Saylovchilarning ro‘yxatlarini tuzish va u bilan ishlash tartibini, saylovchilarning ro‘yxatlari bilan tanishtirish tartibini batafsil muhokama qiling. 27-modda. Saylovchilarning ro‘yxatlari Saylov kuniga qadar yoki saylov kuni o‘n sakkiz yoshga to‘lgan, ro‘yxat tuzilayotgan paytda mazkur saylov uchastkasi hududida doimiy yoki vaqtincha istiqomat qilayotgan fuqarolarning familiyalari saylovchilar ro‘yxatiga kiritiladi.
Har bir saylovchi faqat bitta saylovchilar ro‘yxatiga kiritilishi mumkin.
Saylovchilar ro‘yxatiga har bir saylovchining familiyasi, ismi, otasining ismi, tug‘ilgan sanasi va yashash joyi manzili kiritiladi.
Saylovchilar ro‘yxatlari Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatini shakllantirish bo‘yicha axborot tizimi ma’lumotlari asosida tuziladi.
Harbiy qismlardagi harbiy xizmatchilarning, shuningdek harbiy xizmatchilar oila a’zolarining va boshqa saylovchilarning ro‘yxatlari, agar ular harbiy qismlar joylashgan hududlarda yashasa, harbiy qismlarning komandirlari taqdim etadigan ma’lumotlar asosida tuziladi. Harbiy qismlardan tashqarida istiqomat qiluvchi harbiy xizmatchilar yashash joylari bo‘yicha umumiy asoslarda saylovchilar ro‘yxatiga kiritiladi.
Oldingi tahrirga qarang. Sanatoriylarda va dam olish uylarida, kasalxonalarda va boshqa statsionar davolash muassasalarida, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida tuzilgan uchastkalar bo‘yicha saylovchilar ro‘yxatlari mazkur muassasalar rahbarlari tomonidan taqdim etiladigan ma’lumotlar asosida tuziladi.
28-modda. Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati vakolatli davlat organlarining axborot bazalariga muvofiq saylovchi fuqarolar, ularning doimiy va vaqtincha yashash joylari manzillari haqidagi axborotni o‘z ichiga olgan davlat axborot resursidir.
Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati vakolatli davlat organlari tomonidan taqdim etiladigan axborot negizida shakllantiriladi va yangilab turiladi, saylov kampaniyasi davrida esa tegishli uchastka saylov komissiyalari tomonidan aniqlashtiriladi.
Har bir uchastka saylov komissiyasi tuzilganidan keyin uch kun ichida Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatida taqsimlangan mazkur uchastka saylovchilarining dastlabki ro‘yxatini oladi.
Uchastka saylov komissiyasi saylovchilarning dastlabki ro‘yxatini olganidan keyin uni mazkur uchastka hududida yashovchi aholini uyma-uy aylanib chiqish yo‘li bilan aniqlashtirish choralarini ko‘radi.
Uchastka saylov komissiyasi saylovchilar ro‘yxatini aniqlashtirish bo‘yicha ishda ishtirok etish uchun jamoatchilik vakillarini jalb etishi mumkin. Tumanlar va shaharlar hokimliklari saylovchilarning ro‘yxatlarini aniqlashtirish ishlariga ko‘maklashadi.
Saylov komissiyalari aholini uyma-uy aylanib chiqish natijalari bo‘yicha saylovchining Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatidagi familiyasi, ismi, otasining ismi, tug‘ilgan sanasi va yashash joyi manziliga oid tuzatishlar qilib, saylovchilar ro‘yxatlariga o‘zgartishlar kiritishi mumkin.
Saylovchilarning ro‘yxati har bir saylov uchastkasi bo‘yicha uchastka saylov komissiyasi tomonidan tuziladi hamda uning raisi va kotibi tomonidan imzolanadi.
Saylov kuni saylov uchastkalarida Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatidan olingan saylovchilar ro‘yxatlaridan foydalaniladi.