyli urug‘lar po‘stlog‘larining xossalari va urug‘larni pachoqlash (yanchish) usullarini tanlash urug‘larni pachoqlash usulini tanlashda ularning fizik – mexanik hossalari, asosan urug‘larning mexanik hossalari – pishiqligi, tarangligi, plastikligi kabilar hisobga olinadi.
Po‘stloqlarni mustahkamligi deyilganda ularni parchalash uchun talab etiladigan kuch qiymati tushuniladi. Po‘stloqlarning taranglik va plastiklik xossasi deyilganda taranglik va plastik deformatsiyalanish orasidagi nisbat tushuniladi. Taranglik deformatsiyasi kuch ta’siridan so‘ng yo‘qoladi, plastik deformatsiya esa saqlanib qoladi.
Po‘stloqlarning mustahkamligi va pishiqlik – plastiklik xossalari urug‘larni namligidan kelib chiqadi. Har bir ekin turi uchun urug‘lari namligining ma’lum intervali bo‘lib, bunda kuch minimal bo‘ladi, % da;
-kungaboqar uchun – 14.1%
-kanakunjut uchun – 5.80...6,50
-meva danaklari uchun – 11.00...12,00
Turli moyli ekinlar urug‘lari po‘stlog‘i xossalariga ko‘ra bir-biridan ko‘p jihatdan farq qiladi.
Kungaboqar va qisman soya urug‘larining po‘stlog‘i nozik bo‘ladi, bundan tashqari, kungaboqar urug‘larining po‘stlog‘i tolali bo‘ladi va tolalari bo‘ylab oson chaqiladi. Bu urug‘larning pachoqlash uchun bichli (darrali) yoki markazdan qochma urug‘ yanchgichlarda hosil qilinadigan zarb ta’siridan foydalaniladi.
Kanakunjut urug‘larining po‘stlog‘i ham nozik bo‘ladi, bundan tashqari tarkibida moy miqdori bo‘lgan yumshoq yadroga ega. Zarb ta’siridan yadro parchalanishi mumkin. Kanakunjut urug‘ini chaqish uchun siqish usulidan foydalaniladi. Siqish jarayoni maxsus mashinalarning ikkita silliq vallari orasida amalga oshiriladi.
Xantal va meva danaklari ham siqish usulida pachoqlanadi.
Chigit po‘stlog‘i pishiq va elastik bo‘lib, yadroga zich yopishgan va yuzasi tuk bilan qoplangan bo‘ladi. Chigitni pachoqlash uchun pichoqli qirg‘ichlardan foydalangan holda chaqish usulidan (kam tukli, ingichka tolali navlar uchun) va diskli qirg‘ichlarni qo‘llagan holda kesish usulidan (yuqori tukli, o‘rta tolali chigit navlari uchun) foydalaniladi.
Urug‘larni fizik-mexanik xossalariga urug‘larni dastlabki qizdirish jarayoni ham ta’sir ko‘rsatadi. Masalan, kungaboqar urug‘larini 50 0C gacha isitish po‘stloq mustahkamligini 15...20 % ga kamaytirib, bu ularni pachoqlash jarayonini sezilarli darajada osonlashtiradi.
Po‘stloqlarni mexanik xossalaridan tashqari, urug‘larni pachoqlash jarayoniga po‘stloq qalinligi, havo qatlamining qalinligi, yadroni po‘stloq bilan birikish mustahkamligi, zarb yo‘nalishi kabilar ta’sir ko‘rsatadi.
Zarb yo‘nalishi urug‘larni pachoqlash jarayonida muhim ahamiyatga ega. Po‘stloq pishiqligi turli o‘qlar yo‘nalishida har xil bo‘ladi. Tadqiqotlardan shu ma’lumki, kungaboqar urug‘larini pachoqlanishini solishtirma ishining o‘rtacha qiymatlari urug‘lar joylashuvidan kelib chiqib turlicha bo‘ladi (24-rasm).
24-rasm. Solishtirma ish qiymatini (Dj/kg) zarb yo‘nalishiga bog‘liqligi.
Ayniqsa, moyliligi yuqori bo‘lgan kungaboqar urug‘larini pachoqlash qiyin amalga oshadi. Bunday urug‘larning po‘stlog‘i yupqa, shu bilan birga mustahkam bo‘lib, yadro va po‘stloq orasidagi kam havo qatlamiga va moyliligi yuqori bo‘lgan yumshoq yadroga ega.
Urug‘larni pachoqlash uchun qo‘llanilayotgan kuch qiymatlari urug‘larning o‘lchamidan kelib chiqib o‘zgaradi. Mayda urug‘larning po‘stlog‘i yupqa va nisbatan mustahkam, lekin yadroga zich birikkan bo‘ladi. Shuning uchun urug‘lar pachoqlanishidan oldin o‘lchami bo‘yicha fraksiyalarga ajratiladi. Bu urug‘larni pachoqlash jarayonini maqbullashtirishga imkon beradi. Bundan tashqari, urug‘ massasini fraksiyalash uning saqlanuvchanligini ta’minlaydi, chunki tarkibida yetilmagan, sovuq urgan moyli aralashmalar va iflosliklar miqdori yuqori bo‘lgan, saqlash jarayoniga chidamsiz mayda fraksiyani ajratib olishga imkon beradi. Bu fraksiya birinchi navbatda qayta ishlanishi zarur. Yirik fraksiya esa, aralashmalardan maksimal darajada tozalangach, saqlashni me’yoriy sharoitlarida uzoq vaqt sifati o‘zgarmasdan saqlanishi mumkin. Fraksiyalanish jarayoni kungaboqar, soya, kanakunjut urug‘lari uchun qo‘llaniladi.
Nazorat uchun savollar.
1. Moyli urug‘lar po‘stlog‘larining xossalari va tuzulishi?
2. Moyli urug‘lar po‘stlog‘larining xossalari va urug‘larni pachoqlash (yanchish) usullarini tanlash?
Do'stlaringiz bilan baham: |