[
OKOZ:
1.15.00.00.00 Mudofaa / 15.12.00.00 Harbiy xizmat / 15.12.01.00 Umumiy qoidalar]
[
TSZ:
1.Mudofaa va milliy xavfsizlik / Umumiy masalalar]
O‘zbekiston Respublikasi
Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining tegishli bo‘linmalarida shaxsiy tarkibning ovqatlanishini tashkil etish bo‘yicha autsorsing xizmatlari ko‘rsatish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida
Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi harbiy xizmatchilarining ovqatlanishini tashkil etish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018-yil 16-maydagi 366-son qaroriga muvofiq,
shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining tegishli bo‘linmalarida shaxsiy tarkibning ovqatlanish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining tegishli bo‘linmalarida shaxsiy tarkibning ovqatlanishini tashkil etish bo‘yicha autsorsing xizmatlari ko‘rsatish tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondoniga quyidagi huquqlar berilsin:
zarur oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash hamda ularni yangilash maqsadida autsorserlarga, transport xarajatlarini qoplashni hisobga olgan holda, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi shaxsiy tarkibining ovqatlanishini ta’minlash uchun amalda xarid qilgan narxlarda berish (tarqatish) yo‘li bilan sotish;
shaxsiy tarkibning uzluksiz ovqatlanishini (shu jumladan doimiy joylashish punktlarida, dala sharoitlarida, tabiiy va texnogen tusdagi favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda hamda boshqa holatlarda) tashkillashtirish maqsadida tegishli zarur lavozimlarni O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi bo‘linmalari shtatlariga kiritish yo‘li bilan saqlab turish;
shaxsiy tarkibning ovqatlanishi autsorsing shartlarida amalga oshiriladigan O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi bo‘linmalarining ro‘yxatini belgilash.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondoni B.X. Tashmatov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 17-aprel,
323-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 17-apreldagi 323-son
qaroriga
ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining tegishli bo‘linmalarida shaxsiy tarkibning ovqatlanishini tashkil etish bo‘yicha autsorsing xizmatlari ko‘rsatish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi (keyingi o‘rinlarda Milliy gvardiya deb ataladi) bo‘linmalaridagi ofitserlar, shartnoma asosidagi harbiy xizmatchilar, xodimlar, muddatli harbiy xizmatchilar, kursantlar hamda akademik litsey o‘quvchilarining (keyingi o‘rinlarda shaxsiy tarkib deb ataladi) ovqatlanishini autsorsing shartlarida tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
autsorsing — buyurtmachining shaxsiy tarkibni ovqatlantirish vazifasini shartnoma asosida autsorserga o‘tkazish;
autsorser — shartnoma asosida buyurtmachiga autsorsing xizmati ko‘rsatuvchi yuridik shaxs;
buyurtmachi — Milliy gvardiya bo‘linmalari.
3. Shaxsiy tarkibni ovqatlantirish quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
statsionar va dala sharoitida oziq-ovqat ta’minoti;
quruq mahsulotlar ta’minoti.
4. Shaxsiy tarkibni ovqatlantirish buyurtmachining oziq-ovqat xizmati tomonidan autsorser xizmatini jalb qilish orqali amalga oshiriladi.
5. Shaxsiy tarkibni ovqatlantirish uchun pul mablag‘lari yillik talabnomalar bo‘yicha belgilanadi va autsorsing xizmatlari uchun kelishilgan hisob-kitoblar, oziq-ovqat me’yori narxlari belgilangan me’yorlar asosida yil bo‘yicha rejalashtiriladi.
6. Autsorsing xizmati buyurtmachining tasdiqlangan xarajatlar smetasi doirasida budjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.
7. Autsorsing xizmati ko‘rsatish jarayonida maxfiylik tartibiga rioya etish buyurtmachi tomonidan ta’minlanadi.
2-bob. Autsorserni tanlash, shartnoma tuzish va hisob-kitoblarni amalga oshirish tartibi
8. Autsorserlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan talabgorlarni o‘rganish hamda eng yaxshi takliflarni tanlash orqali tanlab olinadi. Bunda umumiy ovqatlanish
sohasida katta ish tajribasiga, tegishli moliyaviy, moddiy-texnika va logistika bazasiga ega, oshxonalarning holatini yaxshilashga tayyor bo‘lgan talabgorlarga ustunlik beriladi.
9. Autsorser talabgorlariga nisbatan quyidagi talablar qo‘yiladi:
yuridik shaxs bo‘lishi;
autsorsing xizmati bo‘yicha kamida bir oylik shartnoma summasiga teng aylanma mablag‘larga ega bo‘lishi;
moliyaviy ahvolining barqarorligi, soliq va boshqa majburiy to‘lovlardan qarzdorligi mavjud emasligi;
statsionar va dala sharoitida autsorsing xizmati ko‘rsatish uchun yetarli moddiy-texnika va logistika bazasiga ega bo‘lishi;
shtatida yetarli ish tajribasiga va ko‘nikmaga ega xodimlar bo‘lishi.
10. Autsorserlarni tanlab olish Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan talabgorlarni o‘rganish hamda belgilangan tartibda tanlovni o‘tkazish yo‘li bilan zarurat tug‘ilganda amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
11. Autsorserlarni tanlash natijalari maxsus komissiyaning bayonnomasi bilan rasmiylashtiriladi va tasdiqlangan kunning ertasidan kechiktirmay shaxsiy tarkibning ovqatlanishini tashkil qilish bo‘yicha autsorsing xizmatlari ko‘rsatish yuzasidan Milliy gvardiya bo‘linmalari bilan belgilangan tartibda shartnoma tuzish uchun buyurtmachiga yuboriladi.
(11-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-noyabrdagi 705-sonli qarori
tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 23.11.2021-y., 09/21/705/1082-son)
12. Oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining bozordagi o‘rtacha ko‘rsatkichlari tegishli hududda yuzaga kelgan narxlar darajasini har oy o‘rganish orqali Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan belgilanadi.
13. Agar oziq-ovqat mahsulotlarining amaldagi bozor narxlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining bayonnoma qarorida belgilangan narxlardan baland bo‘lsa, buyurtmachi autsorser bilan birgalikda Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga ko‘rib chiqish va qaror qabul qilish uchun tegishli hududdagi amaldagi narxlarni o‘rganib chiqish dalolatnomasi ilova qilingan takliflarni belgilangan tartibda yuboradi.
14. Oziq-ovqat mahsulotlarining Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bayonnomalarida belgilangan narxlari ular tasdiqlangandan keyingi kundan e’tiboran kuchga kiradi.
15. Bayonnoma qarorlarning to‘g‘ri tuzilishi uchun javobgarlik Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga yuklanadi.
16. Autsorsing xizmati ko‘rsatish bo‘yicha shartnoma buyurtmachi va autsorser o‘rtasida kalendar yil uchun yozma shaklda ikki nusxada tuziladi.
Shartnomada shaxsiy tarkibning soni, bir nafar ovqatlanuvchi uchun tasdiqlangan me’yorlardagi kunlik oziq-ovqat qiymati, kalendar kuni va jami yillik summa aks ettiriladi.
17. Oziq-ovqat mahsulotlarining o‘rtacha bozor narxlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklaridan har oyning 1-sanasiga qadar Milliy gvardiya bo‘linmalari tomonidan olinadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklaridan olingan oziq-ovqat mahsulotlari narxi o‘zgarganda yoki boshqa asosli holatlarda shartnomaga tegishli o‘zgartirish kiritilishi mumkin.
18. Ko‘rsatilgan xizmatlar hisob-kitobi shartnoma oylik summasining 15 foizi miqdorida oldindan, 85 foizi haqiqatda ko‘rsatilgan xizmatlar summasidan kelib chiqib har 10 kunda, yakuniy hisob-kitob esa — keyingi oyning 5-sanasiga qadar amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi bo‘linmalarida ovqatlanishni tashkil etish uchun autsorserni tanlash, autsorser va harbiy qism (muassasa) o‘rtasida hisob-kitoblar mazkur Nizomga 2 va 3-ilovalarga muvofiq sxemalar bo‘yicha amalga oshiriladi.
3-bob. Autsorsing xizmati ko‘rsatishda oziq-ovqatlar sifatiga va xavfsizligiga qo‘yiladigan talablar
19. Autsorsing xizmatlari asosida ovqat bilan ta’minlash qonun hujjatlarida belgilangan xavfsizlik texnikasi va yong‘in xavfsizligi, mehnat muhofazasi hamda sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga rioya qilingan holda amalga oshirilishi lozim.
20. Autsorser tomonidan foydalaniladigan oziq-ovqat mahsulotlari tegishli muvofiqlik sertifikatlari bilan tasdiqlanishi, shuningdek, xalqaro va milliy standartlar talablariga javob berishi shart.
21. Buyurtmachiga yetkazib berilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari sifati yuzasidan nazorat autsorser ishtirokida buyurtmachining tibbiy hamda oziq-ovqat xizmatlari tomonidan amalga oshiriladi, bunda qabul qilish dalolatnomasi tuzilib, u mahsulot sifatini tekshirgan shaxslar tomonidan imzolanadi va buyurtmachi tomonidan tasdiqlanadi.
22. Autsorser xodimlari:
sifatli oziq-ovqat mahsulotlarini qabul qilishi, ularni to‘g‘ri saqlashi va belgilangan me’yorlar asosida sarflashi;
belgilangan me’yorlar asosida taom tayyorlash texnologiyasiga qat’iy amal qilishi, ortiqcha isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymasligi;
taomlarni tayyorlashda, oziq-ovqat mahsulotlarini qabul qilish hamda saqlashda sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga qat’iy rioya etishi;
oshpazlik sohasida zarur bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishi va o‘z malakasini doimiy ravishda oshirib borishi zarur.
Autsorser xodimlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tibbiy ko‘rikdan o‘tishi va tibbiy daftarchaga ega bo‘lishi shart.
Mazkur bandda belgilangan talablarga rioya qilmagan shaxslarning autsorser tomonidan xizmat ko‘rsatishga jalb etilishi taqiqlanadi.
23. Oziq-ovqat mahsulotlarini belgilangan tartibda saqlash qoidalariga rioya etilishi bo‘yicha javobgarlik autsorserga yuklanadi.
4-bob. Shaxsiy tarkibning ovqatlanish tartibini rejalashtirish, nazorat qilish va monitoringni amalga oshirish
24. Shaxsiy tarkibning ovqatlanish tartibi buyurtmachi tomonidan ishlab chiqiladi.
25.
Taomnoma sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari asosida tuziladi, autsorser va buyurtmachi rahbari tomonidan imzo bilan tasdiqlanadi.
26. Taomnoma uch nusxada tuziladi — birinchi nusxasi autsorserga, ikkinchi nusxasi buyurtmachiga hamda uchinchi nusxasi oshxonaga foydalanish uchun beriladi.
27. Taomlar ovqatlanish texnologiyasi qoidalariga amal qilgan holda tayyorlanadi, saqlanadi va tarqatiladi.
28. Shaxsiy tarkibning ovqatlanishi kun mobaynida sutkalik ovqatlanish me’yorlari bo‘yicha oziq-ovqat mahsulotlarining to‘g‘ri taqsimlanishi, shuningdek, kun tartibi bo‘yicha qat’iy belgilangan vaqtda ovqatlanish tashkillashtirilishi lozim.
29. Oziq-ovqat mahsulotlarini qozonga solish autsorser va buyurtmachi vakillari ishtirokida amalga oshiriladi.
30. Ovqatlarni tarqatish boshlangunga qadar buyurtmachi vakillari tomonidan ovqatlar sifati, shuningdek, oshxona binosining sanitariya holati, oshxona idishlari va inventarlari tekshiriladi. Buyurtmachi vakillari tekshiruv natijalarini ovqatlarni tayyorlash sifatining nazorat kitobida aks ettiradi. Bunda uning sifati to‘g‘risidagi xulosa har bir ovqat pishirish (nonushta, tushlik, kechki ovqat) uchun alohida yoziladi.
31. Autsorsing xizmati ko‘rsatilishi yuzasidan monitoring buyurtmachi tashkil etadigan komissiya (keyingi o‘rinlarda komissiya deb ataladi) tomonidan amalga oshiriladi.
32. Komissiya tarkibi Milliy gvardiya Moddiy-texnika ta’minoti boshqarmasi moddiy ta’minot bo‘limi, buyurtmachining ta’minot va boshqa bo‘linmalari xodimlaridan shakllantiriladi.
33. Komissiya:
autsorsing xizmati ko‘rsatilishi yuzasidan doimiy monitoring olib boradi, jumladan shaxsiy tarkib o‘rtasida so‘rovnomalar o‘tkazadi;
monitoring natijalaridan kelib chiqib, buyurtmachi va autsorserga tegishli
taklif va tavsiyalar kiritadi;
oshxona va omborlarda sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga rioya qilinishi hamda epidemiyaga qarshi tadbirlar talablarining buzilishi holatlarini bartaraf etish choralarini ko‘radi;
tayyor taom va oziq-ovqat mahsulotlarining belgilangan kunlik me’yorlarga mos bo‘lishini hamda sifatini o‘rganadi, zarur holatlarda chetdan mutaxassislar jalb etadi.
Komissiya buyurtmachi tomonidan yuklangan boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
34. Komissiya tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish natijalari alohida yuritiladigan jurnalda qayd etib boriladi.
5-bob. Shaxsiy tarkibni issiq ovqat bilan ta’minlash
35. Autsorsing sharoitida shaxsiy tarkibni issiq ovqat bilan ta’minlash shaxsiy tarkib yetib kelishi va ketishini hisobga olgan holda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
36. Shaxsiy tarkibni ovqatlantirish bo‘yicha hisobga kiritishda yoki hisobdan chiqarishda hisob-kitoblar belgilangan kunlik me’yor summasiga nisbatan quyidagicha amalga oshiriladi:
nonushta uchun — 25 %;
tushlik uchun — 50 %;
kechki taom uchun — 25 %.
37. Milliy gvardiya akademik litsey o‘quvchilarini ovqatlantirish bo‘yicha hisobga kiritishda yoki hisobdan chiqarishda hisob-kitoblar belgilangan kunlik me’yor summasiga nisbatan quyidagicha amalga oshiriladi:
nonushta uchun — 20 %;
ikkinchi nonushta (yoki tushlik) uchun — 20 %;
tushlik uchun — 40 %;
kechki ovqatlanish uchun — 20 %.
38. Agar shaxsiy tarkibning oziq-ovqat ta’minotini tashkil qilish bo‘yicha jami xarajatlar ovqatlanish payogi o‘rniga pul kompensatsiyasining belgilangan miqdoridan oshib ketsa, mavjud tafovut shaxsiy tarkibdan undirilmaydi, xarajatlar esa — O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti va Milliy gvardiyaning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
39. Shaxsiy tarkibni ovqatlantirish jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari hisobiga tashkil etilganda shaxsiy tarkib uchun belgilangan bir kunlik ovqatlanish ratsioni sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga muvofiq belgilangan me’yorlardan oshmasligi lozim.
6-bob. Autsorser va buyurtmachining huquqlari va majburiyatlari
40. Autsorser quyidagi huquqlarga ega:
ijaraga olingan mol-mulkdan foydalanish;
ijaraga olingan bino va inshootlarning ichki qismida texnik jihatdan jihozlash va ta’mirlash ishlarini amalga oshirish;
shaxsiy tarkibning soni va ovqatlanish jadvalini belgilangan tartibda olish;
olingan oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining o‘zgarishi munosabati bilan shartnomaga o‘zgartirish kiritish taklifi bilan chiqish;
ko‘rsatilgan xizmatlar uchun o‘z vaqtida to‘lovlar amalga oshirilishini talab qilish;
buyurtmachidan shartnoma shartlarining bajarilishini talab qilish.
Autsorser qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
41. Autsorser:
shaxsiy tarkibning oziq-ovqat ta’minotini
uzluksiz, shu jumladan, zarur holatlarda, dam olish va bayram kunlari hamda dala sharoitida amalga oshirishi;
oziq-ovqat mahsulotlarining yangi va sifatli bo‘lishini ta’minlashi;
sog‘liq uchun zararli va yaroqsiz oziq-ovqat mahsulotlaridan foydalanmasligi va taomlarni tarqatmasligi;
dala sharoitida ko‘chma oshxona faoliyatini to‘liq tashkil etgan holda, shaxsiy tarkibning oziq-ovqat ta’minotini amalga oshirishi;
ijaraga olingan bino va inshootlar, jihozlardan maqsadli hamda oqilona foydalanishi, saqlashi, nosoz holga kelganda ularni o‘z hisobidan ta’mirlashi, shuningdek, mulkni
saqlash xarajatlarini qoplashi;
autsorsing xizmati ko‘rsatishda xavfsizlik texnikasi, yong‘in xavfsizligi, mehnat muhofazasi hamda sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga qat’iy rioya etishi;
oziq-ovqat mahsulotlarining sifatli saqlanishini ta’minlashi;
maxfiylik tartibiga qat’iy rioya qilishi lozim.
Autsorserga qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham yuklanishi mumkin.
42. Buyurtmachi quyidagi huquqlarga ega:
autsorserdan shartnoma shartlarini bajarish bilan bog‘liq jarayonda qatnashuvchi shaxslar (oshxona xodimlari) ro‘yxatini olish;
oziq-ovqat mahsulotlarining sifatini tasdiqlovchi hujjatlarni talab qilish;
ovqatlanish jadvaliga o‘zgartirishlar kiritish;
autsorserning ishlab chiqarish faoliyatiga aralashmagan holda shartnoma shartlarining bajarilishini nazorat qilish.
Buyurtmachi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
43. Buyurtmachi:
autsorserga shaxsiy tarkibning sonini va ularning ovqatlanish jadvalini o‘z vaqtida taqdim etishi;
shartnomaga muvofiq belgilangan muddat va shartlar asosida autsorserga ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lovlarni amalga oshirishi lozim.
Buyurtmachi zimmasiga qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham yuklanishi mumkin.
7-bob. Obyektlar va moddiy-texnika vositalaridan foydalanish
44. Oshxonada joylashgan moddiy-texnika vositalari buyurtmachi tomonidan tegishli dalolatnoma rasmiylashtirilgan holda autsorsyerga vaqtinchalik foydalanishga beriladi. Dalolatnoma ikki nusxada buyurtmachi komissiyasi va autsorser tomonidan imzolanadi. Dalolatnoma buyurtmachi tomonidan tasdiqlanadi.
45. Autsorsyerga vaqtinchalik foydalanishga beriladigan oshxona binosiga qo‘yiladigan asosiy talablar quyidagilar hisoblanadi:
yetarli o‘ringa ega bo‘lgan, texnologik jihozlar bilan ta’minlangan, texnik holati belgilangan me’yorlarga mos bo‘lgan ovqatlanish binosining mavjudligi;
mahsulotlarni saqlash uchun omborlarning mavjudligi;
taom
tayyorlash uskunalari, oshxona mebellari va ovqatlanish uchun zarur bo‘lgan boshqa jihozlarning mavjudligi.
46. Belgilangan foydalanish muddatini o‘tab bo‘lgan va yaroqsiz holatga kelgan moddiy-texnika vositalari belgilangan tartibda buyurtmachi tomonidan hisobdan chiqariladi.
8-bob. Yakunlovchi qoidalar
47. Ushbu Nizomda nazarda tutilgan talablarning buzilishi buyurtmachi va autsorserning tuzilgan shartnomani belgilangan tartibda bekor qilishiga asos bo‘ladi.
48. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.
Oldingi tahrirga qarang.
(1-ilova O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-noyabrdagi 705-sonli qaroriga
asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 23.11.2021-y., 09/21/705/1082-son)
O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining tegishli bo‘linmalarida shaxsiy tarkibning ovqatlanishini tashkil etish bo‘yicha autsorsing xizmatlari ko‘rsatish tartibi to‘g‘risidagi nizomga
2-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi bo‘linmalarida ovqatlanishni tashkil etish uchun autsorserlarni tanlash
SXEMASI