[
OKOZ:
1.19.00.00.00 Xalqaro munosabatlar. Xalqaro huquq / 19.01.00.00 Davlatlararo aloqalarda umumiy masalalar / 19.01.01.00 Davlatlar bilan o‘zaro munosabatlarda asosiy tamoyillar]
[
TSZ:
1.Tashqi siyosat va xalqaro munosabatlar / Umumiy masalalar]
O‘zbekiston
Respublikasining Qonuni
O‘zbekiston Respublikasi tashqi siyosiy faoliyatining asosiy prinsiplari to‘g‘risida
LexUZ sharhi
Mazkur Qonun O‘zbekiston Respublikasining 2012-yil 10-sentabrdagi O‘RQ-330-sonli “O‘zbekiston Respublikasining Tashqi siyosiy faoliyati konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Qonuniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
1-modda.
O‘zbekiston Respublikasining tashqi siyosati va xalqaro faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining normalari va prinsiplariga, “O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari to‘g‘risida”gi Qonunga, “Mudofaa to‘g‘risida”gi O‘zbekiston
Respublikasi Qonuniga, O‘zbekiston Respublikasining Harbiy doktrinasiga, boshqa qonunlarga, Birlashgan Millatlar Tashkilotining hamda Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining
prinsiplari va maqsadlariga, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan ratifikatsiya qilingan O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari va bitimlaridan kelib chiqadigan majburiyatlarga asoslanadi.
2-modda.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi davlatning, xalqning oliy manfaatlari, farovonligi va xavfsizligini ta’minlash
maqsadida ittifoqlar tuzishi, hamdo‘stliklarga va boshqa davlatlararo tuzilmalarga kirishi va ulardan ajralib chiqishi mumkin.
3-modda.
O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlarga aralashish, mustaqillikni va suverenitetni kamsitish hamda davlatlararo munosabatlarni mafkuralashtirishning har qanday ehtimolini istisno etuvchi teng huquqli va o‘zaro foydali munosabatlarni barcha davlatlar bilan yo‘lga qo‘yadi.
4-modda.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti hamda boshqa xalqaro tashkilotlar
ishida faol ishtirok etish, Yevropa, Osiyo va jahon xavfsizlik tuzilmalariga integratsiyalashuv O‘zbekiston Respublikasi tegishli tuzilmalarining tashqi siyosiy faoliyatidagi eng muhim vazifadir.
5-modda.
O‘zbekiston Respublikasi mamlakatning barqarorligini, sobitqadam rivojlanishi va milliy xavfsizligini ta’minlash imkonini beradigan, O‘zbekiston Respublikasining jahon xo‘jalik
aloqalariga axborot, texnologiya va kommunikatsiya jihatidan kirib borishiga ko‘maklashadigan davlatlararo tuzilmalarga, shu jumladan iqtisodiy tuzilmalarga ustuvor ahamiyat beradi.
6-modda.
O‘zbekiston Respublikasi “O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari to‘g‘risida”gi Qonunga va O‘zbekiston Respublikasining Harbiy doktrinasiga muvofiq harbiy-siyosiy bloklarda ishtirok etmaydi.
O‘zbekiston Respublikasi har qanday davlatlararo tuzilmadan, bu tuzilma harbiy-siyosiy
blokka aylantirilgan taqdirda, chiqish huquqini o‘zida saqlab qoladi.
7-modda.
O‘zbekiston Respublikasi mintaqadagi hamda undan tashqaridagi mojarolarning oldini olish va ularni bartaraf etish maqsadida hukumatlararo va hukumatga qarashli bo‘lmagan tuzilmalarning ishida faol qatnashadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1996-yil 26-dekabr,
336-I-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-y., 2-son, 35-modda)