Ishlab chiqarish tadbirkorligining mohiyati. Tadbirkorlik faoliyati turlari nisbatan mustaqil bo‘lib, bir-birini to‘ldirib keladi. Tadbirkorlik faoliyatining barcha turlarini belgilab beruvchi ishlab chiqarish tadbirkorligining ustuvorligini tan olish kerak.
Innovatsion, ilmiy-texnik faoliyat, tovarlarni bevosita ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish va shu sohadagi axborot bilan ishlash faoliyati ishlab chiqarish tadbirkorligiga kiradi. Ishlab chiqarish bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan har bir ishbilarmon tadbirkorlik faoliyatining qaysi turi bilan shug‘ullanishi, qanday mahsulot ishlab chiqarishi, qanday xizmat ko‘rsatishini oldindan belgilab olishi lozim. Shu ish amalga oshgandan keyin tadbirkor marketing bilan shug‘ullanadi. U tovarga talabni bilish maqsadida tovarning potensial iste'molchilari, xaridorlari, ulgurji va chakana savdo bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar bilan aloqa qiladi.
Muzokaralar ishbilarmon va bo‘lajak xaridorlar o‘rtasida shartnoma tuzilishi bilan yakunlanadi. Tuzilgan shartnoma tadbirkorlikdagi tavakkalchilikning oldini olish imkonini beradi. Shu ishlar amalga oshmasa, tadbirkor faqat og‘zaki va'dalar asosida ishlab chiqarish faoliyatini boshlaydi. Barqaror bozor sharoitida rivojlangan mamlakatlarda og‘zaki kelishuvlar ishonchli kafolat bo‘lib, zarur hollarda shartnoma, bitim shaklida rasmiylashtiriladi. Biroq mamlakatimizda bozor iqtisodiyoti endi shakllanayotgan davrda og‘zaki bitimlarning kafolati past va tavakkalchilik kuchlidir.
Tadbirkorlik faoliyatining keyingi bosqichi ishlab chiqarish omillarini sotib olish yoki ijaraga olishdir.
Venchur biznesi. Gap innovatsion tadbirkorlik haqida ketganda, venchur biznesi haqida tasavvur hosil qilish katta ahamiyatga ega. Venchur biznesi keyingi vaqtda ancha rivojlandi va u tavakkal biznesi turiga kiradi. Biznesning bu turi yangi texnologiyalarning joriy etilishi bilan bog‘liq. Venchur biznesi yuqori texnologiya sohasida olib boriladigan ilmiy tadqiqotlar natijalarini tijoratlashtirish bilan bog‘langan. Bu sohalarda samara olinishi kafolatlanmagan. Ya'ni ma'lum tavakkalchilik mavjud. Yangi va eng yangi texnologiyalarni joriy etish bilan shug‘ullanuvchi fan-texnika firmalari venchur firmalar deyiladi. Ularning daromadi kafolatlanmagan bo‘lib, faoliyati tavakkal kapital bilan bog‘liq.
Shuni ta'kidlash kerakki, kichik korxonalar innovatsion tadbirkorlikni rivojlantirishda katta rol o‘ynaydi. Venchur biznesi egiluvchanligi bilan innovatsion ishbilarmonlikning boshqa shakllariga nisbatan qator ustuvorlikka ega. Venchur biznesi tavakkalni o‘zaro bo‘lish tamoyiliga asoslanadi. Bu esa mablag‘i bo‘lmagan g‘oya mualliflariga o‘z g‘oyalarini amalga oshirishga imkon tug‘diradi.
Venchur biznesi dastlab AQShda yuzaga kelib, keyinchalik keng rivojlanib ketdi. Har bir kichik innovatsion biznesning moddiy va moliyaviy imkoniyati fan-texnika bazasi jihatdan cheklangan bo‘lib, davlat ko‘magiga muhtojdir. AQShda kichik innovatsion biznesga davlat tomonidan yordam ko‘rsatish dasturi ishlab chiqilgan. Dasturga asosan kichik biznes bevosita federal byudjetidan moliyalashtiriladi, vazirlik va muassasalar doimiy ravishda ular bilan shartnoma tuzadilar. AQShda venchur biznesida tuzilgan kompaniyalarning aksiyalari imtiyozli narxlarda innovatsion firmalarga sotilib, olingan mablag‘lardan g‘oyalarni joriy etish uchun foydalaniladi.
O‘zbekistonda ham venchur biznesi rivojlanishiga barcha imkoniyatlar yaratilgan. Birinchi navbatda, bu qimmatbaho qog‘ozlar bozori mavjudligidir. Keyinchalik, intellektual mulk bozoriga xorijiy firmalar kirib keldi. O‘zbekiston ishbilarmonlari ham o‘z navbatida Venchur biznesiga katta qiziqish bilan qaramoqdalar.
Bular Venchur biznesi mamlakatimizda endi rivojlanayotganligidan dalolat berib, kelajakda innovatsion biznes rivojlanib ketishiga turtki bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |