MIKSOSPORIDIYALAR (MYXOSPORIDIA) YOKI KNIDOSPORIDI-YALAR (CNIDOSPORIDIA) TIPI. Bu tipi yaqinyaqinga qadar sporalilar tipi bilan qo'shib o'rganilar edi. Lekin ularning tuzilishi va rivojlanish sikli har tomonlama chuqur o'rganilgach, morfologik va fiziologik jihatdan sporalilardan farq qilishini hisobga olib, miksosporidiyalarni mustaqil tip darajasiga ko'tarishga imkon yaratildi.
Umurtqasiz hayvonlar va tuban umurtqalilar (asosan, baliqlar, halqali chu-valchanglar, ba'zan sudralib yuravchilar) tana bo'shlig'i, to'qimalari va hujayralarida parazitlik qiladi. Hayot sikli parazitlik qiluvchi vegetativ stadiya (trofont) va tarqalish uchun xizmat qiluvchi sporali stadiyalarni o'z ichiga oladi. Parazitlik qiluvchi stadiyasi ikki tipdagi (vegetativ va generativ) hujayralardan iborat. Miksosporidiyalar asosan jinssiz ko'payadi. Generativ hujayralardan reduksion (meyoz) bo'linish natijasida juda ko'p sporalar hosil bo'ladi. Sporalarda spiral o'ralgan otiluvchi ipchasi, kapsula va amyobasimon, ko'pincha ikki yadroli murtagi (sporozoiti) bo'ladi. Sporalar xo'jayin organizrniga tushib qolganida otiluvchi iplar kapsuladan otilib chiqib, sporani ichak devoriga yopishib olishiga yordam beradi. Shuni ham aytish kerak-ki, miksosporidiyalarning ko'payishi va tarqalishi uchun xizmat qiladigan kapsulli sporalari deyarli hamma vaqt yetishib turishi bu tip vakillari uchun juda xarakterlidir (ma'lumki, sporalilar tipining vakillarida sporalar ularning oxirgi rivojlanish stadiyasida yetishar edi).
Miksosporidiyalar tipiga 1000 dan ortiq tur kirib, 2 sinfga bo'linadi: 1. Akti-nomiksidiyalar yoki aktinosporalilar (Actinosporea) sinfi. 2. Miksosporalilar yoki shilimshiq sporalilar (Myxosporea) sinfi.
Aktinomiksidiylar yoki aktinosporalilar (Actinosporea) sinfiga 20 dan ortiq tur kirib, asosan halqali chuvalchanglar va sipunkulidlarda parazitlik qiladi. Ular miksosporalilardan sporasining yanada ham murakkabroq tuzilishi bilan farq qiladi.
MIKSOSPORALILAR (MYXOSPOREA) SINFI. Miksosporalilar yoki shilimshiq sporalilarga asosan baliqlarda, ba'zan sudralib yuravchilarda parazitlik qiluvchi bir necha yuz tur kiradi. Ular tabiatda juda keng tarqalgan, hamma suv havzalarida uchraydi. Ayrim miksosporalilar baliqlar, ayniqsa, ulaming chavoqlari (yosh baliqlar)da og'ir kasallik paydo qiladi va baliqchilik xo'jaliklariga katta ziyon keltiradi. MDH da bu sinf vakillarini o'rgangan olimlar V.A. Dogel va S.S. Shulmanlar hisoblanadi.
Miksosporalilar shizogoniya, jinsiy jarayon, sporogoniya davrlari va nasllar gallanishining yo'qligi bilan sporalilardan farq qiladi.
Shilimshiq sporalilardan Myxobolus pfeifferi turi baliqlarning har xil to'qima va organlarida (jabralari, terisi, o't pufagi va muskullarida) parazitlik qiladi. Baliqlarning terisida shishlar paydo bo'lib, ko'plab, ayniqsa, yosh baliqlar qirilib ketadi (15-rasm).
Organlar bo'shlig'ida uchraydigan voyaga yetgan miksosporalilar ko'p yadroli amyobaga o'xshash bo'ladi. To'qimalarda miksosporalilar 1 -2 sm va undan ham yirikrok shishlar hosil qiladi. Sistalari ko'p yadroli bo'lib, plazmodiy tanasi bilan to'lgan. Yadrolari vegetativ va generativ yadrolarga bo'linadi. Vegetativ yadrolari o'sish va moddalar almashinuvi, generativ yadrolar esa ko'payish funksiyasini bajaradi. Generativ yadrolar atrofiga sitoplazma ajralishi natijasida juda ko'p generativ hujayralar hosil bo'ladi. Bu hujayralar plazmodiy tanasida harakatlanish xususiyatiga ega bo'ladi. Generativ hujayralar yadrosining bir necha marta bo'linishi bilan ko'p yadroli sporoblastlar shakllanadi. Har bir sporoblast ichida 2 tadan ko'p yadroli spora hosil bo'ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |