J.Midning iqtisodiy o`sish modeli ham neoklassik asoslarga ega. U iqtisodiy o`sishni chekli unumdorlik qonuni qo`llaniladigan marjinalistik yondoshuvlar bilan tushuntiradi. O`z kontseptsiyasini J. Mid “Iqtisodiy o`sishning neoklassik nazariyasi” (1961 y.) kitobida bayon etdi. Kobb- Duglas funktsiyasining zamonaviylashtirilgan variantidan foydalanib, J Mid barqaror dinamik muvozanat imkoniyati tenglamasini keltirib chiqardi.
U=αk+βL+r
bu erda Y-milliy daromadning o`rtacha yillik o`sish surati:
k- kapitalning o`rtacha yillik o`sish sur`ati;
L- mehnatning o`rtacha yillik o`sish sur`ati;
α- milliy daromadda kapitalning ulushi;
β- milliy daromadda mehnatning ulushi;
r- texnik taraqqiyot sur`ati.
Tenglama, milliy daromadning o`sish sur`ati milliy daromadda ega bo`lgan ulushi bo`yicha mehnat va kapital o`sish sur`atlarining yig’indisiga texnik taraqqiyot sur`ati qo`shilishidan paydo bo`lgan miqdorga teng bo`lishini ko`rsatadi.. Mehnat va texnik taraqqiyot o`sish sur`atlarini doimiy deb taxmin qilib J. Mid quyidagi xulosaga keldi; iqtisodiy o`sishning barqaror sur`ati kapital o`sishning barqaror sur`atlari va uning milliy daromad o`sish sur`atlari bilan tengligi sharoitida erishiladi. Agar kapitalning o`sish sur`atlari milliy daromadning o`sish sur`atlaridan oshsa, unda bu jamg’arish sur`atlarining o`z-o`zidan pasayishiga olib keladi.
Bunday bog’liqlik J.Midning jamg’arishning milliy daromaddagi ulushi doimiy deb shart kiritganligining natijasidir. SHu sababli kapital jamg’arishning (investitsiyalarning) yuqoriroq sur`atlarini moliyalashtirish uchun zarur bo`lgan jamg’armalarning qo`shimcha o`sishi birichisidan orqada qoladi va unga salbiy ta`sir ko`rsatadi. Agar kapitalning o`sish sur`ati milliy daromadning o`sish sur`atidan orqada qolsa teskari holat ro`y beradi.
Mehnat unumdorligi o`sish sur`atlarining dinamik muvozanatga ta`sirini ko`rib chiqib J. Mid agar ular kapital jamg’arish sur`atidan oshsa unda chekli mehnat unumdorligining pasayishi natijasida mehnatning kapital bilan almashtirilishi hosil bo`ladi degan xulosaga keldi. Ishlab chiqarish jarayonida ularning yangi nisbati esa mehnatning ham, kapitalning ham to`liq bandligini ta`minlaydi. SHu bilan birga J. Mid real holatda mehnatning va kapital jamg’arilishining o`sish sur`atlari o`rtasida muvofiqlikka amal qilish zarurligiga e`tibor qaratgan. Aks holda, agar mehnatning o`sishi shunga muvofiq kapital oshishi bilan birga bormasa ishlab chiqarishning o`sishi ro`y bermaydi, chunki ishchi kuchining o`sishi ortiqcha bo`lib ishsizlik vujudga keladi. Agar kapital mehnat unumdoligini o`sish sur`atlaridan tezroq o`ssa, unda ortiqcha ishlab chiqarish quvvatlari hosil bo`ladi. Biroq bu holda ham dinamik muvozanatga erishish usullari mavjud. J. Mid bozorlarning neoklassik nazariyasiga asoslanib ularni ko`rsatadi.
Bunda, mehnat bozorida ishsizlikning vujudga kelishi raqobatni kuchaytiradi, bu esa o`z navbatida ish haqi stavkalarining pasayishiga va kapitalning foydaliligining o`sishiga olib keladi. Natijada jamg’arish sur`atlari oshadi va ishchi kuchining o`sish sur`atlari bilan tenglashadi. J. Mid modelida davlat pul-kredit siyosatidan foydalangan holda faqatgina bilvosita barqarorlashtiruvchi rolini bajarishi kerak. Faqat shugina daromadlar va jamg’armalarni qayta taqsimlashning, resurslarning zarur bandligi va barqaror iqtisodiy o`sishni ta`minlaydigan, samarali mexanizmini yaratish imkonini beradi.