7- Mavzu: Milliy g‘oya – “virtual madaniyat”ning zararli oqibatlarini bartaraf etuvchi muhim omil
III-modul. Virtual madaniyat: taraqqiyot yoki tanazzul dialektikasi
III.1. Milliy g‘oya – “virtual madaniyat”ning zararli oqibatlarini bartaraf etuvchi muhim omil
Reja:
Virtual madaniyat – yangicha tafakkur va ma’naviy yangilanish omili
Virtual madaniyat shakllanish jarayonida milliy qadriyatlarni saqlab qolish zarurati
Virtual olam xatarlari
Tayanch tushunchalar: virtual, virtual madaniyat, yangicha tafakkur, ma’naviy yangilanish, milliy qadriyatlar, uchinchi to’lqin nazariyasi, virtual olam xatarlari
Yangi axborot makoni umumplanetar ongda chuqur aksiologik o‘zgarishlarni amalga oshirmoqda. Insoniyat shu kungacha e’zozlab, qadrlab kelgan an’ana va urf-odatlar virtual olam qadriyatlari oldida ko‘p holatlarda ojiz qolmoqda. Xususan virtual makonda shakllanayotgan qadriyatlar tizimi insoniyat tomonidan yuqori tezlikda qabul qilinibgina qolmasdan, balki haqiqiy olamga ma’naviy hayot bag‘ishlab turgan an’anaviy qadriyatlarga qarshi kurash usuliga aylanib, oila, unumli faoliyat (ish), ijtimoiy mas’uliyat, jamoaviylikdan uzoqlashishga olib kelmoqda. Eng achinarlisi, bugun insoniyat virtual olam zararlari xaqida bila turib, unga kundan-kunga bog‘lanib qolayotganligidir. “Tinimsiz axborot oqimi muhitida milliy qadriyatlar, azaliy an’analar zavol topishining oldini olish maqsadida axborot xavfsizligini ta’minlash kerak. Xorijiy telekanallarda nima namoyish qilinsa, barchasini qabul qilaverish aslo mumkin emas. Ular orasida imon-e’tiqod, an’anayu qadriyatlarga mos keladiganlarnigina saralab olish shart”[1].
Azaliy tushunchalar ma’no qatlami benihoya kengayib borayotgan zamonda “madaniyat” atamasi ham ana shunday kengayuv, chuqurlashuv, rang-baranglashuv jarayonini boshdan kechirmoqda. Shaxsiy madaniyat, muomala madaniyati, kiyinish madaniyati singari birmuncha tor bo‘lgan mavzular bilan cheklanish davri ortda qoldi. Endilikda iqtisodiyot, ishlab chiqarish, bozor munosabatlari, dehqonchilik, tibbiyot, rahbarlik, siyosat va xalqaro munosabatlarning o‘z madaniyati bor, ya’ni “madaniyat” tushunchasidan xoli soha, tarmoq, jabha yo‘q. Hatto, har qanday jamiyat o‘zagini, demak, taraqqiyot yo‘sinlari umurtqasini madaniyat tashkil etishi isbot talab qilinmaydigan haqiqatga aylanib ulgurdi.
Buni qarangki, axborotlashgan jamiyat, jamoatchilik bilan aloqalar (ommaviy kommunikatsiya) asr muammosi sifatida sertarmoq fan maqomiga ega bo‘la borayotgan hozirgi vaqtda axborot madaniyati hayot-mamot masalasi darajasiga ko‘tarildi. Ongli inson borki, hayotining har lahzasida yo axborot oladi, yo uni idrok etadi va yoki uzatadi. Ushbu uch jarayonning to‘rtinchisi — keraksiz axborotdan xalos bo‘lish. Bugun faqatgina axborot madaniyatini o‘rganish mazkur to‘rt bosqichli jarayon ichida eson-omon yashash hamda faoliyat yuritishga zamin yaratadi.
Inson barcha yukni axborot vositalari zimmasiga yukladi. Gazeta, jurnal, kitob, radio, televidenie, telefon, faks, kompyuter, internet, mobil telefon vositasida Er yuzi “global qishloq”qa aylandi. Ikki dunyoni bir qadamga aylantirgan ham axborot, globallashuv jarayonlari maxraji, ustqurmasi ham axborot. Axborot vositalari tanamizning “a’zosi”ga aylanib bo‘ldi. Shu ma’noda, g‘oyat qiziq va g‘alati holat vujudga keldi: yakka axborot vositalari, guruh axborot vositalari, ommaviy axborot vositalari rivojlangani sayin insonning axborotga bo‘lgan ehtiyoji etarli darajada qondirilmayotgani ma’lum bo‘lmoqda, aksincha, axborot taqchilligi, etishmovchiligi zo‘raygandan zo‘rayib bormoqda. Nega? Sabab nimada? Chindan ham shundaymi?
Har qanday yangi ma’lumotni to‘la anglab ulgurmasdan eskirishi, voqelik yuzasidan hayotiy xulosalar chiqarishga bo‘lgan moyillikni yo‘qolishiga, bu esa ertaga, tahlilu mulohazalardan yiroq avlod vakillarini shakllanishiga sabab bo‘lmoqda. Har bir insonning ehtiyoj va tarbiya darajasidan kelib chiqib axborotni tanlash imkoniyati kengligi natijasida milliy ruhiyatda individuallashuvga moyillik kuchaymoqda.
Bu esa hoziri avlodni milliy-axloqiy qadriyatlar, tafakkur va qalb tarbiyasi, qisqacha aytganda, komil inson tarbiyasi mezonlaridan uzoqlashuviga olib kelmoqda. Zamonaviy axborot ilmi asoschilaridan bo‘lgan mashhur Marshall Maklyuen o‘tgan asrning 70-yillarida “Har bir yangi axborot vositasi o‘sha zamon kishilarini imtihondan, sinovdan o‘tkazadi”, deganida, hali kompyuter, internet, mobil telefon odamzod xayoliga kelmagan edi. Lekin ushbu dono bashorat naqadar to‘g‘riligini bugungi hayot, turmush tarzi har qadam, har lahzada ko‘rsatmoqda, Aslida, virtual makon vositalari bizni imtihon qilayotganinini, fe’l-atvorimizda yangi axborot madaniyatiga ehtiyoj orta borayotganini etarli darajada his etyapmizmi? Ko‘pgina mamlakatlarda virtual olamni o‘rganish davlat siyosati darajasiga chiqdi. Amerikalik olim E. Toffler “Uchinchi to‘lqin” asarida “Insoniyat ortda qoldirgan yo‘l uch bosqichdan iborat”, degan fikrni ilgari suradi. Demak, biz “to‘rtinchi to‘lqin” davriga qarab ketmoqdamiz. Hozirgi “uchinchi to‘lqin” ya’ni, axborot davri bizni milliy o‘zagimizdan uzoqlashuvimizga shu qadar kuchli ta’sir ko‘rsatmoqdaki, bir zamon va makonda yashayotgan avlod bir-birlariga ma’naviy begona bo‘lib bormoqda. Shunday ekan, “to‘rtinchi to‘lqin“ davridagi holat global ongni tashvishga soladi. Bizningcha, sog‘lom e’tiqodgina “to‘rtinchi to‘lqin” xavfidan xalos etishi mumkin. Sog‘lom e’tiqod sof bilim asosida shakllanadi. Chunki inson nimaga e’tiqod qilayotganini, ishonayotganini sog‘lom tafakkuri bilangina anglashi mumkin.
Sobiq totalitar tuzum davridagi “yopiq eshiklar siyosati” maxalliy aholini axborotga bo‘lgan ehtiyojini nihoyatda oshirib yuborgan edi. Mustaqillikka erishilgach, xalqimiz “toza havo”dan nafas olish imkoniga ega bo‘ldi. Gurunch kurmaksiz bo‘lmaganidek “toza havo” bilan birga milliy ma’naviyatimizga yot bo‘lgan axborotlar oqimi ham kirib kela boshladi. Tabiiyki, hali axborot iste’mol qilish madaniyatiga ega bo‘lmagan xalq xolis axborot oqimidan noxolisini ajratib olish uchun mafkuraviy-siyosiy va informatsion bilimlarni olishga ulgurmagan edi. Afsuski, bu holatning oqibatlari haligacha ijtimoiy-siyosiy ongda saqlanib turibdi. Shu ma’noda, ba’zi yoshlar hali ham “axborot xaosi”dan xolis ma’lumotlarni ajratib olish ko‘nikmasiga ega emas. Bugun ijtimoiy tarmoqlarda yosh avlod ongi va qalbiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan axborotlarni quyidagicha tasniflash mumkin:
Milliy-siyosiy xavfsizligimizga tahdid soluvchi vayronkor g‘oyalar
(diniy ekstremizm, fundamentalizm, terrorizm, missionerlik, prozeletizm, natsizm, genotsid, rasizm, sadizm kabi g‘oyalar)ni kiritish mumkin;
Milliy-ma’naviy turmush-tarzimizga zid bo‘lgan g‘oyalar (asosan g‘arbona hayot ifoda etilgan san’at va madaniyat turlari)ni kiritish mumkin;
Behayolik va axloqiy buzuqlikni targ‘ib qiluvchi axborotlar;
Insonni “kimyoviy bo‘lmagan giyohvandlik”ka olib boruvchi axborotlar (turli ko‘rinishdagi o‘yinlar)ni kiritish mumkin.
Bugun yosh avlod dunyoqarashining shakllanishida televidenie orqali uzatilayotgan ko‘rsatuvlarning ta’siri kuchlidir. Ayniqsa, efir vaqtining katta qismini milliy qadriyatlarimiz, an’analarimizga mos bo‘lmagan teleseriallarning band etilishi tashvishlanarlidir. Qolaversa, boshqa millat afsonalari asosida yaratilgan, milliy qahramonlarni tarannum etuvchi teleseriallar yoshlarda o‘z tarixi, milliy qahramonlariga bo‘lgan e’tiborsizlikning oshishiga, bu esa o‘z navbatida yoshlarda milliy g‘urur, o‘z tarixidan faxrlanish hissining so‘nishiga olib kelishini alohida ta’kidlash lozim. Lekin so‘nggi paytlarda, yoshlar tafakkurini rivojlanishiga xizmat qiluvchi teleko‘rsatuvlar ham ko‘payib bormoqda. Xususan, ularda ko‘tarilgan muammolarni mutaxassis tomonidan muhokama etilishi o‘rganilayotgan ob’ekt haqida teletomoshabin ongida keng va aniq tasavvur hosil bo‘lishida katta ahamiyatga ega bo‘lmoqda.
Xulosa qilib aytganda, dunyoning rivojlangan davlatlarida OAV “to‘rtinchi hokimiyat” darajasida faoliyat yuritib turgan bir paytda, mamlakatimizda “sariq” matbuot mahsulotlarini jamiyat a’zolari tomonidan “iste’mol” qilish kundan-kunga ortib borayotganligi achinarli holatdir. Shu ma’noda, bugun yurtimizdagi:
Xususiy nashrlar faoliyatini nazorat qilish hamda ular tomonidan taqdim etilayotgan materiallarni “milliy ma’naviy-axloqiy” mezonlar asosida baholash mexanizmlarini ishlab chiqish;
Ularda chop etilayotgan maqolalarga nisbatan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish, bu ishlarga turli sohadagi ziyolilarimiz ta’sirini oshirish lozimdir.
Zamonaviy axborot vositalari moddiy imkoniyati yuqori hukmron sinf quroliga aylangan axborotlashib borayotgan dunyoda ezgu harakatlarga “undovchi”, “rag‘batlantiruvchi” qadriyatlar yig‘indisi bo‘lgan ma’naviyat xavf ostida qolishi mumkin. Zamonaviy axborot vositalarini ma’nan tuban kimsalarning quroliga aylanishi, avvalo, o‘z rejalariga mos kelmagan g‘oyalarni muloqatdan chiqarish imkonini beradi, qolaversa, umumsayyoraviy tafakkurga o‘z iste’molidagi “buzuqlik”larni umuminsoniy qadriyat sifatida taqdim etib, er yuzida “yagona madaniyat” o‘rnatish kabi asossiz g‘oyalarni singdirish vositasi bo‘lishiga sabab bo‘ladi.
Yosh avlod ichki dunyosiga salbiy ta’sir qiluvchi axborot oqimiga qarshi kurashish yo‘lida ota-ona, maxalla, o‘quv muassasalari, “Yoshlar ittifoqi” ijtimoiy yoshlar xarakati, xotin-qizlar qo‘mitalarining hamkorligi muhim ahamiyatga egadir. Ota-ona farzandini ijtimoiy tarmoqlardagi do‘stlari haqida ogoh bo‘lishi, qanday ma’lumotlar olayotganini bilib turishi lozim. Rivojlangan mamlakatlarda ota-ona nazoratini amalga oshirish uchun ko‘plab texnologiyalar (filtrlovchi) dasturiy ta’minot yaratilgan. Albatta, bu usullar ko‘proq uyida kompyuteri bor ota-onalarga qo‘l keladi. Lekin uni Internet-kafelarda ham qo‘llash mumkin. Shu kabi texnologiyalarni yaratuvchi va ularni amalda qo‘llovchi yosh kadrlarni etishtirish ayni kunda dolzarb vazifadir. Xususan shu sohaga ixtisoslashgan kollej va Oliy o‘quv yurtlarida bunday novatsiyalarni yaratish uchun moddiy-texnik sharoit ham, ilmiy salohiyat ham etarli.
Tartibsiz axborot oqimi inson ma’naviy olamiga ta’siri kuchaygan bir sharoitda yoshlar ijtimoiy xulq-atvorini o‘rganish muhim masaladir. Axborotlar bosimida qolgan inson xulq-atvorida ko‘zga tashlanadigan eng muhim holatlardan biri tashvishlanish, sarosimalik, yarim tunda uyquni qochib ketishi, uyquda alahsirash, o‘zini yolg‘iz his etish va boshqalardir. Bunday holatga tushmaslik uchun inson, avvalo, mustaqil fikr va e’tiqodga ega bo‘lishi zarur. O‘z sobit fikriga ega bo‘lgan shaxslar “axborot” haqida asl ma’lumotga ega bo‘ladi, “axborot”ni real voqelik bilan qiyoslab ob’ektiv xaqiqatni izlaydi, so‘ng o‘z xulosalarini chiqaradi. Ming afsuski, sobiq totalitar tuzum ketma-ket “qatag‘on”lari bilan xalqimizni erkin fikrlashdan cho‘chitib qo‘ydi. Chunki ushbu “qatag‘on” qilinganlarning xammasi millatimizning “o‘tkir fikrli” vakillari edi.
Ikkinchidan yosh avlod ongi va qalbida milliy g‘urur va iftixorni tarbiyalashimiz, har bir mashg‘ulot va darslarimizda turli pedagogik texnologiyalardan foydalanishimiz zarur. Bu o‘rinda barcha ta’lim muassalalarida “axborot soatlari”ning o‘tilishi, milliy qadriyatlarimiz ifodalangan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarning o‘tkazilishi ahamiyatlidir.
Milliy g‘ururni shakllantirish ancha murakkab, ko‘p mehnat va vaqt talab qiladigan masaladir. Bizningcha, milliy g‘urur va iftixor ta’lim muassasalaridan ko‘ra ijtimoiy muassasalarda (oila, mahalla, sport va san’at to‘garaklari, mehnat jamoalari) yaratilishi maqsadga muvofiqdir. Chunki ta’lim dargohlari ushbu tushunchalar haqida ko‘proq nazariya berish bilan cheklanadi. Ijtimoiy muassasalarda esa nazariyani amaliyot bilan olib borish imkoniyati mavjud. Xususan milliy g‘urur va iftixor tushunchalari sof bilim emas, balki insoniy fazilatdir. Insoniy fazilatlarni singdirishda ta’limga qaraganda tarbiya ko‘proq samaraga ega. Ayniqsa tarbiyadagi ibrat, namunalilik xususiyati milliy g‘ururni shakllantirishda katta ahamiyatga ega. Masalan, yoshlarga fan, sport, san’at sohasidagi mashhur insonlarni ibrat qilib ko‘rsatilishi ularda ushbu kasbga qiziqishini yanada ortishiga, qolaversa, ertaga o‘sha mashhur insonlar qatorida o‘zini ko‘rish istagini vujudga keltirib, ularda ichki quvvat hosil qilishi mumkin. Masalan sportning boks sohasi bilan shug‘ullanayotgan bola ilk bora ringga chiqib, mag‘lubiyatga uchraganda o‘zini ustozi, ota-onasi, oila a’zolari oldida aybdor his etib ularning ko‘ziga qarashga uyaladi. Shu paytda unda shaxsiy g‘urur uyg‘onadi. Kelajakda mag‘lubiyatga uchramaslikka ichki qasam ichadi. Vaqtlar o‘tib yana ringga chiqqanda, raqibini mag‘lubiyatga uchratganda uning qalbi g‘ururga to‘ladi. Endi u atrofga xotirjam boqadi. Shunda u nafaqat ustozi, oila a’zolari balki minglab tomoshabinlar uni olqishlayotganini ko‘radi. Ayniqsa uning sharafiga davlat madhiyasi yangrashi hamda bayrog‘ini ko‘tarilishi uning qalbida tassavvur qilib bo‘lmas hissiyotlarni uyg‘otib yuboradi. Qachonlardir toptalgan shaxsiy g‘ururini tiklash uchun sahnaga qaytgan bola qalbida bugun butunlay boshqacha kayfiyat yuzaga keladi. Uning g‘alabasini o‘z yutug‘iday quvonch bilan kutib olayotgan minglab tomoshabinlarning olqishi uning qalbida milliy g‘ururni uyg‘onishiga sabab bo‘ladi. Chunki bola ongida bunday samimiy olqishlar unga qarzdek tuyuladi. Bola “g‘alabaga erishgan men ular nega xursand” degan savolni tahlil qilib, bu g‘alaba faqat meniki emas, balki vatanimning, xalqimning g‘alabasi degan xulosaga kelishi, uning qalbida milliy g‘urur va iftixorni uyg‘otadi. Bu ruhiy holat fan va san’atda biror yutuqqa erishganda ham yuzaga kelishi mumkin. Aytish lozimki, bunday fazilatga ega inson boshqalarga qul bo‘lishni, jumladan, axborot xurujlariga tobe bo‘lishni ham o‘ziga ravo ko‘rmaydi. Milliy g‘urur va iftixori uyg‘oq inson “axborotlar xaos”ida to‘g‘ri yo‘lidan adashmaydi. Chunki ular o‘z sohasining malakali mutaxassisi darajasiga etish uchun kurash jarayonida hayotning oq-qora, yaxshi-yomon, past-baland tomonlarini jismonan ham ruhan anglab etadi. Xulosa qilib aytganda, jamiyat yoshlarida axborot tahdidlariga qarshi ma’naviy immunitetni shakllantirish uchun ularda milliy g‘urur va iftixor uyg‘otish zarur. Buning uchun har bir bolani yoshligidan muayyan bir sohaga qiziqtirish, yo‘nalish berish hamda barcha imkoniyatlarni yaratib berishimiz lozim bo‘ladi.
Taniqli mutaxassis Aydarbek Tulepov “Internetga in qurgan o‘rgimchaklar” nomli risolasida virtual olam bugun yoshlarimizga ko‘rsatayotgan ta’sirini real misollar bilan asoslab, quyidagi oqibatlaridan ogohlantirgan:
Elektromagnit to‘lqinlaridan nurlanish. Bu holat bolalar uchun ikki barobar xavflidir. Bola miya faoliyati buzilishi va immuniteti susayishi bilan bog‘liq endokrin kasalliklarga moyil bo‘lib qoladi. Hatto onkologik xastaliklarga chalinishi ham mumkin;
Farzand ruhiy zo‘riqish ostida qoladi.Virtual olamga “kirib ketgan” bola hech narsani eshitmaydi, ko‘rmaydi, hamma narsani unutadi. Bunday paytda uning ruhiyati kuchli hayajon ta’sirida bo‘ladi;
Ayniqsa ma’naviy zarar bedavo xastalikdir. Bola go‘yo plastilinga o‘xshaydi. Chetdan olayotgan axborotlari ta’sirida uning qarashlari turli o‘zgarishlarga uchraydi. Internetga bog‘langan bolalar, tabiiyki, asosiy ma’lumotni virtual olamdan oladi. Bolalarning noutbuk yoki kompyuterlardan bilim olishi, aql o‘stiruvchi o‘yinlar o‘ynashi yoki kitob o‘qish uchun foydalanishi juda kam uchraydigan holat. Odatda, u ota-onasi, o‘qituvchilari real hayotda qaytaradigan, ma’naviy to‘siq bo‘ladigan axborotlarni egallashga intiladi. Internetdan oqib kirgan buzuqlik, axloqsizlik bolaning ongiga qattiq o‘rnashib qoladi;
Kitobga, o‘qishga qiziqish uning onggidan siqib chiqariladi. Uning bilimlilik, savodxonlik darajasi tushib ketadi, dunyoqarashi o‘yinlar, ijtimoiy tarmoqlar va virtual muloqotlar bilangina cheklanib qoladi. Bola o‘ylashni to‘xtadi, chunki u istagan narsasini internetdan topib olaveradi;
Bolada atrofdagi odamlar bilan muloqot ehtiyoji yo‘qoladi. Real dunyo ikkinchi o‘ringa tushib qoladi. Hayotdagi do‘stlar va yaqinlar ijtimoiy tarmoqlardagi yangi minglab do‘stlar va rasmlar oldida ahamiyatini yo‘qotadi;
Bolaning odamlar bilan muomala qilish layoqati so‘nadi. Internetda o‘zini “qahramon” his etadigan bola hayotda ikkita gapni bir-biriga qovushtira olmaydi, odamovi bo‘lib qoladi, tengqurlariga aralashib ketolmaydi. Barcha axloqiy qadriyatlar uning uchun ma’nosini yo‘qotib, o‘rniga shaloq til, jazodan cho‘chimaslik, mas’uliyatsizlik hissi va tuban istaklar shakllanadi, kuch oladi. Intilishlar so‘nadi.Bulardan ham xavflisi, bolaning behayolikni, buzg‘unchi diniy oqimlar g‘oyalarini yoki millatchilikni targ‘ib etuvchi saytlar ta’siriga tushib qolishidir.
Bolaning ko‘rish qobiliyati juda tezlik bilan pasayib ketadi. Kattagina, sifatli monitordagi tasvirlarni yaxshi ilg‘ay olmaslikdan shikoyat qiladi.Dastlab, ko‘z qizarishi va og‘rishi, keyin esa ko‘rish qobiliyatining susayishi kuzatiladi;
Kamharakat hayot tarzi bola umurtqa pog‘onasi va mushaklarining risoladagidek rivojlanmasligi natijasida bukrilik, osteoxondroz, “bilak tunneli” sindromi kasalliklariga sabab bo‘ladi;
Tez toliqish holati kuchayib, serzardalik va g‘azab kuchayadi.Tananing kasalliklarga qarshi kurashi susayib ketadi;
Boshi muntazam og‘riydigan, uyqusi ko‘p buziladigan, kutilmaganda boshi aylanadigan va ko‘z oldi qorong‘ilashuvi tez-tez kuzatiladigan bo‘lib qoladi;
Yurak qon-tomir tizimining faoliyati buziladi;
Bo‘yin sohasining zo‘riqishi sababli miyada qon yaxshi aylanmaydi va uning kislorodga bo‘lgan ehtiyoji keragicha qondirilmaydi;
Zo‘ravonlik, fahsh va shafqatsizlik aks ettirilgan kompyuter o‘yinlari bolalarni badjahl va shafqatsiz qiladi, ularda kibr, boshqalarni nazar-pisand qilmaslik, salbiy hissiyotlarga erk berish kabi xatarli illatlarning shakllanishiga sabab bo‘ladi[2].
Xulosa shuki, insonlar ongi va qalbi uchun katta kurashlar kechayotgan globallashuv davrida yuksak ma’naviyat, odob-axloq tarbiyasiga e’tiborni kuchaytirish dolzarb vazifadir. Uni bu jarayonda ayniqsa, yoshlarni e’tibordan chetda qoldirmaslik lozim, agar bugun biz ular bilan shug‘ullanmasak, “boshqalar” shug‘ullanishi aniq. Vaqt, imkoniyat boy berilsa, keyin kech bo‘lishi tayin. Virtual olamda buzg‘unchi kuchlar targ‘ib etayotgan illatlar ta’siriga qarshi kurashda xalqimiz xulq-atvori xamda an’anaviy qadriyatlari: diyonat, poklik, halollik, insoniylik, hayo va iffat kabi fazilatlarimizdan unumli foydalanishimiz lozim.Ushbu qadriyatlarni yosh avlod qalbi va shuuriga chuqur singdirish barobarida ularni har xil zaharlovchi unsurlar yomonligidan asrashda sustkashlikka aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Demak bugun eng muhim vazifamiz o‘sib kelayotgan yosh avlodni an’anaviy qadriyatlar asosida tarbiyalash, ular qalbida o‘z xalqi, Vataniga mehr-sadoqat tuyg‘usini kuchaytirish, ularni har xil buzg‘unchi kuchlarning axborot xurujlaridan ogoh etish, munosib himoya etishdan iboratdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |