Alisher Navoiyning jamiyat haqidagi qarashlari. Hozirgi falsafada alohida rutba (kategoriya) sifatida ajraladigan va ko’proq buyuk faylasuf Gegelь nomi bilan bog’lanadigan umumiylik va xususiylik, mohiyat va hodisa, imkoniyat va voqelik dialektikasi SHarq falsafasida, shuningdek, Alisher Navoiy mansub bo’lgan tasavvuf falsafasida allaqachon e’tirof etilgan.
Arastu va uning izdoshi Forobiy moddaning ob’ektivligini tan oladi. Ularning ta’kidlashicha, moddaning mavjudligi bizning idrok qilish qobiliyatimizga bog’liq deb hisoblash mumkin emas. Tabiatan mavjudlik tabiiy sifat va mohiyatlardir. Bu ularning biz idrok qiladigan va his etadigan belgisidir. SHu bilan birgalikda, bilishning ikki bosqichi – hissiy bilish va nazariy bilishni ham bir-biridan farqlay olganlar. Hissiy bilish ushlab, qo’l tekizib, yalab, hidlab sezish orqali bo’lishi yoki ko’rish orqali amalga oshishi mumkin. Birinchisi quvvai lomisa, ikkinchisi esa quvvai nigohiy atamalari bilan nomlanadi.
Hissiy bilish nazariy bilishga olib boradi. Bunda xususiylik orqali mohiyat, voqeliklar orqali imkoniyat tiklanadi. Hissiy bilishga berilayotgan narsalar beadad ko’p va ular turli o’zgarishlarga uchrashi mumkin. Lekin mazkur o’zgarishlar ostida yashirinib yotgan bitta umumiy takrorlanuvchi belgi har bir o’zgaruvchida mavjud bo’ladi. Har qaysi o’zgaruvchida mavjud umumiy takrorlanuvchi belgi javhar, o’zgaruvchilar esa oraz deb nomlanadi.22
SHunday qilib, javhar orazlar orqali namoyon bo’ladi. Bu fikrlar XIX asr tilshunosligida buyuk inqilob hisoblangan strukturalizm g’oyalari, xususan, F.de Sossyur, Lui Yelьmslev qarashlarining negizi emasmi? Lui Yelьmslev o’zgarmas narsani konstanta deb nomladi. Alisher Navoiy tasavvuf falsafasiga asoslangan holda olam, tabiat butun mavjudot yagona zotning ko’rinishlari (tazohiri)dir, deydi. Bir vaqtlar u «o’zi o’zida» edi. Miqdor jihatdan benihoyat, sifat jihatidan xilma-xil va shaklan behisob konkret narsalarning imkoniyatlarini o’zida saqlar, shu imkoniyatlarning mujassamiday yashardi. Bu vaqtda u komil emasdi. Navoiy fikriga ko’ra, «g’uncha» edi. U o’zidagi imkoniyatlarni ro’yobga chiqarmoqchi, abstrakt mohiyatini konkretlashtirmoqchi, guldek ochilmoqchi, kamolotga erishmoqchi, o’z husnini, mahoratini namoyon etmoqchi va shu bilan o’z husnini chin go’zalliklar, voqeliklar orqali ko’rib tomosha qilmoqchi bo’ldi.23
Tabiat, bu dunyo go’yo bir oyna (mir’ot), unda Ollohning aksi mavjud. Borliqdagi hamma narsada xudoning (yorning) jamoli:
CHu yor aylar emish barcha yerda javlon husn,
Teng o’ldi Ka’ba bila dayri sumoyun menga
(«Xazoyin ul-maoniy»).
Xudo o’zining komilligini inson qiyofasida topdi. SHuning uchun ham barcha mavjudotlar ichida sharifi insondir:
Barchasini garchi latif aylading,
Barchadin insonni sharif aylading.
Navoiy Ollohning tazohirlari bo’lgan narsalar olamida insonning rolini ulug’laydi. Farididdin Attor falsafasida Olloh eng komil, borliq, tabiat, jumladan, inson esa hech qanday komillikka ega emas, u aldamchidir, insonning inson bo’lib yashab turishi vaqtinchalik deb qaraladi. SHuning uchun uning falsafasiga binoan, bu aldoqchi, foniy dunyodan voz kechib, yetti vodiy: 1) Talab vodiysi; 2) Ishq vodiysi; 3) Ma’rifat vodiysi; 4) Istig’no vodiysi; 5) Tavahhud vodiysi; 6) Hayrat vodiysi; 7) Faqru Fano vodiysidan o’tib, Olloh vasliga vosil bo’lishga intilish kerak.
Haqiqiy, abadiy baxtli hayot ana shunda ekani ta’kidlansa, Navoiy falsafasida Olloh tabiatdagi har bir narsada zuhur etishi bayon qilinadi. Olloh kamolotga erishishni istadi va bunga o’zini nihoyat darajada go’zal va boy tabiat, jumladan, inson shaklida zuhur etish bilan erishdi. Buni yetti vodiydan o’tib, Semurg’ni axtargan 30 qush obrazi orqali ochiq ifodalaydi:
Kim, qilib Semurg’ni o’ttiz qush havas,
O’zlarin ko’rdilar, ul Semurg’u bas.
Demak, tabiatdagi barcha narsa va hodisalar qandaydir zotning – Ollohning tajallisidir. Bu tabiat zotning bevosita kuzatishga berilgan turli ko’rinishlaridir.24
Navoiyning umumiylik-xususiylik, mohiyat-hodisa, imkoniyat-voqelik munosabati to’g’risidagi qarashi go’zal podshoh haqidagi hikoyasida ham yorqin ifodalanadi. Hikoyada bayon qilinishicha, bir podshoh (Ollohga ishora) bo’lib, u nihoyatda go’zalligi bilan barchani maftun etgan. Uni ko’rish hammaning orzusi bo’ladi va bu orzuga erishmoq uchun ko’p azob chekadilar. Buni bilgan o’sha podshoh katta qasr soldirishni va unga katta oyna (mir’ot) o’rnatishni buyuradi. Bundan maqsadi sho’qi, uning husniga shaydo bo’lganlarning, unga intilganlarning, bu yo’lda azob chekayotganlarning orzularini qondirish edi. Podshoh bu oynaga o’z aksini soladi, unda gavdalanadi. Natijada odamlarning shu oynaga nazar tashlashlari uni ko’rgan bilan teng bo’ladi:
Qasr – tan, anda ko’ngulni ko’zgu deb bil,
Ko’zguda Olloh husnini nazzora qil.
Tazohirlar zot haqida doim ham to’g’ri ma’lumot beravermaydi. Ko’pincha u kishini aldashi mumkin. SHuning uchun olamni bilishni Alisher Navoiy ikki darajaga bo’ladi: fahmiy bilish va idrokiy bilish. Fahmiy bilish ko’pincha idrokiy bilishga to’siq bo’lishi mumkin. Lekin idrokiy bilishgina borliq haqida to’g’ri va ilmiy xulosa beradi. Buning uchun bizning hissiy bilishimizga berilgan xususiy ko’rinishlarni bir-biriga solishtirish va ular o’rtasidagi umumiy jihatlarni aniqlash va ana shu umumiy belgi asosida xususiyliklarni ma’lum umumiylikka birlashtirish lozim bo’ladi. Agar kishi fahmiy bilish darajasida qolib, xususiy-liklarni umumiylikka birlashtirolmasa, u haqiqiy ob’ektiv bilimga erisholmaydi. Buni Alisher Navoiy «Lison ut-tayr»da ko’rlarning fil haqidagi hissiy bilimini bayon qilish orqali juda aniq bayon etib beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |