4-bob. Ipoteka kreditini ajratish tartibi 21. Ipoteka krediti banklar tomonidan qaytarishlik, to‘lovlilik, ta’minlanganlik, muddatlilik va maqsadlilik shartlarida beriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
22. Qarz oluvchining ipoteka kreditini qaytarish bo‘yicha majburiyati ta’minoti sifatida:
birlamchi uy-joy bozoridan sotib olinayotgan kvartira;
yakka tartibda quriladigan (rekonstruksiya qilinadigan) uy-joy garovi yoki boshqa ta’minot turlari taqdim etiladi.
Ulushdor-jismoniy shaxslar ipoteka krediti bo‘yicha ta’minot sifatida bankning ichki kredit siyosatiga asosan pudrat tashkilotining yoki qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa mol-mulkdan foydalanishi mumkin.
Agar kredit olish vaqtida pudrat tashkilotining mol-mulki yoki boshqa ta’minot turi taqdim etilgan bo‘lsa, uy-joy qurilishi (rekonstruksiya qilinishi) yakunlanib kadastr hujjatlari rasmiylashtirilganidan so‘ng kredit bo‘yicha ta’minot ushbu uy-joyning ipotekasiga almashtiriladi.
(22-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 23-avgustdagi 537-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 24.08.2021-y., 09/21/537/0818-son)
23. Bank Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali subsidiya olish uchun ariza beruvchining kreditga layoqatliligi bo‘yicha yuborilgan so‘roviga javoban mazkur Nizomning 16-bandida belgilangan mezonlarga muvofiqligi doirasida uning to‘lov qobiliyati, unga berilishi mumkin bo‘lgan ipoteka krediti va sotib olinishi mumkin bo‘lgan kvartiraning yuqori qiymati hamda xulosa berish vaqtida kredit tashkilotlari oldida muddati o‘tgan qarzdorlik mavjud yoki mavjud emasligi yuzasidan xulosa taqdim etadi.
24. Qarz oluvchiga berilishi mumkin bo‘lgan ipoteka kreditining yuqori miqdori qarz yuki ko‘rsatkichi bo‘yicha ushbu Nizomning 16-bandi “v” kichik bandida belgilangan me’yordan kelib chiqqan holda aniqlanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Bunda pudrat tashkilotlari tomonidan yangi tartib doirasida tayyor holda topshirish shartlari bilan qurib bitkazilgan, qurilgan kvartiralarni birlamchi uy-joy bozorida sotib olish hamda yakka tartibdagi uy-joyni qurish (rekonstruksiya qilish) ishlari uchun berilishi mumkin bo‘lgan ipoteka kreditining eng ko‘p miqdori ushbu Nizomning 28-bandida belgilangan miqdorlardan oshib ketmasligi lozim.
(24-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 23-avgustdagi 537-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 24.08.2021-y., 09/21/537/0818-son)
Oldingi tahrirga qarang.
25. Sotib olinadigan kvartira va quriladigan (rekonstruksiya qilinadigan) yakka tartibdagi uy-joyning qiymati ushbu Nizomning 16-bandida belgilangan boshlang‘ich badalning minimal miqdori va 28-bandiga muvofiq berilishi mumkin bo‘lgan ipoteka kreditining eng ko‘p miqdori yig‘indisi sifatida aniqlanadi.
(25-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 23-avgustdagi 537-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 24.08.2021-y., 09/21/537/0818-son)
26. Bank tomonidan Davlat xizmatlari markazi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ariza beruvchining subsidiya olish haqidagi murojaatini ko‘rib chiqishda uning kreditga layoqatliligi bo‘yicha ijobiy xulosa berilgandan so‘ng ariza beruvchi ushbu bankka subsidiya xabarnomasini ilova qilgan holda bankning xulosasida belgilangan berilishi mumkin bo‘lgan ipoteka krediti miqdoridan oshmagan summada ipoteka kreditini olish to‘g‘risida murojaat qilganda, unga to‘lovga layoqatsizlik vaji bilan kredit berish rad etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Subsidiya xabarnomasini olgan fuqaro bankka ipoteka krediti olish uchun ariza taqdim etayotgan davrda ushbu Nizomning 16-bandida belgilangan qarz oluvchilarning muvofiqlik mezonlariga to‘liq javob bermay qolgan hollarda bank ajratiladigan ipoteka krediti miqdorini kamaytirishi yoki ipoteka krediti ajratishni rad etishi mumkin.
27. Fuqaro bankka ipoteka krediti olish uchun murojaat qilgan taqdirda, bankning mas’ul xodimi unga ipoteka kreditining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha izoh beradi, talab etiladigan barcha hujjatlar ro‘yxati va taxminiy xarajatlar turlari bilan tanishtiradi.
Bunda qarz oluvchi bankka ipoteka krediti olish uchun ariza va ushbu Nizomga hamda bankning ichki kredit siyosatiga asosan tegishli hujjatlarni taqdim etadi.
Subsidiya xabarnomasiga ega bo‘lgan qarz oluvchi bankka qo‘shimcha ravishda mazkur xabarnomani ham taqdim etadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Yakka tartibdagi uy-joyni qurish (rekonstruksiya qilish) uchun ipoteka krediti olish bo‘yicha buyurtmanomaga qarz oluvchining yer uchastkasiga umrbod egalik qilish huquqini tasdiqlovchi hujjat, yakka tartibdagi uy-joyni qurish (rekonstruksiya qilish) bo‘yicha smeta hujjati, pudrat tashkiloti bilan tuzilgan shartnoma hamda ipoteka kreditini qaytarish bo‘yicha majburiyat ta’minotini tasdiqlovchi tegishli hujjatlar ham ilova qilinadi.
(27-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 23-avgustdagi 537-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 24.08.2021-y., 09/21/537/0818-son)
Oldingi tahrirga qarang.
28. Tayyor holda topshirish sharti bilan qurib bitkazilgan ko‘p kvartirali uy-joylardagi kvartiralarni birlamchi uy-joy bozorida sotib olish hamda yakka tartibdagi uy-joyni qurish (rekonstruksiya qilish) ishlari uchun Moliya vazirligi tomonidan joylashtirilgan mablag‘lar hisobidan fuqarolarga ipoteka krediti banklar tomonidan quyidagi shartlar asosida ajratiladi:
1) bozor stavkasida;
2) 20 yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga;
3) boshlang‘ich badali sotib olinadigan kvartira va yakka tartibda qurilayotgan (rekonstruksiya qilinayotgan) uy-joy qiymatining 15 foizidan kam bo‘lmagan miqdorda;
4) bir qarz oluvchiga beriladigan ipoteka kreditlari uy-joy hisoblangan qiymatining 85 foizidan oshmaydigan miqdorda.
(28-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 23-avgustdagi 537-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 24.08.2021-y., 09/21/537/0818-son)
29. Qarz oluvchi tomonidan bankka 20 yildan kam muddatga va (yoki) ushbu Nizomning 28-bandida belgilangandan ko‘proq miqdordagi boshlang‘ich badalni to‘lagan holda ipoteka krediti olish uchun ariza taqdim etilganda, arizani ko‘rib chiqish hamda kredit ajratish ushbu Nizomga va bankning ichki kredit siyosatida belgilangan talablarga muvofiq amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
30. Sotib olinadigan kvartira yoki yakka tartibda qurilgan (rekonstruksiya qilingan) uy-joyning qiymati ushbu Nizomning 28-bandida belgilangan miqdorlardan oshib ketgan taqdirda, qiymatning qolgan qismi qarz oluvchi tomonidan o‘z mablag‘lari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan to‘lanadi.
(30-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 23-avgustdagi 537-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 24.08.2021-y., 09/21/537/0818-son)
Bunda qiymatning ortgan qismini shakllantirish (to‘lash) uchun banklar tomonidan qarz oluvchiga ushbu Nizomga asosan Moliya vazirligi tomonidan ajratilgan mablag‘lar hisobidan ipoteka va boshqa kreditlar berilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
31. Ipoteka kreditining yillik foiz stavkasi bankning ichki siyosatiga asosan Moliya vazirligi tomonidan joylashtirilgan mablag‘larning foiz stavkasi hamda bank marjasini inobatga olgan holda qarz oluvchi va bank o‘rtasidagi o‘zaro kelishuvga muvofiq ipoteka krediti shartnomasida belgilanadi.
Bunda foiz to‘lovlarining bir qismini qoplashga subsidiya ajratilgan ipoteka kreditining foiz stavkasi yangi tartib doirasida boshqa shaxslarga berilgan ipoteka kreditlarining foiz stavkalaridan yuqori bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
32. Kredit hujjatlari to‘liq shakllantirilgandan so‘ng qarz oluvchi o‘z mablag‘lari hisobidan boshlang‘ich badalni, shuningdek, ipoteka kreditlari bo‘yicha boshlang‘ich badalning bir qismini qoplash uchun subsidiya xabarnomasiga ega bo‘lgan qarz oluvchilar boshlang‘ich badalning o‘zi tomonidan shakllantirilishi lozim bo‘lgan qismini bankdagi tegishli hisobvaraqda shakllantirishi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
Yakka tartibda uy-joyni qurish (rekonstruksiya qilish) uchun beriladigan ipoteka krediti bo‘yicha boshlang‘ich badal uchun qarz oluvchi tomonidan sotib olingan qurilish materiallari va (yoki) bajarilgan qurilish-montaj ishlari qiymati hisobga olinishi mumkin.
(32-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 23-avgustdagi 537-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 24.08.2021-y., 09/21/537/0818-son)
Oldingi tahrirga qarang.
33. Sotib olinadigan kvartira yoki qurilayotgan (rekonstruksiya qilinayotgan) yakka tartibdagi uy-joyning qiymati qarz oluvchi to‘lagan boshlang‘ich badal bilan unga beriladigan ipoteka kreditining eng ko‘p miqdori yig‘indisidan ortgan hollarda qiymatning ortgan qismi uchun mablag‘lar qarz oluvchi tomonidan bankdagi tegishli hisobvaraqqa o‘tkaziladi yoki bankka ushbu summa to‘langanligini tasdiqlovchi hujjat taqdim etilishi mumkin.
(33-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 23-avgustdagi 537-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 24.08.2021-y., 09/21/537/0818-son)
34. Tegishli hujjatlar to‘liq taqdim qilingandan va mablag‘lar shakllantirilgandan so‘ng bank uch ish kunida qarz oluvchiga kredit berish masalasini ko‘rib chiqadi hamda arizani qanoatlantirish yoki rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
35. Bank tomonidan ipoteka krediti berishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilingan taqdirda, uch ish kunida qarz oluvchiga ipoteka krediti berishni rad etishning sabablari aniq va tushunarli ko‘rsatilgan holda yozma xulosa yuboriladi.
36. Qarz oluvchi bank xulosasida ko‘rsatilgan kamchiliklarni bartaraf etgandan keyin ipoteka krediti berish to‘g‘risidagi ariza bilan bankka qayta murojaat qilishga haqlidir.
37. Qarz oluvchiga ipoteka krediti berish to‘g‘risida ijobiy qaror qabul qilingan taqdirda, bank uch ish kunida bu haqida qarz oluvchini yozma ravishda xabardor qiladi. Bunda bank tomonidan qarz oluvchiga tanishib chiqish va o‘zi bilan olib ketishi mumkin bo‘lgan ipoteka krediti shartnomasi va kreditning qaytarish jadvali loyihasi taqdim etiladi.
38. Subsidiya xabarnomasi mavjud bo‘lganda, bank hududiy moliya bo‘limlariga qarz oluvchi boshlang‘ich badalining bir qismini qoplash uchun xabarnomani yuboradi. Moliya bo‘limlari ikki ish kunida ushbu xabarnomani ro‘yxatdan o‘tkazadi hamda unga asosan tegishli buyurtmanoma va to‘lov topshiriqnomasini shakllantirib hududiy g‘aznachilik bo‘limlariga yuboradi.
Hududiy g‘aznachilik bo‘limlari Moliya bo‘limlaridan tegishli buyurtmanoma va to‘lov topshiriqnomasini olgan kundan boshlab bir ish kunida boshlang‘ich badalning bir qismini qoplash uchun subsidiya mablag‘larini bankka o‘tkazib beradi.
39. Hududiy g‘aznachilik bo‘limlari tomonidan boshlang‘ich badalning bir qismini qoplash uchun subsidiya o‘ttiz kunda bankka o‘tkazib berilmaganda, qarz oluvchiga ipoteka krediti shartnomasini rasmiylashtirish vaqtincha to‘xtatib turiladi.
Bunda bank tomonidan qarz oluvchiga shakllantirilmagan boshlang‘ich badalning bir qismini o‘z mablag‘lari hisobidan to‘lash bo‘yicha aniq muddat ko‘rsatilgan yozma ogohlantirish xati yuboriladi.
40. Ijobiy qaror qabul qilingan ipoteka krediti bo‘yicha (subsidiya xabarnomasiga ega qarz oluvchilar uchun subsidiya bankka o‘tkazib berilgandan so‘ng) bir ish kunida:
Oldingi tahrirga qarang.
a) belgilangan tartibda pudrat tashkiloti bilan kvartiraning oldi-sotdi yoki yakka tartibdagi uy-joyni qurish (rekonstruksiya qilish) shartnomasi rasmiylashtiriladi;
(40-bandning “a” kichik bandi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 23-avgustdagi 537-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 24.08.2021-y., 09/21/537/0818-son)
b) bank va qarz oluvchi (birgalikda qarz oluvchilar) o‘rtasida ipoteka krediti shartnomasi rasmiylashtiriladi va bitta asl nusxasi kreditni qaytarish jadvali bilan birga qarz oluvchiga taqdim etiladi;
Oldingi tahrirga qarang.
v) qarz oluvchi o‘z hisobiga va ipoteka krediti shartnomasida belgilangan muddatlarda sotib olinayotgan kvartira yoki qurilayotgan (rekonstruksiya qilinayotgan) yakka tartibdagi uy-joy va u joylashgan yer uchastkasiga bo‘lgan huquq bo‘yicha garov shartnomasi hamda sug‘urta tashkiloti bilan ipoteka predmetini tavakkalchiliklardan sug‘urta qilish shartnomasini tuzadi. Bunda sug‘urta shartnomasida sug‘urta mukofoti har yili to‘lanishi nazarda tutilishi mumkin;
(40-bandning “v” kichik bandi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 23-avgustdagi 537-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 24.08.2021-y., 09/21/537/0818-son)
g) “Ipoteka to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq ipoteka shartnomasi tuziladi. Ipoteka shartnomasi, shuningdek, qonun asosida yuzaga kelgan ipoteka belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi.
41. Bankning ipoteka krediti berish bo‘yicha majburiyati qarz oluvchi tomonidan bankka ipoteka predmetini yo‘qolish va shikastlanish tavakkalchiliklaridan sug‘urta qilish shartnomasi hamda sug‘urta polisi taqdim etilgandan, shuningdek, ipoteka yuzaga kelgandan keyin paydo bo‘ladi. Ushbu shart ipoteka krediti shartnomasida belgilab qo‘yilgan bo‘lishi kerak.
42. Qarz oluvchining bank hisobvarag‘ida shakllantirilgan mablag‘ va unga ajratilgan ipoteka krediti bank tomonidan naqd pulsiz shaklda pudrat tashkilotining hisobvarag‘iga o‘tkazib beriladi.
43. Ipoteka krediti shartnomasi qaytarish grafigiga asosan qarz oluvchi ipoteka krediti va unga hisoblangan foiz to‘lovlarini (subsidiyadan tashqari qismi) to‘lab boradi.
Oldingi tahrirga qarang.
5-bob. Yakka tartibdagi uy-joyni qurish (rekonstruksiya qilish) uchun ipoteka kreditini ajratishning o‘ziga xos xususiyatlari
(5-bodning nomi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 23-avgustdagi 537-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 24.08.2021-y., 09/21/537/0818-son)
Oldingi tahrirga qarang.
44. Yakka tartibdagi uy-joyni qurish (rekonstruksiya qilish) uchun qarz oluvchiga ipoteka krediti berish bank tomonidan qarz oluvchi va pudrat tashkiloti o‘rtasida tuzilgan yakka tartibdagi uy-joyni qurish (rekonstruksiya qilish) bo‘yicha ishlarni bajarish yoki xizmat ko‘rsatish shartnomasi va qurilish-montaj ishlari reja-jadvali asosida qarz oluvchining bankda ochilgan alohida ssuda hisobvarag‘idan bajarilgan ishlar hajmiga mutanosib ravishda bosqichma-bosqich pudrat tashkilotining depozit hisobvarag‘iga naqd pulsiz shaklda o‘tkazish orqali amalga oshiriladi.
(44-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 23-avgustdagi 537-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 24.08.2021-y., 09/21/537/0818-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Bunda qarz oluvchining o‘z kuchi bilan yoki o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tgan yollanma ishchilarni jalb etgan holda yakka tartibdagi uy-joylar qurish (rekonstruksiya qilish) uchun ajratilgan kreditlar bajarilgan ishlar hajmiga mutanosib ravishda bosqichma-bosqich qarz oluvchining bank kartasiga o‘tkazib beriladi.
(44-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 23-avgustdagi 537-sonli qaroriga asosan xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 24.08.2021-y., 09/21/537/0818-son)
45. Ipoteka krediti bo‘yicha mablag‘ ajratish bank tomonidan qarz oluvchining yozma topshiriqnomasi olingan vaqtdan boshlab bir bank kuni mobaynida amalga oshiriladi. Bunda kredit ajratishning har bir bosqichida bank xodimi tomonidan joyiga chiqib, ajratilgan ipoteka kreditining maqsadli ishlatilishi o‘rganiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Bajarilgan ishlar hajmining 95 foizgacha qismi qarz oluvchining boshlang‘ich badali (jami bajariladigan ishlar qiymatining 15 foizi) hisobidan o‘tkazib berilgan avans mablag‘larga mutanosib ravishda ushlab qolingan holda bajarilgan qurilish-montaj ishlari to‘g‘risidagi dalolatnomaga muvofiq moliyalashtirib boriladi hamda yakka tartibdagi uy-joy qiymatining 5 foizi miqdoridagi qolgan qismi bank xodimi tomonidan joyiga chiqib ipoteka kreditini to‘liq ajratish to‘g‘risida xulosa berilgandan so‘ng to‘lanadi.
(45-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 23-avgustdagi 537-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 24.08.2021-y., 09/21/537/0818-son)
Qarz oluvchi har oyda bankka amalga oshirilgan qurilish-montaj ishlari holati to‘g‘risida hisobot topshirishi kerak. Hisobotga sotib olingan tovarlarga berilgan schyotlar, kvitansiyalar, yuk xatlari va boshqa hujjatlar hamda qonun hujjatlarida belgilangan boshqa ma’lumotlar ilova qilinadi.
Oldingi tahrirga qarang.
46. Yakka tartibdagi uy-joyning qurilishi (rekonstruksiya qilinishi) tugallanib, belgilangan tartibda foydalanishga topshirilgan hamda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgandan keyin bir oy muddatda:
(46-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 23-avgustdagi 537-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 24.08.2021-y., 09/21/537/0818-son)
a) qurilishi tugallangan uy-joyni tavakkalchiliklardan sug‘urta qilish shartnomasi tuziladi. Bunda sug‘urta shartnomasida sug‘urta mukofoti har yili to‘lanishi nazarda tutilishi mumkin;
b) ipoteka to‘g‘risidagi shartnoma yoki qonun asosida ipotekani rasmiylashtiriladi va u davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi.