“Alloh uchun qarzi hasana beruvchi bormi?” ma’nosidagi oyatlar keladi (Baqara, 245; Moida, 12). Bu boy, mard kishilarga xitob. O‘shanday kishilar qarzi hasana berishsin va qarz olgan taraf to joyini to‘ldirgunicha sabr etib, qistalang qilmay tursin. Bu vaqtda Razzoq va Vahhob Alloh taolo O‘z fazli bilan boshqa tomondan qarzi hasana bergan mo‘min bandasiga fayzu barakot yetkazib turadi. Bu odamzotning emas, Haq subhonahu va taoloning va’dasi. U Zot va’dasiga aslo xilof qilmaydi!
Alim va Hakim Zot bandalari uchun zararli bo‘lgan narsa va amallarni O‘zining Kitobi va Rasuli orqali bildirib, bandalariga aql yuritib, mazkur zararli narsa va amallardan uzoqda bo‘lishni buyurgan. O‘sha narsalar harom va gunoh degan umumiy nom bilan ataladi. Qaysi bir inson yoxud qavm harom va gunohlarga aralashib qolsa, eng birinchi navbatda o‘z joniga zulm qilgan bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |