Vektorlash. Yordamchi manbalar yordamida vektor ma’lumot olishga karta va boshqa geografik ma’lumotlar manbalaridan vektor obyektlarni raqamlashtirish kiradi. Qoʻl yordamida raqamlashtirish, ustidan chizib raqamlashtirish va vektorlash hamda fotogrammetriya eng koʻp qoʻllaniladigan usullar hisoblanadi.
6.4-rasm. Qoʻl yordamida raqamlashtirish xatoliklari
(Manba: Longley, 2005)
Qoʻl yordamida boshqariladigan raqamlovchi qurilmalar eng oddiy, arzon va eng koʻp qoʻllanilib, ular vektor obyektlarni qogʻoz koʻrinishidan oladigan vositalardir. Raqamlovchi qurilmalar turli xil koʻrinishda, kattalikda va shaklda boʻladi. Ularning ishlash tamoyili qurilmada joylashgan shayba yoki doira koʻrinishidagi oynali kursor ichiga oʻrnatilgan chiziq yoki simlarning kesishuvidan hosil boʻlgan markaziy nuqtani planshet ustida turgan kartadagi chegara va chiziqlarning ustidan yurgizib chiqishga asoslangan.
Raqamlovchi qurilma planshet yoki doskasining aniqligi 0,01 mm dan 0,25 mm gacha boʻladi. Kichik raqamlovchi planshetlar 30x60 sm boʻlib, kichik masalalarni hal qilishga, kattaroqlari (112x152 sm) esa kattaroq vazifalarni bajarishga moʻljallangan. Ikkala qurilmada ham kursorning oynasi ichiga oʻrnatilgan ikki kesishadigan simlar yoki chiziqlar hamda raqamlash jarayonida boshqarish tugmalari mavjud.
Demak, qoʻl yordamida raqamlashtirish mavjud kartalardan vektor ma’lumotlarni olishning hozirgacha eng oddiy, eng oson va eng arzon turidir .
Vertikal aniqlovchi nuqtalar, chiziqlar va poligon obyektlarni qoʻl yordamida yoki yoʻnalishli usullar yordamida raqamlashtirish mumkin. Qoʻl yordamida raqamlashtirishda markaziy nuqta, ya’ni kursordagi ikki chiziqning kesishgan nuqtasini har bir burilishda toʻxtatib, kursordagi kerakli nuqtani bosib, burilishni qayd qilish ishi amalga oshiriladi.
Yoʻnalishli usulda jarayon qisman avtomatlashtiriladi , ya’ni raqamlovchi qurilmaga burilishlarni berilgan masofa (0,5mm) yoki vaqt (0,25 sekund) oraligʻida avtomatik qayd qilish buyrugʻi beriladi. Bu usul ishni tez bajaradigan usul boʻlishiga qaramasdan, keraksiz koordinatali katta fayllarni hosil qiladi. Bundan tashqari, qoʻl yordamida raqamlashtirishdan soʻng xatoliklar ham boʻlib turadi va bu xatoliklar aniqlanib , bartaraf qilinishi zarur (6.4-rasm). Aks holda poligon yopilmay qolsa, unda dastur poligonni avtomatik ravishda hisoblay olmasligi mumkin. Shuning uchun mutaxassis tekshiruvi va albatta malakasi bu ishda muhim sanaladi.
6.5-rasm. Qoʻl yordamida raqamlashtiradigan planshet (a) va kursor (b)
Qoʻl yordamida raqamlashtirishning 5 ta bosqichi mavjud va ular quyidagilardir:
1. Raqamlashtirish planshetiga oʻrnatilgan karta hujjati biror-bir yopishqoq vosita yordamida mahkamlanib, markazlashtirilishi kerak (6.5,a-rasm).
2. Raqamlovchi planshetda toʻgʻri burchakli koordinata sistemasi qoʻllanilgani hamda karta va raqamlovchi qurilma haqiqiy koordinata sistemasida olinishi uchun roʻyxatga olinishi kerak. Bu kartadagi eng yaxshi koʻringan 4–5 ta nazorat nuqtalarini raqamlashtirish (referens nuqta ham deyiladi) va keyin ularning haqiqiy qiymatlarini kiritish orqali amalga oshiriladi. B undan soʻng raqamlovchi qurilmadagi maxsus nazorat dasturi tran sformatsiya (bir koordinata sistemasidan ikkinchi koordinata sistemasiga oʻzgartirish)ni hisoblab, qolgan ma’lumotlarga avtomatik tarzda koordinatani beradi. Qisqacha qilib aytadigan boʻlsak, kartadagi tayanch nuqtalarning raqamlovchi qurilmada hosil qilingan koordinata sistemasi yordamida ishlash kerak.
3. Ma’lumot olish (vektor ma’lumot)dan oldin kartani diqqat bilan oʻrganib, qaysi belgilar qaysi darajada generalizatsiya qilinishi va qonun -qoidalarini koʻrib chiqish, ya’ni raqamlashtirish boshlanishidan oldin shu kartani vektorlashga boʻlgan talab va qoidalarni oʻrganib chiqish zarur.
4. Ma’lumot olish vektor obyektlar shaklini olish jarayonidir. Vektor chiziq hosil qilish uchun oldin kursordagi 2 tugmasi bosiladi, 1 tugmasi esa oraliqdagi uchraydigan burilishlarni hisobga oladi. Boshlangan chiziqni tugatish uchun yana 2 tugmasi bosiladi (6.5,b-rasm).
5. Barcha obyektlar raqamli koʻrinishga keltirilgandan soʻng xatoliklar bor yoki yoʻqligini yana bir bor tekshirib olish kerak. Tekshirishning eng oson yoʻli bu geometrik xatoliklarni aniqlovchi maxsus dasturdan foydalanish va hosil qilingan natijani kartaning asl nusxasi ustiga yopib tekshirishdir.
Kartalarni skanerlashdan koʻzlangan maqsad bu vektorlash ishini boshlashdir, ya’ni rastr turdagi ma’lumotlarni vektor formatdagi ma’lumotlarga aylantirish jarayonidir. Rastr qatlamdan vektor ma’lumotlarni hosil qiishning eng oddiy yoʻli bu vektor obyektlarni qoʻl yordamida kompyuter monitoridan sichqoncha yoki maxsus kursorlar yordamida raqamlashtirishdir. Kartalar vertikal ravishda turgani va hech qanaqa qayrilmasdan koʻringani uchun bu ustidan chizib raqamlashtirish (heads-up digitizing) usuli deyiladi. Bu usul kartadagi tanlanib raqamlashtiriladigan obyektlar, jumladan yer uchastkalari, bino-inshootlar va muhandislik kommunikatsiyalariga nisbatan koʻproq qoʻllaniladi.
Vektorlash bu rastr ma’lumotni vektor ma’lumotga aylantirish jarayonidir. Agar aksincha boʻlsa, u rastrlash jarayoni deyiladi. Tez va yaxshi yondashuv bu maxsus dastur yordamida avtomatlashgan yoki yarim interaktiv rejimda avtomat ravishda vektorlashdir. Avtomatik vektorlashda birgina operatsiyada butun bir rastr fayl olinib , vektor obyektlarga aylantirib chiqiladi. Vektor obyektlar dasturiy algoritmlarni qoʻllab, fayldagi piksel qiymatlarni hisoblagan holda va yagona chiziq yordamida hosil qilinadi. Bu vektor chiziqlar yordamida keyinchalik topologik jihatdan toʻgʻri boʻlgan poligonlar hosil qilinadi (6.6-rasm).
6.6-rasm. Ustidan chizib vektorlangan tasvir (Manba: Internet)
Odatdagi kartani zamonaviy kompyuter qurilmasi yoki dasturi tizimi yordamida vektorlash bir necha daqiqani oladi. Afsuski, avtomatlashgan vektorlashtiradigan dastur mukammallikdan yiroqda va undan keyingi kameral vektorlash xatoliklarni tozalash yoki bartaraf qilishni talab etadi. Ulkan koʻlamdagi vektorlash tahriridan qochishning eng yaxshi yoʻli bu vektorlashdan oldin rastr faylning oʻzida kichikroq tahrir qilishni amalga oshirishdir. Bunda vektorlash jarayonida xalaqit beruvchi har xil qoʻpol xatolarni oldindan bartaraf qilish zarur.
Masalan, rastr faylda chegara chiziqlarining ustiga matn tushib qolgan boʻlishi mumkin. Bu esa dastur yordamida avtomatik vektor lashda xatoliklarga, jumladan chiziqlarning bogʻlanmay qolishiga olib keladi. Bunda xatoliklardan qochish uchun rastr faylni maxsus dasturda qayta ishlash (vektorlash)dan oldin matnni oʻchirib tashlab, chiziqni davom ettirish va matnni boshqa ochiqroq joyga koʻchirish zarur. Vektorlash jarayoni amalga oshirilgandan soʻng ham yana bir marta tekshirib, zarur boʻlsa qoʻshimcha tahrir ishlarini amalga oshirish kerak.
Avtomatlashgan vektorlash oddiy kartalar, jumladan kontur, gorizontallar va koʻchalarga ega boʻlgan oddiy kartalarga mosdir. Agar kartada koʻpgina obyektlar mavjud boʻlsa va vektorlashni kerakli obyektlarni tanlash orqali (bunda kartadagi barcha obyektlar vektorlashtirilmaydi) amalga oshirish zarur boʻlsa, interaktiv vektorlash (boshqacha nomi yarim avtomatlashgan yoki kuzatib boriladigan) qoʻllaniladi. Interaktiv vektorlashda maxsus dastur raqamlashtirishni avtomatlashtirish uchun qoʻllaniladi. Bunda operator kursordagi kerakli nuqtani piksel ustiga olib borib bosadi va chiziqning davom etishi uchun yoʻnalishni koʻrsatib beradi, undan soʻng dastur avtomatik ravishda chiziqlarni raqamlaydi.
Odatda bu dasturda koʻpgina parametrlar, jumladan nuqtalarning qanchalik darajada toʻliqligi (generalizatsiya darajasi), tashlab ketiladigan boʻsh piksellarning oʻlchami va chiziqlarning yoʻnalishini koʻrsatib berish, kerakli joylarda toʻxtab oʻtish kabilar sozlanishi mumkin. Hozirgi paytda interaktiv vektorlash koʻp mehnat talab qiladigan usul hisoblanadi, lekin samaradorlik va sifat jihatidan qoʻl yordamida raqamlashtirishdan koʻra ancha ustundir. Bundan tashqari, bu usul yuqori sifatli ma’lumot ham beradi, ya’ni kompyuter har qanday holatda ham insonga qaraganda koʻproq aniq va mos chiziqlarni chizadi. Shuning uchun ham maxsus ma’lumot olishga moʻljallangan guruhlar qoʻl yordamida raqamlashtirishdan koʻra vektorlash usulini koʻproq ma’qul koʻradilar.
Ma’lumot olish ham boshqa ishlardagi kabi xatoliklarni keltirib chiqaradi. Raqamlashtirish jarayoni kameral sharoitda ma’lum vaqt mobaynida bajariladigan va xatoliklarga moyil ish boʻlgani uchun operator ba’zida kursorni notoʻgʻri ushlashi yoki kerakli joyda burilishlarni hisobga olmasdan vektor chiziqlarning davomiyligini notoʻgʻri bajarib qoʻyishi ham mumkin. Chiziqning chiqib ketishi yoki bogʻlanmay qolishi, poligonlarning toʻliq boʻlmasligi yoki ortiqcha keraksiz poligonlarning hosil boʻlishi shular jumlasidandir.
Koʻpgina geoaxborot tizimlarida qoʻpol va koʻrinarli xatoliklarni bartaraf qiluvchi maxsus dasturlar mavjud. Bunday dasturlar yordamidagi ishlar raqamlashtirishdan soʻng darhol amalga oshirilishi kerak, chunki asl nusxa bilan solishtirish osonroq kechadi. Maxsus dasturda ishlayotganda insonning mantiqiy jihatdan fikrlashi va mutaxassis sifatida yondashuvi muhim rol oʻynaydi, chunki ba’zi buyruqlar kartadagi ayrim chiziqlarga toʻgʻri kelsa, ayrim chiziqlarning kerakli joylarini yoʻqotib yuborishi ham mumkin.
Nazorat savollari
1. Raqamli kartalarni loyihalash tamoyillari haqida nimalarni bilasiz?
2. Raqamli kartalarni ishlab chiqarish qoidalari haqida nimalarni bilasiz?
3. Vektorlash haqida so’zlab bering.
4. Geoaxborot tizimi loyihasini muvaffaqiyatli amalga oshirishga xizmat qiluvchi omillarni sanab bering.
5. Raqamli xarita nima?
Do'stlaringiz bilan baham: |