Qisqa muddatli rejalashtirishda korxona faoliyati va rivojlanishi 1-3 yilga mo’ljallab rejalashtiriladi. Uning o’ziga xosligi shundaki, birinchi yil ko’rsatkichlari har chorakda, ikkinchi va uchinchi yil ko’rsatkichlari esa har yarim yil yoki bir yilda aniqlashtiriladi va to’g’rilashlar kiritilib boriladi. Buning maqsadi sifatida esa, reja ko’rsatkichlarining iqtisodiy muhit, bozor va fan-texnika taraqqiyotida yuz berayotgan o’zgarishlarni to’laroq aks ettirishga intilishni ko’rsatish mumkin.
Rejalashtirishning istalgan turi korxona faoliyatining biron-bir jihatini aks ettiruvchi, umumiy va xususiy, sifat va miqdor ko’rsatkichlariga asoslanadi.
Umumiy va umumlashtiruvchi ko’rsatkichlar korxonada ishlab chiqarish rivojlanishining yo’nalishi va darajasini aks ettiradi. Bunday ko’rsatkichlar qatoriga ishlab chiqarilayotgan mahsulot hajmi, mehnat, tannarx va jamg’armalar bo’yicha ko’rsatkichlarni kiritish mumkin.
Xususiy ko’rsatkichlar umumlashtiruvchi ko’rsatkichlar asosini tashkil qiluvchi alohida elementlarni, masalan, material, yoqilg’i, energiya va shu kabilarning mahsulot tannarxidagi salmog’ini tavsiflaydi.
Umumlashtiruvchi hamda xususiy ko’rsatkichlar ikkita kategoriyaga - miqdor (absolyut) va sifat (nisbiy) kategoriyalariga bo’linishi mumkin.
Miqdor ko’rsatkichlari korxonaning ishlab chiqarish va xo’jalik yuritish faoliyatini hajm o’lchamida izohlaydi. Bunday ko’rsatkichlar qatoriga ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar miqdori, ishlayotgan xodimlar soni va mehnatga haq to’lash fondi, mashina va asbob-uskunalar parki, ishlab chiqarish dasturini amalga oshirish uchun zarur bo’lgan materiallar miqdori, sex hamda ish joylari soni va hokazolarni kiritish mumkin.
Sifat ko’rsatkichlari korxonaning ishlab chiqarish faoliyatidagi o’zgarishlarni nisbiy kattaliklar: mehnat mahsuldorligining o’sishi, mahsulot tannarxining bazis davrga (yoki reja hisobotiga) nisbatan foizlarda kamayishi, mahsulotning to’liq tannarxiga nisbatan foizlarda daromad hajmi, korxona rentabellik darajasining o’sishi va shu kabilar yordamida tavsiflaydi.
Rejalashtirish korxonani boshqarish jarayoni sifatida o’z texnologiyasiga ega bo’lib, bu texnologiya korxonaning rejalashtirilayotgan davrdagi maqsad va vazifalarini aniqlash, bajaruvchilarga muayyan vazifalarni belgilash, vazifalarni turi, kattaligi va muddatiga ko’ra aniqlashtirish, shuningdek, ishlab chiqarish faoliyati natijasi - daromad yoki foyda olishni o’z ichiga oladi.
Biznes-reja yangi korxona tashkil qilish yoki biron-bir tijorat loyihasini amalga oshirish uchun mo’ljallanayotgan asoslangan xatti-harakatlarni o’z ichiga oluvchi hujjat hisoblanadi. Uning asosiy vazifasi, korxonaga o’z imkoniyatlarini baholash, bozordagi istiqbolni, zaruriy xarajatlarni aniqlash, korxona faoliyatining birinchi yillarida “suv ostidagi toshlar”ni aniqlash hamda mazkur faoliyat turining foydali yoki zararli ekanligini baholash ko’rsatkichlari yordamida hisoblashga yordam berishda deb belgilanadi.
Rejalarning har bir turi kabi, biznes-reja ham, bo’lim va ko’rsatkichlardan iborat bo’ladi. O’ntagacha bo’limni o’z ichiga oluvchi biznes-reja mazmuni va tuzilishiga ko’ra, eng maqbul hisoblanadi. Mavjud adabiyotlarda quyidagi bo’limlarni o’z ichiga oluvchi biznes-rejalar taklif qilinadi:
1. Tanlangan biznes konsepsiyasi.
2. Hozirgi paytdagi holat (maqsad, vazifa va niyatlar).
3. Tashkil qilinayotgan korxona va uning mahsulot hamda xizmatlari tavsifnomasi.
4. Boshqaruv (menedjment).
5. Bozor tadqiqoti va tahlili.
6. Marketing harakatlari rejasi.
7. Ishlab chiqarish rejasi.
8. Tavakkalchilikni baholash.
9. Moliyaviy reja.
10. Biznes-loyihaning samaradorligi.
Do'stlaringiz bilan baham: |