Maslahat uslublari. Maslahat uslublari turli xil bo‘lishi mumkin. Maslahatning uch turi – ekspertli, jarayon va o‘rgatuvchi maslahatlar keng qo‘llaniladi.
Ekspertli maslahat konsaltingning eng passiv shaklidir. Maslahatning bu turida maslahatchi diagnostika, qaror qabul qilish va ularni joriy etishni mustaqil ravishda amalga oshiradi. Mijoz esa bunday hollarda maslahatchiga kerakli axborot yetkazib berishi zarur.
Jarayon maslahatida – loyihani ishlab chiqish bosqichlarida konsalting firma maslahatchilari mijoz bilan faol ish olib borib, yuzaga kelgan muammolarni hamkorlikda tahlil qiladi va zarur takliflar beradi.
O‘rgatuvchi maslahatida – mutaxassislarning asosiy maqsadi g‘oyalarning yuzaga kelishi, yechimlar qabul qilish uchun asos tayyorlashdir. Shu maqsadda mijozlar uchun ma'ruzalar o‘qiladi, seminarlar o‘tkaziladi, o‘quv qo‘llanmalari ishlab chiqiladi. Umuman, mijozlar zarur nazariy va amaliy axborotlar bilan ta'minlanadi. Amalda esa yuqoridagi har bir maslahat turlari sof holda qo‘llanilmaydi, ular kombinatsiyalashgan shaklda uchraydi.
Sanoati rivojlangan mamlakatlarda konsalting xizmati ko‘p yillar mobaynida bozor iqtisodiyoti infratuzilmasining muhim elementlaridan hisoblanadi. Konsalting xizmati statistikada maxsus tarmoq deb tan olingan. AQSh da ushbu tarmoqda 700 ming kishi band bo‘lib, uning bir yillik xizmat hajmi 50 mlrd. dollarni tashkil etadi.
Har bir rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlarda maslahatchilar fikrisiz iqtisodiyot va boshqaruvga oid jiddiy qarorlar qabul qilinmaydi.
Xususiy firmalardan tashqari maslahatli xizmatlarni davlat, o‘quv, axborot, ilmiy tekshirish muassasalari tijorat asosida bajaradi. Mamlakatimizda hozirgi iqtisodiy sharoitni yaxshi biladigan, yuqori salohiyatga ega, yuqori intellektual, bozor iqtisodiyoti mexanizmini tushunadigan malakali maslahatchilar soni yildan-yilga ko‘payib bormoqda. Ular chet el konsalting firmalarining vakillari bilan hamkorlikda milliy iqtisodiyotni rivojlantirishda katta ish olib bormoqda. Aytish lozimki, chet el konsalting firmalarining xizmati juda qimmat. Masalan, chet el konsalting firmasi xodimining bir kunlik o‘rtacha ish haqi 300 dollarni tashkil etadi.
Konsalting xizmatlari turli xil bo‘lishi mumkin. Menejment bo‘yicha yevropa maslahatchilar ma'lumot ko‘rsatikichida 84 turdagi konsalting xizmatlari ko‘rsatilgan. Ular quyidagi 8 ta guruhga bo‘lingan: umumiy boshqaruv, ma'muriy boshqaruv, moliyaviy boshqaruv, xodimlar boshqaruvi, marketing, ishlab chiqarish, axborot texnologiyasi, maxsus xizmatlar.
2. Tadbirkorlik faoliyati shakllari
O‘zbekiston Respublikasida «Tadbirkorlik to‘g‘risida»gi qonuninng 5-moddasiga binoan tadbirkorlikning quyidagi shakllari mavjud:
- yakka tartibdagi tadbirkorlik;
- xususiy tadbirkorlik;
- jamoa tadbirkorligi;
- aralash tadbirkorlik.
Do'stlaringiz bilan baham: |