Isyonning borishi
1892-yilning 24-iyun kuni erta tongdan Toshkentda 400 kishini jamlagan qo‘zg‘olon boshlandi. Qo‘zg‘olonchilar dastlab shahar oqsoqoli Muhammad Yoqub Karimberdining ruslarga yashirin dafn marosimlari haqida xabar yetkazganini eshitib, yangi shahardagi shahar ma’muriyati binosiga tayoq, ketmon, o‘roq kabi qurollar bilan qurollanib hujum uyushtirdi. Hujum natijasida Putinsev ham, Muhammad Yoqub ham yaralandi. Qo‘zg‘olonchilar shahar oqsoqoliga tosh yog‘dirdi. Bu esa “Toshotar voqeasi” nomi bilan tarixda qoldi.
Putinsev maxsus rota chaqirishga majbur bo‘ldi va qo‘zg‘olon bostirildi. Qo‘zg‘olonchilar qochishga tushib, ko‘pchilik o‘zini shaharni ikkiga bo‘lib turgan anhorga tashladi. Keyinchalik anhordan 80 kishining jasadi topilgan. Bu paytda Chimyonda dam olishda bo‘lgan general-gubernator Aleksandr Vrevskiy 25-iyun kuni shaharga yetib keladi. Eski shaharga 200 kishilik kazak otryadi va to‘rtta rota yuboriladi. Askarlar 30-iyungacha shaharda qoladi. Shu yilning dekabr oyida okrug sudida qo‘zg‘olonchilar sud qilinadi. 60 kishi sudga tortilgan bo‘lsa, shulardan sakkiztasi o‘lim jazosiga, ikkitasi Sibirga surgun etiladi hamda 15 kishi turli muddatlarga qamoqqa hukm qilinadi.
O‘sha davrda yashagan guvohlarning aytishiga qaraganda, qo‘zg‘olonchilarda dastlab hujum qilish niyati bo‘lmagan, ularda qurol ham yo‘q edi. Ularning talabi mahalliy aholiga nisbatan bo‘layotgan kamsitishlar, zo‘ravonliklar, narxlarning oshishi kabi bir qator muammolarga qarshi chora ko‘rishni so‘rab shahar hokimiga murojaat qilish bo‘lgan. Ammo Putinsevning qurolsiz olomonga qarshi kuch ishlatish haqidagi buyrug‘idan keyin ular toshlar bilan hujumga o‘tishgan. Hokimiyat binosi vayron etilib, shahar oqsoqolining uyiga o‘t qo‘yilgan.
Isyonning oqibatlari
“Vabo isyoni” o‘sha paytdagi Chor ma’muriyatining o‘lkada olib borayotgan siyosati zo‘ravonlik ustiga qurilganini ko‘rsatib berdi. Albatta, bu borada mahalliy va rus tarixchilarining xulosalari turlicha va bir-biridan keskin farq qiladi. Ayrimlar isyonni milliy ozodlik kurashlarining debochasi deb hisoblaydi. Qo‘zg‘olon nimalarni o‘zgartirdi?
Qo‘zg‘olon rus ma’murlarini tashvishga solib qo‘ydi. General-gubernator markazdan politsiya shtatini ko‘paytirish va jazo vakolatlarini kengaytirishni so‘radi. Peterburg ushbu istaklarni qabul qildi va mustamlakachi ma’murlarga kengaytirilgan vakolatlar berildi. General-gubernator “qattiq qo‘riqlanadigan hudud” deya e’lon qilingan hududlarda namoyish va yig‘ilishlarni tarqatib yuborish, tijorat korxonalarini yopish, matbuotni taqiqlash, jarimalar joriy qilish, xohlagan kishini surgun qilish va boshqa huquqlarni qo‘lga kiritdi.
“Favqulodda qo‘riqlanadigan hudud”larda hokimiyat to‘liq general-gubernatorga yoki u tomonidan tayinlangan o‘rinbosarga topshirildi. Shuningdek, qo‘zg‘olonning kuch va qon bilan bostirilgani mustamlakachilarning o‘z manfaatlari himoyasi yo‘lida har qanday yo‘ldan qaytmasliklarini ko‘rsatib berdi. Bu yo‘lda ular mahalliy xalqning an’analarini, e’tiqodlarini, milliy qadriyatlarini oyoqosti qilishdan ham tap tortmasliklari ayon bo‘ldi. Bu bilan ular o‘lkaning haqiqiy hokimi kim ekanini ko‘rsatishga uringan bo‘lishi ham ehtimoldan yiroq emas.
Xulosa o‘rnida
Bunday qo‘zg‘olonlar mamlakat hukumati tomonidan qabul qilinadigan noto‘g‘ri qarorlarning natijasi ham bo‘lishi mumkin. Jumladan, yosh rus olimi Vladimir Xavkin 1892-yilda Paster institutida vabo epidemiyasiga qarshi vaksina ishlab chiqib, uni sinab ko‘rish maqsadida Chor hukumatiga murojaat qiladi. Ammo Rossiya bu taklifni rad etadi. Rad etishining sababi esa gigiyenachilar va bakteriologlar o‘rtasidagi kelishmovchilik deb hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |