16.
|
Saylov komissiyalarining ishini tashkil etish hamda ularning vakolatlari muddati haqida batafsil ma’lumot bering
26-modda. Saylov komissiyalarining ishini tashkil etish va ularning vakolatlari muddati
Saylov komissiyasining majlisi, agar unda majlis o‘tkazilayotgan kundagi komissiya a’zolari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismi ishtirok etayotgan bo‘lsa, vakolatli bo‘ladi. Komissiya qarori ochiq ovoz berish orqali komissiya a’zolari umumiy sonining ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Qarorga rozi bo‘lmagan komissiya a’zolari alohida fikrini bayon etishga haqli bo‘lib, bu fikr yozma shaklda bayonnomaga ilova qilinadi. Ovozlar teng bo‘lib qolgan taqdirda, raislik qiluvchining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
Saylov komissiyasining o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan qarori quyi saylov komissiyalari, shuningdek barcha davlat organlari, siyosiy partiyalar va boshqa jamoat birlashmalari, mehnat jamoalari va harbiy qismlar, korxonalarning, muassasalarning va tashkilotlarning rahbarlari ijro etishi uchun majburiydir.
Saylov komissiyasining qaroriga binoan komissiyaning raisi, rais o‘rinbosari, kotibi yoki boshqa a’zosi saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish davrida ishlab chiqarish yoki xizmat vazifalarini bajarishdan saylov o‘tkazish uchun ajratiladigan mablag‘lar hisobidan o‘rtacha oylik ish haqi saqlangan holda ozod qilinishi mumkin.
Davlat organlari va jamoat birlashmalarining organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar saylov komissiyalariga o‘z vakolatlarini amalga oshirishida ko‘maklashishi, ularning ishi uchun zarur ma’lumotlarni taqdim etishi shart.
Davlat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish uchun kerakli bo‘lgan binolar va jihozlarni saylov komissiyalari ixtiyoriga bepul berib turishi shart.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 49-moddasi.
Saylov komissiyasi saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan davlat organlariga hamda jamoat birlashmalarining organlariga, korxonalarga, muassasalarga, tashkilotlarga, mansabdor shaxslarga murojaat qilish huquqiga ega, ular qo‘yilgan masalani ko‘pi bilan uch kunlik muddatda ko‘rib chiqishi va saylov komissiyasiga javob qaytarishi shart.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini va Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini o‘tkazish bo‘yicha okrug hamda uchastka saylov komissiyalari tegishincha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi yakunlari chiqarilganidan, tegishli saylov okruglaridan saylangan deputatlar Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ro‘yxatga olinganidan keyin o‘z faoliyatini tugatadi.
Mahalliy Kengashlarga saylov o‘tkazish bo‘yicha okrug va uchastka saylov komissiyalari tegishli saylov okruglaridan saylangan deputatlar viloyat, tuman, shahar saylov komissiyasi tomonidan ro‘yxatga olinganidan keyin o‘z faoliyatini tugatadi.
|
|
Do'stlaringiz bilan baham: |