TILSHUNOSLIKNING FANLAR SISTEMASIDAGI O’RNI
Yuqorida bayon qilinganlardan ma’lum bo’ldiki, tilshunoslik boshqa fanlar bilan ma’lum munosabatdadir. Bu esa tilshunoslikning fanlar sistemasidagi o’rnini belgilashda bir qadar qiyinchilik tug’diradi.
Tilshunoslikni u yoki bu fanlar sinfiga kiritishda mazkur fan o’rganadigan ob’ektning tabiati asos qilib olinadi. Bu jihatdan uning o’rganish ob’ekti ham ko’p qirrali, murakkabdir. Birinchidan, til kishilarning eng muhim aloqa vositasi, bilimlarini saqlovchi va kelajak avlodga yetkazuvchi, kishilarda estetik zavq uyg’otuvchi qudratli vosita. Ana shu vazifalarini e’tiborga olganda, til ijtimoiy hodisadir. CHunki u muayyan jamiyat uchun xizmat qiladi. Agar shu jamiyat bo’lmasa, uning tiliga ham zarurat qolmaydi. Jamiyatdagi har bir o’zgarish uning tilida o’z izini qoldiradi. Tilni ana shunday ijtimoiy mohiyat sifatida o’rganish tilshunoslikni ijtimoiy fanlar tarkibiga kiritishga asos bo’ladi.
Ikkinchidan, mohiyatan ijtimoiy xarakterga ega til muayyan fizik va fiziologik jarayonlar asosida moddiylashadi. Tilning ana shu moddiylashish tomonini o’rganish tilshunoslikni tabiiy fanlar sirasiga kiritish imkonini tug’diradi. SHuning uchun A.A’zamov tilshunoslikni tabiiy fanlar qatorida sanaydi.7
Uchinchidan, til va tafakkur o’zaro ajralmas. Til fikrni shakllantiruvchi va ifodalovchi moddiy vositadir. Bu jihatdan til va tafakkur shakl va mazmun dialektikasini o’zida namoyon etadi. Tilning ana shu jihatlarini o’rganish tomoni tilshunoslikni falsafa, mantiq, psixologiya fanlari tizimiga kiritishga asos bo’ladi.
To’rtinchidan, til uzluksiz rivojlanib, takomillashib boruvchi hodisadir. Bu jihatdan u jonli organizmga o’xshaydi. Tilning ana shu dinamik xususiyatlarini o’rganish tomonidan tilshunoslik biologiya fanlari bilan umumiy belgilarga ega.
Bularning hammasi tilning naqadar murakkab, ko’p qirrali hodisa ekanidan dalolat beradi. SHuning uchun tilshunoslik tarixida uni turli fanlar sinfiga kiritishga o’rinishlar bo’lgan.
Hali tilshunoslik alohida fan bo’lib ajralib chiqmasdan oldin unga tegishli muammolar falsafa tarkibida o’rganildi. Xususan, Arastu, Platon, Forobiy singari olimlarning til muammolari bilan shug’ullanishi ana shu aspektda olib borildi.
Arab tilshunosligida o’rta asrlardayoq tilshunoslik falsafadan ajratildi. Tilshunoslikning leksikografiya, etnografiya, grafika kabi sohalari bilan shug’ullanadigan alohida mutaxassislar dunyoga keldi. Lekin bu ishlarning hammasi umumiy filologik yo’nalishda olib borildi.
Tilshunoslik mustaqil fan sohasi sifatida XIX asrdagina ajralib chiqdi. Lekin uning falsafa, psixologiya, mantiq fanlari bilan uzviy aloqadorligi saqlanib qoldi. SHuning uchun umumiy va qiyosiy-tarixiy tilshunoslikning asoschilari bo’lgan Yakov Grimm, Rasmus Rask, Vilьgelьm Gumbolьdt singari olimlar bir vaqtning o’zida yirik faylasuf ham edilar. SHu bilan birga, barcha ko’zga ko’ringan faylasuflar tilshunoslik masalalari yuzasidan ham bahs yuritdilar. Misol tariqasida J.Russo, V.CHernishevskiyni ko’rsatishimiz mumkin.
Tilshunoslik va falsafaning bunday zich aloqada o’rganish har ikki fanni boyitish uchun katta xizmat qilsa-da, lekin ularning aniq chegarasini belgilash, o’ziga xos xususiyatlarini chuqur tahlil etish uchun xalaqit berar edi. Natijada tilshunoslik va falsafa mustaqil, ayni paytda, aloqador fanlar sifatida o’rganila boshladi.
Tabiiy fanlarning rivojlanishi, bu fanlarda ulkan kashfiyotlar qilinishi natijasida tilshunoslikni ham tabiiy fanlar qatoriga kiritish, mazkur fan o’rganuvchi tilni esa biologik hodisa sifatida qarash holatlari vujudga keldi. Xususan, XIX asr o’rtalarida CH.Darvin ta’limoti asosida tabiatshunoslik fanlarining gullab-yashnashi davrida darvi-nizmning tilshunoslikka ham ta’siri kuchaydi. Tilshunoslikda nemis olimi A.SHleyxer rahbarligidagi naturalistik yo’nalish maydonga keldi. Bu yo’nalish tarafdorlari biologiya qonunlarini tilning ichki tuzilish tarixiy taraqqiyotiga nisbatan qo’llashga intildilar. Tilni biologik hodisa, tilshunoslikni esa biologiya fanlari tarkibidagi fan sifatida qarashga o’rindilar. Natijada tilshunoslik tabiatshunoslik fanlari asirligida qoldi.
XIX asr boshlaridan esa tilshunosliknn boshqa fanlardan ajratishga, uning tadqiqot ob’ektini aniq belgilashga e’tibor qaratildi. Bunday harakat, ayniqsa, mashhur shveytsar olimi Ferdinand de Sossyur asarlarida yorqin o’z ifodasini topdi. Uning tilni «o’zida va o’zi uchun» o’rganish lozim degan shiori ana shu harakatning yorqin ifodasidir.
F.de Sossyur lingvistikani tashkil top va ichki lingvistikaga ajratgani holda til bilan aloqador hodisalarni tashkil top lingvistika-ning o’rganish ob’ekti hisobladi. Masalan, tilning shu til egasi bo’lgan jamiyatning madaniyati, tarixi, tafakkuri va boshqalar bilan munosabati. Tilning ichki tuzilishi, tuzilish birliklari o’rtasidagi munosabatlar va ularning o’ziga xos xususiyatlari kabi masalalar ichki lingvistikaning o’rganish ob’ekti sifatida ajratildi. U tilshunoslarni ichki lingvistikadan tashqariga chiqmaslikka chaqirdi. Ana shu da’vat asosida tilshunoslik tarixida struktur tilshunoslik deb yuritiluvchi yo’nalish dunyoga keldi.
SHu bilan birga, F.de Sossyur tilni belgilar sistemasi deb hisoblaydi va lingvistik belgilarning boshqa belgilar bilan umumiy jihatlari mavjudligini ta’kidlagan holda, umuman, belgilarni o’rganuvchi alohida fan tarmog’i – semiologaya bo’lishi lozimligini bayon qiladi. Demak, tilshunoslik ham semiologiya (semiotika) fanlari tarkibiga kiritiladi.
Struktur tilshunoslik vakillari ichki lingvistika doirasida faoliyat ko’rsatishi bilan umumiylikni tashkil topl etsalar-da, lekin ular tilning ichki tuzilishi birliklarining qaysi jihatlariga ko’proq e’tibor berishlari nuqtai nazaridan o’zaro farqlanadilar. Xususan, Praga tilshunoslik maktabi vakillari struktur birliklarning funkdional tomoniga, Kopengagen maktabi vakillari esa ularning immanent (zotiy) tomoniga ko’proq e’tibor qaratdilar.
Strukturalistlar tadqiqotning yangi metodlarini qidirdilar. Bu yo’lda fizika va matematikaning tadqiqot metodlariga yaqinlashishga harakat qildilar. Natijada fizika va matematikaning tadqiqot usuliga bir qadar yaqin keladigan yangi tadqiqot sistemasini yaratdilar.
So’nggi davrlarda axborot nazariyasining kuchayishi, avtomatik tarjimaning kengayishi natijasida ayrim G’arbiy Ovrupo olimlari tomonidan tilshunoslikni aniq fanlar – texnika fanlariga kiritishga o’rinish hollari sezilmoqda.
Til o’zi bilan bog’liq bir qancha hodisalar bilan qanchalik uzviy aloqada bo’lmasin, eng avvalo, ijtimoiy hodisadir. CHunki u jamiyatning aloqa-aralashuv ehtiyojini qondirish talabi bilan yuzaga kelgan va ana shu jamiyatning taqdiri, tarixiy taraqqiyoti, turmush tarzi, madaniyati va hokazolar bilan bog’liq ravishda rivojlanadi. SHunday ekan, uning ijtimoiy fanlar sirasiga kirishi tabiiydir. Boshqa ijtimoiy fanlardan farqli ravishda tabiiy fanlar bilan tutash nuqtalari mavjud. Demak, ijtimoiy fanlar sistemasida tilshunoslik chegara o’rinni egallaydi. Bu chegara tabiiy fanlar bilan ijtimoiy fanlarning oralig’ini tashkil topl etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |