7-Mavzu:Axloqiy sifatlarning huquqshunos takomiliga ta`siri
Reja:
Axloqiy sifatlarning huquqshunos takomiliga ta`siri
Huquqshunos faoliyatida axloq qoidalari
Etiket imijni shakllantirishda eng muhim qurollardan biridir.
Zamonaviy biznesda firma yoki tashkilot obro‘siga katta ahamiyat
beriladi. Jamoatchilik fikriga ko‘ra, axloq qoidalariga amal qilinadigan
tashkilot bilan ishlash doimo yoqimli. Amerikalik psixolog Deyl
Karnegi o‘zining “Qanday qilib do‘st orttirish va odamlarga ta’sir
o‘tkazish mumkin” degan kitobida odamlarga yoqish san’atining oltita
qoidasini taklif qiladi.
Birinchi – boshqa odamlarning hayoti bilan samimiy qiziqish.
Odamlarni o‘rganish uchun o‘zingiz to‘g‘ringizda kamroq gapirib,
ko‘proq boshqalarni eshiting. Suhbatda “men” olmoshini kamroq
ishlating. Uning hayoti, sog‘lig‘i, qiziqishlari haqida so‘rang.
Ikkinchi – tabassum qiling. Yuzida, ko‘zida tabassum porlagan
inson hammaga yoqadi. Kinoya, pichingsiz, samimiy tabassum orqali
“Sizni ko‘rganimdan xursandman, siz bilan suhbatlashish menga huzur
bag‘ishlaydi” degandek bo‘lasiz.
Uchinchi – suhbatdoshingizga ismini aytib murojaat qiling.
Odamlarning ismini eslab qolish uchun uni bir necha marta xayolan
takrorlang, yaxshisi yozib qo‘ying.
To‘rtinchi – suhbatdoshingizni eshitishni o‘rganing. Unga o‘zingiz
javob berishni istagan savollarni bering.
Beshinchi – suhbatdoshingizga qiziq bo‘lgan mavzuda gaplashing.
Bu uning yuragiga eng to‘g‘ri yo‘ldir.
Oltinchi – do‘stlaringiz, hamkasblaringizga ularning siz uchun,
jamoa, oilasi uchun qadrli ekanliklarini uqtiring. Bu gapni samimiy
ayting. Boshqalarning yaxshi xislatlarini ko‘ra biling, ularni maqtang,
yaxshi amallari uchun minnatdorlik bildiring. Yaxshi so‘zlar atrofdagilar
uchun yoqimli va bu o‘zingizga ham yaxshi ta’sir ko‘rsatadi.
O‘zingizning mehribonroq bo‘la boshlaganingizni his qilasiz.
Bu tavsiyalar ham rahbarlar, ham xizmatchilar uchun birdek
foydalidir.
O‘ylab ko‘rishga arziydi: Hayotda shunday vaziyatlar bo‘ladiki,
aqli, qobiliyati bir xil ikki kishi ishda har xil muvaffaqiyatga erishishlari
mumkin.
Ishdagi etiket, ya’ni axloq qoidalari, hamma zamonlarda
bo‘lganidek, bugun ham iqtisodiy, moliyaviy, savdo, shuningdek,
huquqiy manfaatlarning yaqinlashishiga yordam beradi. Har bir inson
o‘z xatti-harakatlari to‘g‘risida o‘ylab ko‘rishi foydadan xoli bo‘lmaydi
– insonlar ko‘ngliga yo‘l ochadigan oltin kalitcha balki o‘shadir. Idorada
tegishli ravishda kiyinish, restoranda tirsaklarni stol ustiga qo‘ymaslik,
gaplashayotib pardoz qilish mumkin emasligini bilamiz. Lekin ishda
oddiy etiketga rioya qilish, umumiy axloq qoidalariga amal qilish
kerakligi to‘g‘risida o‘ylab ham ko‘rmaymiz.
Ishxona etiketi – ish munosabatlarida etiketning muvaffaqiyatli
faoliyatga yordam beruvchi qoida va shakllarni tanlash natijasi.
O‘z-o‘zini rivojlantirishda to‘siqlarni qanday bartaraf qilish kerak?
Vaqt – bizga taqdir bergan eng buyuk ne’matlardan biri bo‘lib, uni
to‘xtatib qolishga qodir emasmiz. Yangi hayot boshlash uchun
dushanbani kutish shart emas. Harakatni hoziroq boshlang. Ortiqcha
kechiktirish – o‘zlikni rivojlantirish oldidagi eng birinchi to‘siqdir.
Nimadir biz istagandek bo‘lmasa, darrov aybdorni izlay boshlaymiz, bu
ham to‘siq.
O‘z-o‘zini sabotaj qilish – o‘zingizni boshqacha namoyon qilish.
Uzoq vaqt soxta “men” bilan yashash qiyin. Bu umidsizlik va
omadsizlikka olib keladi.
Sitatani muhokama qiling: “Qo‘limdan keladi deb o‘ylasangiz
ham, qo‘limdan kelmaydi deb o‘ylasangiz ham – siz ikkala vaziyatda
ham haqsiz”.
Genri Ford
Quyidagi savollar haqida o‘ylab ko‘ring: Sizning yo‘lingizda nima
to‘g‘anoq bo‘lyapti? Mansab pillapoyalaridan ko‘tarilmayapsizmi?
Sizdan kattaroq hamkasblaringiz sizga ro‘yxushlik bermayaptimi?
Javoblarda, eng avvalo, sizga ma’qul kelmayotgan 5 ta narsani yozing.
Ro‘yxatingizga qarang-chi, ular orasida bog‘liqlik bormi?
Ko‘ngilsizliklarning sababi nimada? Yozgan narsalaringizni diqqat bilan
o‘qib chiqing. Nima ko‘rdingiz? Biror-bir qonuniyat sezdingizmi?
Shu savollarga javob berib, o‘z ustingizda ishlab jamoada, firmada,
ijtimoiy hayotda o‘zingizning pozitiv imijingizni yaratishingiz mumkin.
Amaliy topshiriqlar:
1. Mashq: PLAGIAT.
Diqqatingizni nimasi bilandir (qadam tashlashi, o‘zini tutishi, nutqi,
tashqi ko‘rinishidagi o‘ziga xos jihatlari) jalb qilgan tanishlaringiz
ro‘yxatini tuzing. Har bir tanishingiz qarshisiga sizga ma’qul,
imijingizga foydasi tegadigan 3-4 ta xislatlarni yozib chiqing.
2. Mashq: ANTIPLAGIAT.
Sizga yoqmaydigan, siz o‘xshashni istamaydigan tanishlaringiz
ro‘yxatini tuzing (bunday tanishlaringiz bo‘lmasa, badiiy asar yoki
kinofilmlar qahramonlarini tanlashingiz mumkin). Ularning tashqi va
ichki imijini tahlil qiling. Ularning siz ega bo‘lishni istamaydigan
shaxsiy xislatlari, xulq-atvoridagi qusurlarni yozib chiqing.
Endi o‘zingizga savol bering: ushbu ro‘yxatdagi qusurlar menda
bormi? Ular qanday aniqlanadi? Ularni bartaraf qilish uchun men nima
qilishim kerak?
3. Quyidagi savollarga javob bering:
Siz uchun qay biri muhim: o‘tmishmi yoki kelajak?
Maslahatlarga jon-dilingiz bilan quloq solasizmi?
Do‘stlaringiz va ustozlaringiz bormi? Ularni qanday tamoyillarga
asoslanib tanlagansiz?
Kundalik jadvalingizda o‘zingizga vaqt ajratganmisiz?
Odamlar sizdan maslahat so‘rashadimi?
4. Tanishlaringizdan o‘zingiz to‘g‘ringizdagi fikrlarini so‘rang.
Natijalarni tahlil qilib, noma’qul deb topgan xislatlaringizni
yaxshilashga harakat qiling. To‘liqligicha o‘zgarish shart emas. Bir
qusuringizni yaxshilang, biroz harakatchanlik qo‘shing, buning ustida
muntazam ishlang. O‘zingizni bugun boshqalar tomonidan qanday qabul
qilinishingiz xaritasini tuzing.
5. Atrofdagilar ko‘z o‘ngida qanday odam bo‘lishni istaysiz?
Ushbu mashqlar natijasida shaxsiy imijingizni aniq tasavvur
qilishingiz, o‘ziga xos obrazingizni yaratish bo‘yicha amallarni
rejalashtirishingiz, o‘zingizning jozibali obrazingizni shakllantirishingiz va
o‘zingizga bo‘lgan ishonchingizni orttirishingiz mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |