49-modda. Ovoz berish binolari hamda uchastka saylov komissiyalari binolari
Ovoz berish binolari maxsus ajratilgan joylar bo‘lib, ularda yashirin ovoz berish uchun yetarli miqdorda kabinalar yoki xonalar jihozlanishi, saylov byulletenlarini berish uchun joylar ajratilishi hamda saylov qutilari o‘rnatilishi kerak. Saylov qutilari ovoz beruvchilar ularning yoniga albatta yashirin ovoz berish kabinalari yoki xonalari orqali o‘tib keladigan qilib o‘rnatiladi. Ovoz berish binosida boshqa hech qanday siyosiy tadbirlar o‘tkazilishiga ruxsat etilmaydi. Binolarni jihozlash va ularda zarur tartibni saqlab turish mas’uliyati uchastka saylov komissiyasining zimmasida bo‘ladi.
Davlat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish uchun zarur binolar va jihozlarni saylov komissiyalari ixtiyoriga bepul berib turishi shart.
Lozim bo‘lgan darajada jihozlangan ovoz berish binolari saylov komissiyalariga saylovdan kamida o‘n bir kun oldin taqdim etilishi kerak.
Tutash hududlarni obodonlashtirish, fuqarolar, ayniqsa jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslar uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, saylov komissiyalarini texnik vositalar, mebel, ashyolar, ofis texnika vositalari, transport bilan ta’minlash mahalliy davlat hokimiyati organlarining, aloqa vositalari bilan ta’minlash esa O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining zimmasiga yuklatiladi.
Jamoat tartibini saqlash, saylov o‘tkaziladigan binolar va joylarni qo‘riqlash, shuningdek saylov natijalariga doir hujjatlarni tashish chog‘ida uchastka saylov komissiyalari a’zolarini kuzatib borish tegishli vakolatli organlarning zimmasiga yuklatiladi.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 50-moddasi.
50-modda. Uchastka saylov komissiyalari joylashgan binolarni, xonalarni va ovoz berish xonalarini jihozlashga doir talablar
Uchastka saylov komissiyalari joylashgan binolar tegishli tarzda jihozlanishi va quyidagilarga ega bo‘lishi kerak:
O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i (binoning ustida va ichida);
O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi (binoning ichida);
saylov uchastkasining tartib raqami ko‘rsatilgan peshlavha;
yashirin ovoz berish kabinalari yoki xonalari;
Oldingi tahrirga qarang.
saylov qutilari;
(50-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 8-fevraldagi O‘RQ-670-sonli Qonuniga asosan oltinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 09.02.2021-y., 03/21/670/0089-son)
zarurat bo‘lsa, jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslar uchun maxsus jihozlangan yashirin ovoz berish kabinalari;
kuzatuvchilar uchun alohida joylar;
saylov sanasiga bag‘ishlangan plakatlar;
saylov uchastkasining xaritasi;
uchastka saylov komissiyasi a’zolarining tarkibi, ish rejasi, navbatchiliklar jadvali haqidagi axborot;
saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga taalluqli ma’lumotlar joylashtiriladigan maxsus stend;
barcha ro‘yxatga olingan nomzodlarning Markaziy saylov komissiyasi, viloyat, tuman, shahar saylov komissiyasi tomonidan nashr qilingan tarjimai holi va dasturi;
zarur mebel, ofis texnika vositalari (telefon, printer, Internet jahon axborot tarmog‘iga ulangan va Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimiga kirish imkoniyatiga ega bo‘lgan kompyuterlar, seyf, kanselyariya tovarlari);
yong‘inga qarshi vositalar.
Ovoz berish xonalari yorug‘ va keng bo‘lishi, alohida kirish va chiqish joyi bo‘lishi, shuningdek ularda jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslar uchun nishab yo‘lkalar nazarda tutilgan bo‘lishi lozim.
|
Do'stlaringiz bilan baham: |