4. O‘zaro fondlar Bir guruh investorlar tomonidan sotib olinadigan va professional investitsiya kompaniyasi yoki boshqa biror moliya muassasasi tomonidan boshqariladigan aksiyalar, obligatsiyalar va boshqa aktivlarning (birgalikda ular “investitsiya portfeli” deb ataladigan aktivni tashkil etadilar) tashkiliy shakllantirilgan to‘plami o‘zaro fond (mutual fund) deb ataladi. Bunda har bir mijoz fonddagi har qanday daromad taqsimotida o‘zidagi qimmatli qog‘ozlar miqdoriga proporsional ravishda ma’lum ulushga ega bo‘lish huquqini qo‘lga kiritadi va o‘z ulushini istagan vaqtida bozor bahosida sotishi mumkin.
Bunday fondni boshqaradigan kompaniyahar bir investor ixtiyorida qancha miqdorda qimmatli qog‘oz borligini va u fond qoidalariga muvofiq olingan daromadning qancha qismini qayta investitsiya qilishini nazorat qiladi. O‘zaro fondlar kapital bo‘linishini, hisob olib borilishini va daromad qayta investitsiya qilinishini, shuningdek mablag‘lar va risklar diversifikatsiya qilinishi uchun samarali mablag‘larni ta’minlaydi.
O‘zaro fondlarning ikkita asosiy turi mavjud: ochiq va yopiq. Ochiq turdagi o‘zaro fondlar o‘zlari emissiya qilgan aksiyalarni bir aksiya hisobidan sof aktivlar bahosi (NAV – net asset value) bo‘yicha sotish va sotib olish majburiyatini o‘z zimmalariga oladilar. NAV ko‘rsatkichini hisoblash chiqish uchun fond portfelidagi barcha qimmatli qog‘ozlarning bozor qiymati ular muomalaga chiqargan barcha aksiyalar soniga bo‘linadi. Oxirgi ko‘rsatkich ochiq turdagi fondlarda uning ishtirokchilari fondning yangi aksiyalarini sotib olishlari va eskilarini sotishlari sayin har kuni o‘zgarib turadi.
Yopiq turdagi fondlar bir aksiya hisobidan sof aktivlar bahosi bo‘yicha o‘z aksiyalarini sotmaydilar va emissiya qilmaydilar. Bunday fondlarning aksiyalari boshqa oddiy aksiyalar singari brokerlar orqali sotiladi va ularning bahosi bir aksiya hisobidan sof aktivlar bahosidan farq qiladi.
5. Investitsion banklar Investitsion banklar (investment banks) – bu shunday firmalarki, ular-ning asosiy vazifasi xususiy kompaniyalar, hukumat va boshqa tashkilot-larga o‘z faoliyatini moliyalashtirish uchun zarur mablag‘larni jalb qilishda yordam berishdan iborat. Shu maqsadda investitsion banklar o‘z mijoz-larining qimmatli qog‘ozlari chiqarilishini tashkil etadilar. Bundan tashqari, ular ba’zida hatto firmalar qo‘shilishiga yoki bitta firma boshqasi tomonidan “yutib yuborilishi”ga ta’sir ko‘rsatadilar (imkoniyat yaratadilar).
Investitsion banklar ko‘pincha anderrayting, yoki o‘zlari bozorda joylashtiradigan qimmatli qog‘ozlarga obuna bilan shug‘ullanadilar. Anderrayting mohiyatan emitent uchun o‘ziga xos sug‘urta hisoblanadi, chunki investitsion bank emitentning chiqarilgan qimmatli qog‘ozlarini kafolatli joylashtirish majburiyatini o‘z zimmasiga oladi. Agar qimmatli qog‘ozlar tashqi investor tomonidan sotib olinmasa, u holda investitsion bank shu qimmatli qog‘ozlarni emitentdan oldindan belgilangan narxda, ya’ni kafo-latlangan narxda sotib oladi.
Ko‘p mamlakatlarda universal banklar Amerika investitsion banklari vazifalarini bajaradilar, ammo AQShda 1933 yilda qabul qilingan Glass-Stigal (Glass Steagall Act) qonuniga muvofiq tijorat banklariga ander-raytingga taalluqli bo‘lgan ko‘pgina faoliyat turlari bilan shug‘ullanish man etilgan. Biroq, so‘nggi yillarda AQShning bu banklariga bu kabi xizmatlar ko‘rsatishga ruxsat etildi.