Ekologik muammo, ekologik holat va ekologik vaziyat to‘g‘risidagi tushuncha. Ekologiya hozirgi zamonning keng miqyosdagi keskin ijtimoiy muammolaridan biridir. Uni hal etish barcha xalqlarning manfaatlariga mos bo’lib, sivilizatsiyaning hozirgi kuni va kelajagi ko’p jihatdan ana shu muammoning hal qilinishiga bog`liqdir.
Taraqqiyotning hozirgi bosqichida inson bilan tabiatning o’zaro ta’siriga oid bir qator muammolarni hal etish faqat bir mamlakat doirasida cheklanib qola olmaydi. Ularni butun sayyoramiz ko’lamida hal qilish zarur. Ko’rinib turibdiki, tabiiy muhitni inson yuritadigan xo’jalik faoliyatining zararli ta’siridan himoya qilish bilan bog`liq ko’pgina muammolar keng ko’lam kasb etadi. Shu sababli ular faqat xalqaro hamkorlik asosida hal qilinishi lozim.
Ekologiya muammosi Yer yuzining hamma burchaklarida ham dolzarb. Faqat uning keskinlik darajasi dunyoning turli mamlakatlarida va mintaqalarida turlichadir.
Ekologik muammolarning insoniyat oldida tobora keskinroq, ko‘ndalang bo‘layotganligi, sayyoraviy muammolarga aylanib ketayotganligi insoniyatning kelgusi hayotida ham og‘ir tashvishlar keltirib chiqarishi aniq bo‘lib qoldi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti kelayotgan o‘n yillikda quyidagi ekologik muammolar sayyoraviy tus olishini ham e’lon qildi. Bu muammolar quyidagilar:
Havoning zaharlanishi;
Daryo va suv havzalarining ifloslanishi;
Tuproq tarkibining o‘zgarishi va hosildor yerlarning sho‘rlanib borishi.;
Ekologik toza oziq-ovqat miqdorining kamayib borishi;
Atmosfera azon qatlamining yemirilishi:
Inson sog‘ligiga zarar yetkazadigan texnik moslamalarning ko‘plab ishlatilishi.
Sivilizatsiya, rivojlanishining erta bosqichlari xavfidan o‘zini himoya qilishni uddalagan bo‘lsa, hozirgi kundagi ilmiy-texnika taraqqiyoti davrida himoya sohasida juda qiynalib qoldi. Chunki insoniyatning o‘zi tabiat resurslaridan foydalanishga nisbatan shunchalik shiddatli tezlikni tanladiki, bu tezlik xavfidan qutulish uchun himoya tizimini qurish, yaratish juda murakkablashib bormoqda.
Ekologik muammolar sub’ekti (insonning yashash faoliyati uchun sharoit va mablag‘ ishlab chiqarish) bilan ob’ekt (tabatning rivojlanishi qonuniyatlari, resurslarning chegaralanganligi, mavjud texnologiyalar darajasi) o‘rtasidagi ehtiyojlar qarama-qarshiligi kuchayib ketganda namoyon bo‘ladi. Ekologik xavfni sub’ektning ob’ekt bilan birgalikda o‘zini rivojlantirish, o‘zgartirish natijasida yo‘q qilish mumkin. Buning ma’nosi-ehtiyojlarni iqtisodiy, tanqidiy tahlil qilish, sub’ektning talablarini tafakkur nuqtai nazaridan qayta ko‘rish, ishlab chiqarishdagi «Inson + Tabiat + Jamiyat» tizimiga amal qilish lozim bo‘ladi. Ekologik muammo ekologik xavfdan, ekologik xavf esa ekologik vaziyatdan kelib chiqadi. O‘zbekistonda ishlab chiqarishning keng miqyosda taraqqiy etishi bilan inson o‘rtasidagi munosabatlarni tobora keskinlashtirmoqda. Har bir tabiiy majmua o‘zining inson tomonidan buzilishi jihatdan ma’lum darajasidagi ekologik holatga ega bo‘lib, ular biri-biridan mazkur holatning og‘ir yoki yengilligi, murakkabligi, majmualiligi bilan farq qaladi. Ekologik holat umumiy tushuncha va o‘sha hudud uchun nisbatan barqaror xususiyatlarga ega. Barqarorligidan o‘zoq muddatlarda ham o‘zgarmasligi mumkin. Lekin ekologik holat ba’zan og‘irlashuvi va yengillashuvi ham mumkinki, bu hol ishlab chiqarish maromiga bog‘liq. Atrof-muhitga ta’sir tezlashsa ekologik holat og‘irlashadi va aksincha.
Ekologik holatning turli darajada sodir bo‘lishi hududda har xil vaziyatlarni shakllantiradi. Ekologik vaziyat ekologik holatning ma’lum bir vaqtdagi ahvoli, binobarin, u beqaror bo‘lib makonda vaqt mobaynida bir vaziyatdan ikkinchi vaziyatga o‘zgarishi mumkin. Demak, ekologik vaziyat makonda ma’lum bir vaqt mobaynida sodir bo‘ladi. Hamda ekologik aniq va ravshan aks ettiradi.
O‘zbekistonda ekologik vaziyatlar tabiiy resurslardan foydalanish darajasi, ishlab chiqarishni rivojlantirish, atrof-muhitning ifloslanishini oldini olish tadbirlari qo‘llanilishi ko‘lamiga qarab turli darajalarda hosil bo‘lmoqda. Majmuali ekovaziyat barcha tabiiy kamponentlarning o‘zgarishi oqibatida hosil bo‘ladi. Masalan, Orol bo‘yidagi vaziyatni madmuali ekovaziyat deb hisoblash kerak, chunki, u hududda barcha tabiiy kamponentlar cho‘llanish natijasida tubdan o‘zgarishga uchrab, dastlabki gidromorf vaziyat endilikda kseromorf, gidrogalomorf va avtomorf vaziyat bilan butunlay almashgan.
Ekovaziyat ba’zan bir omil yoki komponent bilan bog‘liq holda yuzaga keladi. O‘zbekistonda aksariyat katta hududlardagi ekovaziyat suv resurslarining ifloslanishi tufayli xatarlidir. Daryo suvlarini ichimlik suvi sifatida ishlatib bo‘lmasligi, sug‘orishda foydalanganda tuproq sho‘rlanishining kuchayishi, tuproqning turli chiqindilar bilan ifloslanishi ekologik holatni jiddiylashtirmoqda.
Daryoning sifatsiz suvini iste’mol qilish Quyi Amudaryo, Quyi Sirdaryo, Quyi Zarafshon, Quyi Qashqadaryo kabi ko‘plab hududlarda aholi orasida turli xavfli kasalliklarning tarqalishiga sabab bo‘lmoqda. Ayniqsa, 1 yoshgacha bo‘lgan go‘dak, yosh bolalar, ayollarda og‘ir asorat qoldirayapti, aholi orasida o‘lim ba’zi tuman va viloyatlarda nisbatan ko‘p.
Olimlarning tadqiqotlariga ko‘ra respublikada suv resurslari bilan bog‘liq bo‘lgan ekovaziyat ustivor bo‘lib, atmosfera havosining ifloslanishi va boshqa, sabablar bilan bog‘liq ekovaziyatlar keyingi o‘rinlarda turadi.