T/r
|
Ish nomi
|
O‘lcham birligi
|
Mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoriga nisbatan koeffitsiyent bo‘yicha bir mualliflik tabog‘i uchun mehnatga haq to‘lashning minimal stavkasi
|
1.
|
Tarjima qilish
|
Mualliflik tabog‘i
|
*
|
2.
|
Tahrir qilish
|
Mualliflik tabog‘i
|
0,422
|
3.
|
Ekspertizadan o‘tkazish
|
Mualliflik tabog‘i
|
0,422
|
Izohlar.
1. Mualliflik tabog‘i — 40 000 bosma belgilarga, grafik materialni (rasmlar, diagrammalar, jadvallar, musiqa notalari va hokazolar) nashr etishda 3000 kv. santimetrga teng bo‘lgan nashr etiladigan asar hajmini o‘lchash birligi. Harflar, tinish belgilari, raqamlar va boshqalar hamda so‘zlar o‘rtasidagi har bir oraliq bosma belgilar hisoblanadi.
2. Ishchi guruh a’zolari mehnatiga haq to‘lash ish tugallangandan so‘ng, nashrga tavsiya etilgan hajmdan kelib chiqqan holda belgilangan tariflarga mos ravishda amalga oshiriladi.
* O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Madaniyat va san’at tashkilotlari, ijodiy uyushmalar va ommaviy axborot vositalari faoliyatini yanada rivojlantirish, soha xodimlari mehnatini rag‘batlantirish bo‘yicha qo‘shimcha sharoitlar yaratishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2017-yil 14-avgustdagi PQ-3201-son qarori bilan tasdiqlangan stavkalar asosida haq to‘lash amalga oshiriladi.
(2-ilova O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 28-dekabrdagi 1046-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son)
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 10-oktabrdagi 816-son qaroriga
3-ILOVA
Oliy ta’lim muassasalarini o‘quv adabiyotlari bilan ta’minlash hamda darsliklar va o‘quv qo‘llanmalarini yangilab borish tartibi to‘g‘risida
Nizom
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom oliy ta’lim muassasalarini o‘quv adabiyotlari bilan ta’minlash hamda darsliklar va o‘quv qo‘llanmalarini yangilab borish tartibini belgilaydi.
2. Oliy ta’limning o‘quv adabiyotlari darslik, o‘quv qo‘llanma, uslubiy qo‘llanma, uslubiy ko‘rsatma, uslubiy tavsiyanoma, ma’lumotlar to‘plami (banki), ma’ruzalar kursi, ma’ruzalar to‘plami, mashqlar (masalalar) to‘plami, lug‘at, daydjest kabi turlaridan iboratdir.
3. Oliy ta’lim muassasalari uchun o‘quv adabiyotlarini yaratish tartibi ushbu Nizomga 1-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
2-bob. O‘quv adabiyotlarini yaratish tartibi
4. Bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarining o‘quv rejalariga kiritilgan fanlar bo‘yicha yaratilishi zarur bo‘lgan o‘quv adabiyotlari ro‘yxatini shakllantirish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
oliy ta’lim muassasalari davlat ta’lim standartlari, malaka talablari, o‘quv reja va fan dasturlariga muvofiq yaratilishi zarur bo‘lgan o‘quv adabiyotlarining ro‘yxatini shakllantiradi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi (keyingi o‘rinlarda Vazirlik deb ataladi) huzuridagi Oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limini rivojlantirish markaziga (keyingi o‘rinlarda Markaz deb ataladi) kiritadi;
Markaz oliy ta’lim muassasalari tomonidan kiritilgan o‘quv adabiyotlari ro‘yxatlarini o‘quv reja va fan dasturlariga mosligi nuqtai nazaridan o‘rganib chiqadi, bilim va ta’lim sohalari, bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarining fanlari bo‘yicha takrorlanadigan adabiyotlarni aniqlaydi, takrorlanishlarni tegishli oliy ta’lim muassasalari bilan kelishilgan holda bartaraf qiladi, bir xil fanlar bo‘yicha oliy ta’lim muassasalari tomonidan ro‘yxatga kiritilgan turli o‘quv adabiyotlarini tegishli oliy ta’lim muassasalari bilan kelishilgan holda optimallashtiradi va maqbul holatga keltirilgan o‘quv adabiyotlarining ro‘yxatlarini tegishli oliy ta’lim muassasalariga o‘z tavsiyalari bilan yuboradi;
o‘quv adabiyotlari ro‘yxatlarini shakllantirgan oliy ta’lim muassasalarining rektorlari Markaz tomonidan tahlil qilingan tegishli o‘quv adabiyotlari ro‘yxatlarini Vazirlik tomonidan belgilanadigan yagona shakldagi jadval ko‘rinishida ishlab chiqadi, tasdiqlaydi va Markazga belgilangan tartibda taqdim etadi.
5. O‘quv adabiyotlarini yaratish uchun oliy ta’lim muassasalarida sohaning yetakchi mutaxassislari, professor-o‘qituvchilari va olimlar tarkibidan muallif (mualliflar jamoasi) tayinlanadi. Mualliflar tarkibiga turdosh oliy ta’lim muassasalarining yetakchi professor-o‘qituvchilari hamda xorijiy olim va mutaxassislar ham kiritilishi mumkin.
6. Zarur hollarda, o‘quv adabiyotlarini yaratish uchun mualliflar tanlov asosida belgilanishi mumkin. Tanlovda oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari, ishlab chiqarish, fan, ta’lim va tegishli boshqa sohalarning yuqori malakali mutaxassislari, shuningdek xorijiy mamlakatlar mutaxassislari ham ishtirok etishi mumkin.
7. O‘quv adabiyotlari davlat ta’lim standartlari, malaka talablari, o‘quv reja, fan dasturlari hamda o‘quv adabiyotlariga qo‘yiladigan talablarga mos holda tayyorlanishiga tegishli tayanch oliy ta’lim muassasasi mas’uldir.
8. O‘quv adabiyotlari matbaa va noshirlik me’yorlariga amal qilgan holda tayyorlanadi.
9. O‘quv adabiyotlari qo‘lyozmalarini tayyorlash va ularni nashr qilish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
tayanch oliy ta’lim muassasalarida muallif (mualliflar jamoasi) tomonidan o‘quv adabiyotining qo‘lyozmasi tayyorlanadi;
tayyorlangan qo‘lyozmaga fanning yetuk mutaxassislari, ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha turdosh oliy ta’lim muassasalari, tegishli soha tashkilotlarining taqrizlari olinadi;
tayanch oliy ta’lim muassasasining kengashida o‘quv adabiyoti qo‘lyozmasi atroflicha muhokama qilinadi va nashr qilishga tavsiya etish to‘g‘risida oliy ta’lim muassasasi kengashining bayoni rasmiylashtiriladi;
ekspertizadan o‘tkazish maqsadida o‘quv adabiyotining qo‘lyozmasi tegishli tayanch oliy ta’lim muassasasi tomonidan Markazga kiritiladi;
Markaz tayanch oliy ta’lim muassasalari tomonidan kiritilgan o‘quv adabiyotlari qo‘lyozmalarini ta’lim sohalari va yo‘nalishlariga muvofiq jamlab, Vazirlik huzuridagi Oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi yo‘nalishlari bo‘yicha O‘quv-uslubiy birlashma va komissiyalarga (keyingi o‘rinlarda o‘quv-uslubiy birlashma va komissiyalar deb ataladi) taqdim etadi;
o‘quv-uslubiy birlashma va komissiyalar o‘quv adabiyotlari qo‘lyozmalarini davlat ta’lim standartlari, malaka talablari, o‘quv reja va fan dasturlari hamda o‘quv adabiyotlariga qo‘yilgan talablarga mosligi, talabalarga mukammal zamonaviy bilim, ko‘nikma va malakalarni berishga xizmat qilishi yuzasidan ekspertizadan o‘tkazadi, har biri bo‘yicha asoslangan xulosa hamda uning o‘zbek, rus, qoraqalpoq tilidagi adadi va nashr etish manbalari (markazlashgan budjet mablag‘lari, oliy ta’lim muassasalarining mablag‘lari va boshqalar) yuzasidan tavsiya beradi;
o‘quv-uslubiy birlashma va komissiyalarning o‘quv adabiyotlari qo‘lyozmalari yuzasidan bergan xulosasi Vazirlik huzuridagi Oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi yo‘nalishlari bo‘yicha O‘quv-uslubiy birlashmalar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi kengash (keyingi o‘rinlarda Muvofiqlashtiruvchi kengash deb ataladi) majlisida muhokama qilinadi;
muhokama natijasida ijobiy deb topilgan o‘quv adabiyotlarning qo‘lyozmalari Muvofiqlashtiruvchi kengash majlisi bayoni bilan nashr etishga tavsiya qilinadi, salbiy baholangan o‘quv adabiyotlari qo‘lyozmalari qayta ishlash uchun tegishli tayanch oliy ta’lim muassasalariga yuboriladi;
Muvofiqlashtiruvchi kengash tomonidan nashr etishga tavsiya etilgan o‘quv adabiyotlar qo‘lyozmalarining ro‘yxati ularni tayyorlagan oliy ta’lim muassasasi, mualliflar familiyasi va ismi, o‘quv adabiyotining turi, uning hajmi, adadi va moliyalashtirish manbasi ko‘rsatilgan holda Vazirlikka taqdim etiladi;
Muvofiqlashtiruvchi kengash tomonidan tavsiya etilgan o‘quv adabiyotlarni Vazirlik buyrug‘i bilan nashr etishga ruxsat beriladi;
nashr etishga ruxsat berilgan o‘quv adabiyotlari belgilangan tartibda nashr qilinadi va ehtiyojga muvofiq tegishli oliy ta’lim muassasalari axborot-resurs markazlariga joylashtiriladi.
10. Chop etilgan o‘quv adabiyotlaridan talabalar foydalanishi uchun mualliflik huquqi va turdosh huquqlar bo‘yicha qonun hujjatlarida belgilangan qoidalarga amal qilgan holda oliy ta’lim muassasalarining axborot-resurs markazlariga o‘quv adabiyotlarining bosma hamda elektron nusxalari joylashtiriladi.
11. O‘quv-uslubiy birlashma va komissiyalar tomonidan o‘quv adabiyotlari qo‘lyozmalarini ekspertizadan o‘tkazish, muhokama qilish va xulosa ishlab chiqish tartibi Muvofiqlashtiruvchi kengash tomonidan belgilanadi.
12. Oliy ta’lim muassasalarida tayyorlangan o‘quv adabiyotlari qo‘lyozmalarini Markazga kiritish, ushbu qo‘lyozmalarni o‘quv-uslubiy birlashma va komissiyalarga taqdim etish tartibi Vazirlik tomonidan belgilanadi.
13. Oliy ta’lim muassasalari tomonidan, zaruratga ko‘ra, ko‘zi ojiz talabalar uchun axborot-resurs markazlariga joylashtirilgan o‘quv adabiyotlari asosida mualliflik huquqi va turdosh huquqlar bo‘yicha qonun hujjatlarida belgilangan qoidalarga amal qilgan holda tegishli o‘quv adabiyotlarining tinglab o‘rganadigan audio-darsliklari yaratiladi va axborot-resurs markazida saqlanadi.
3-bob. Oliy ta’lim muassasalarini o‘quv adabiyotlari bilan ta’minlash me’yori va ularni yangilab borish davriyligi
14. O‘quv adabiyotlarining matbaa usulida nashr qilingan nusxalari hamda mualliflar bilan belgilangan tartibda kelishilgan holda o‘quv adabiyotlarining elektron nusxalari saqlanadigan oliy ta’lim muassasalari axborot-resurs markazlari ta’lim jarayonini o‘quv adabiyotlari bilan ta’minlaydigan asosiy manba hisoblanadi.
15. O‘quv adabiyotlari bilan oliy ta’lim muassasalarini ta’minlash me’yorlari muayyan oliy ta’lim muassasasining axborot-resurs markazida mavjud bo‘lgan o‘quv adabiyotlari soni tegishli ta’lim yo‘nalishi yoki mutaxassisligida ta’lim olayotgan talabalar soni bilan nisbat ko‘rinishida belgilanadi.
16. Oliy ta’limning bakalavriat bosqichi uchun o‘tilayotgan fanlar bo‘yicha har 6 nafar talabaga kamida 1 (bir) dona o‘quv adabiyoti to‘g‘ri kelsa, mazkur ta’lim yo‘nalishi o‘quv adabiyotlari bilan ta’minlangan hisoblanadi. Bunda ta’lim jarayonining o‘quv adabiyotlari bilan ta’minlanishi axborot-resurs markazida o‘quv adabiyotlarining elektron nusxalari mavjudligini nazarda tutadi.
17. Nashr qilinayotgan o‘quv adabiyotlarining adadi bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarining o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda, o‘qitilayotgan fanlar bo‘yicha har 6 nafar talabaga kamida 1 (bir) dona hamda har 2 (ikki) nafar talabaga ko‘pi bilan 1 (bir) dona o‘quv adabiyoti to‘g‘ri kelishi miqdorlari oralig‘ida belgilanadi.
Nashr qilinadigan o‘quv adabiyotlarining adadi ushbu me’yorlarga amal qilgan holda, Muvofiqlashtiruvchi kengash tomonidan o‘quv-uslubiy birlashma yoki komissiyalar xulosasi asosida belgilanadi va Vazirlikka tavsiya qilinadi. Vazirlik tomonidan bu haqda tegishli qaror qabul qilinadi.
18. Oliy ta’lim muassasalarining axborot-resurs markazlari fondidagi o‘quv adabiyotlari mamlakatdagi ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy, ma’naviy-ma’rifiy islohotlar, yangilanish, fan, texnika va texnologiyalarning so‘nggi yutuqlari, ilg‘or xalqaro tajriba va taraqqiyot tendensiyalari, yangi fanlar va ta’lim yo‘nalishlari kiritilishi, davlat ta’lim standartlari, malaka talablari, o‘quv reja va fan dasturlari takomillashtirilishi va o‘zgartirilishiga muvofiq yangilanib borilishi lozim.
19. O‘quv adabiyotlarini yangilab borish davriyligi bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari fanlarining turkumlari (o‘quv reja bloklari)dan kelib chiqib ushbu Nizomning 2-ilovasiga muvofiq belgilanadi va tavsiyaviy xaraktyerga ega bo‘ladi.
20. Davlat ta’lim standartlari, malaka talablari, o‘quv reja va fan dasturlari ilk bor kiritilishi yoki yangilanishi, yangi fanlar kiritilishi hamda Hukumat qarorlari va ko‘rsatmalari asosida o‘quv adabiyotlari tavsiya etilgan davriylikdan mustasno tarzda yangilanadi.
21. Yangilanishi zarur bo‘lgan o‘quv adabiyotlari tayanch oliy ta’lim muassasasi tomonidan chop etilishi rejalashtirilayotgan ro‘yxatga kiritiladi. Bunda o‘quv adabiyoti yangilanishining sabablari, mavjud o‘quv adabiyoti nechanchi yilda chop etilgani ko‘rsatiladi.
4-bob. Yakunlovchi qoida
22. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Oliy ta’lim muassasalarini o‘quv adabiyotlari bilan ta’minlash hamda darslik va o‘quv qo‘llanmalarini yangilab borish tartibi to‘g‘risidagi nizomga
1-ILOVA
Oliy ta’lim muassasalari uchun o‘quv adabiyotlarni yaratish tartibining
SXEMASI
Oliy ta’lim muassasalarini o‘quv adabiyotlari bilan ta’minlash hamda darslik va o‘quv qo‘llanmalarini yangilab borish tartibi to‘g‘risidagi nizomga
2-ILOVA
O‘quv adabiyotlarini yangilab borish davriyligi bo‘yicha tavsiyaviy
Ko‘rsatkichlar
Do'stlaringiz bilan baham: |