Maxsus soliq rejimlari
Soliq to‘lovchilarning ayrim toifalari uchun O‘zbekiston Respublikasi hududida quyidagi maxsus soliq rejimlari belgilanadi:
1) aylanmadan olinadigan soliq;
2) mahsulot taqsimotiga oid bitimlar ishtirokchilariga soliq solishning alohida tartibi;
3) maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilariga va ayrim toifadagi soliq to‘lovchilarga soliq solishning alohida tartibi.
Maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilariga va ayrim toifadagi soliq to‘lovchilarga soliq solishning alohida tartibi qonunchilikda yoki investitsiya bitimlarida nazarda tutilgan investitsiyalarni amalga oshirish hamda boshqa shartlarni bajarish bilan bog‘liq holda muayyan muddat uchun belgilanadi.
Maxsus soliq rejimlari ayrim soliqlarni to‘lashdan ozod etishni, pasaytirilgan soliq stavkalarini va boshqa soliq imtiyozlarini qo‘llashni nazarda tutishi mumkin.
Soliq munosabatlarining sub’ektlari, ularning huquqlari va majburiyatlari
Soliq to‘lovchilar, soliq agentlari va vakolatli organlar soliq munosabatlarining sub’ektlaridir.
Soliq organlari, Kodeksda nazarda tutilgan hollarda, hujjatlarni elektron hujjat tarzida soliq to‘lovchining shaxsiy kabinetiga yuboradi. Yuborilgan hujjatlar soliq to‘lovchi tomonidan o‘qib chiqilganidan keyin, lekin ushbu hujjat jo‘natilgan sanadan e’tiboran uch kundan kechiktirmay olingan deb hisoblanadi.
Agar soliq to‘lovchida soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti mavjud bo‘lmasa, hujjatlar buyurtma xat qilib pochta orqali yuboriladi va ular jo‘natilganidan so‘ng besh kundan keyin olingan deb hisoblanadi.
Hujjatlar soliq to‘lovchiga yoki uning vakiliga shaxsan mazkur hujjatlar olingan sana ko‘rsatilgan holda imzo qo‘ydirib topshirilishi mumkin.
Soliq to‘lovchilar, Kodeksda nazarda tutilgan hollarda, soliq organlariga hujjatlarni mazkur moddaning ikkinchi — to‘rtinchi qismlarida ko‘rsatilganiga o‘xshash tartibda yuboradi. Bunda ushbu hujjatlar soliq organlariga soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali yuborilganda — jo‘natilgan kun, pochta orqali yuborilganda besh kundan keyin olingan deb hisoblanadi.
Kodeksda nazarda tutilgan hujjatlarning, elektron hujjat aylanishini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan hujjatlarning shakllari, mazkur hujjatlarning shakllarini to‘ldirish tartibi, bunday hujjatlarni qog‘ozda yoki telekommunikatsiya kanallari orqali elektron shaklda yoxud soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali yuborish hamda olish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan tasdiqlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |