6- Mavzu: “Virtual madaniyat” manbalarining milliy makonda namoyon bo’lish xususiyatlari
II.2. “Virtual madaniyat” manbalarining milliy makonda namoyon bo’lish xususiyatlari
Reja:
“Virtual madaniyat” manbalarining jamiyat ma’naviy barqarorligiga salbiy ta’siri
“Virtual madaniyat” manbalarining zararli oqibatlariga qarshi kurash chora-tadbirlari
Tayanch tushunchalar: virtual olam, multfilmlar, o’yinlar, rang, tovush, tasvir, Milliy dastur, milliy axloq
Bugun yosh avlod tarbiyasi har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Chunki ITI inqilobi ta’sirida shakllanayotgan yangicha muhit ijtimoiy jarayonlarni ham yangicha talqin etishga majbur qilmoqda. Xususan yosh avlod tarbiyasiga ta’sir etuvchi vositalar ham o‘zgarib bormoqda. Bu holat bugungi avlodni ajdodlarga munosib etib tarbiyalash estafetasida uzilish bo‘lishiga olib kelmaslik zarur. Eng xatarlisi, yoshlar tarbiyasiga televizor, qo‘l telefoni, kompyuter o‘yinlarining ta’siri kuchayib bormoqda. Borliqdagi barcha predmetlar o’zida axborot saqlovchilik xususiyatiga ega. Jumladan o‘yinlar, o‘yinchoqlar, multfilmlar, ko‘rsatuvlar, kiyimlar, o‘quv qurollari, uy anjomlari ham. Bugungi kunda, yoshlar informatsion oqimlar ta’sirida o‘sayotgan davrda ota-onalar, mahsulot ishlab chiqaruvchilar hamda keng jamoatchilik oldida muhim masala turibdi. Ya’ni “Biz yoshlarga qanday kiyimlar xarid qilyapmiz?”, “Qaysi multfilmlarni tomosha qilyapti?”, “Qanday uy jihozlari, o‘qish qurollarini xarid qilib beryapmiz?”. Bu kabi savollarga o‘z vaqtida javob olinmasa, keyinchalik: “Farzandimiz nima uchun bemehr?, “Farzandim o‘zgarib qolyapti...”, “Ilgari bunday emas edi-ku...”, “G‘alati harakatlar qilyapti...” degan ikkilamchi fikrlar yuzaga kelishi mumkin
Multfilmlarni bola miyasiga salbiy ta’siri haqida ko’pgina tadqiqotlar mavjud. Masalan miya tuzilmalarining asosiy rivojlanishi 7 yoshda yakunlanadi. 6 yoshli bolada miyaning 2/3 qismi rivojlanib bo’ladi, neyronlar orasidagi asabiy aloqalar esa 5-7 baravar ko’p bo’ladi. Bog’cha yoshidagi bolalarda idrokning asosiy turlari ishlamaydi, vizual idrok passiv, ma’lumotlarni qayta ishlash deyarli yo’q, lekin ma’lumotlar tez saqlanadi. Bog’cha yoshidagi bolalar multfilmlarni ongli ravishda idrok eta olmaydi, neyronlar “harakatsiz turishadi”, aqliy operatsiyalar rivojlanmaydi. Bola miyasiga tezlikda sodir bo’ladigan rang, tovush, harakatlar qorishmasini bir vaqtda o’zlashtirish asab tizimiga haddan tashqari yuklanish signallarini yuboradi va u tanani “idrok qilishga” majbur qilib turli xil salbiy impulslar va asabiy reaksiyalarni keltirib chiqaradi. Asab tizimining “haddan tashqari yuklangan” miya haqida “g’amxo’rlik qilish”i natijasida negativ belgilar: asabiylashish, bezovtalik, ruhiy tushkunlik, affektiv reaksiyalar yuzaga keladi. Bolalar kelajakda passiv mashg’ulotlarga odatlanib, ko’proq yengil o’yin-kulgularga moyil bo’lib qolishadi. Multfilmlarni tomosha qilishda xulq-atvorni shakllantirishning quyidagi mexanizmlari ishga tushiriladi:
Infeksiyon – bu ruhiy aloqa darajasida hissiy holatni bir kishidan boshqasiga o’tkazish jarayoni;
Taklif – bu uning e’tiqodlari va qarashlarini tanqidiy bo’lmagan holda anglash mavjud bo’lgan ongga ta’sir qilish;
Taqlid – namuna bo’yicha ko’r-ko’rona takrorlash. Ayniqsa, bog’cha yoshidagi bolalarda taqlid kuchli bo’ladi. Shu bois bu yoshdagi bolalarda multfilm qahramonlaridan nusxa ko’chirish, ularda yuzaga kelgan vaziyatlarni hal qilish usullaridan foydalanish, qahramonlarning harakati to’g’ri va tabiiy deb qabul qilish kuchli bo’ladi. Shuning uchun bolalarni multfilmlarning zararli ta’siridan himoya qilish uchun:
Bola bilan multfilmda ko’rganlarini muhokama qilish; qahramonlar harakatlarining axloqiy tomonini izohlash. Bolaga nima yaxshi, nima yomonligini va multfilmning axloqiy jihatini tushuntirish zarur bo’ladi. Xalqaro psixologlar uyushmasi a’zosi, nyu-yorklik professor Jerom Singer shunday yozadi: “...Deylik, ishdan qaytganingizda uyingizda bir begonaning bemalol joylashib olganini ko‘rdingiz. U farzandlaringizga janjal-to‘polon ko‘tarishning turli yo‘llarini, yoqalashishni, boshqalarga hurmatsizlikni, behayolikni, xullas, bola tarbiyasiga zarar beradigan hamma narsani o‘rgatayotgan bo‘lsa... nima qilgan bo‘lardingiz? Albatta, qo‘lingizga tayoq olib, o‘sha yaramasni uydan quvasiz! Lekin, bularning hammasini boplab bajaradigan televizorni uyingizning to‘riga o‘z qo‘llaringiz bilan joylashtirib qo‘ygansiz”[1]. Ushbu fikri bilan professor oynai jahon inson uchun dialektik ta’sirga ega virtual madaniyat vositasi ekanligi haqida ogohlantirmoqda. To‘g‘ri, oynai jahonda sharqona qadriyatlar aks etgan turli mazmundagi multfilm va seriallar ham ko‘paygan. Lekin shu bilan birga g‘arb turmush-tarzi va tafakkurini targ‘ib etuvchi zamonaviy multfilmlar ham havola etilmoqda. Ushbu multfilmlarning ba’zilari bolalarda milliy-ma’naviy qadriyatlarga bepisandlik, loqaydlikni shakllantirmoqda. Bizningcha, zamonaviy (g‘arb) multfilmlardagi milliy mentalitetimizga xos bo‘lmagan jihatlarini alohida tadqiq etish zarur. Bu masalaga butun ilmiy jamoatchilikni e’tiborini qaratish lozim. Chunki bu kechiktirib bo‘lmas vazifadir. Shu o‘rinda zamonaviy (g‘arb) multfilmlarning ayrim tashvishli jihatlariga to‘htalsak:
Birinchidan, zamonaviy (g‘arb) multfilmlar asosan jangari mavzularda. Ularning qahramoni qandaydir noma’lum, tabiatda uchramaydigan maxluq bo‘lib, unda real hayotda uchramaydigan voqealar aks etadi. Bu esa bolalarda o‘z “qahramon”ini real olamdan emas, balki qandaydir “yo‘qlik”dan izlashga undaydi, uni xayolparast qilib qo‘yadi.
Ikkinchidan, zamonaviy (g‘arb) multfilmlarda tomoshabinni jalb etish maqsadida qo‘rqinchli qiyofadagi qahramon va vahshiylik aks etgan sahnalardan keng foydalaniladi. Bu esa bolalarda berahmlik, shafqatsizlik kabi illatlarni yuzaga keltiradi.
Uchinchidan, zamonaviy (g‘arb) multfilmlarda sharm, hayo, andisha kabi milliy qadriyatlarni zaiflashtirishni maqsad qilgan, axloqsizlikni targ‘ib etuvchi sahnalar ham oz emas. Bu esa oqibatda axloqsizlikni madaniyat deb qabul qilishga olib keladi;
To‘rtinchidan, zamonaviy (g‘arb) multfilmlarning ba’zilarida individualizm g‘oyasi ilgari suriladi. Multfilm “qahramon”i ko‘pincha o‘z shaxsiy manfaatlari doirasida fikrlaydi va yashaydi. Ularda “qahramon”ning ota-ona va aka-ukasiga mehr-oqibat tuyg‘ulari oshkor etilmaydi;
Beshinchidan, zamonaviy (g‘arb) multfilmlar “qahramon”i biror maqsadga etishida “maqsad – vositani oqlaydi” tamoyiliga rioya qiladi. Bu esa bolalarda xudbinlikni shakllantiradi;
Oltinchidan, zamonaviy (g‘arb) multfilmlarning “qahramoni” auditoriyaga “xamma narsani pul bilan hal etish mumkin” degan g‘oyani singdirishga harakat qiladi. Bu esa bola ongida “qadr”dan “qiymat” ustun ekan degan xulosa qilishga sabab bo‘ladi.
Misol uchun, yosh bolalar tugul kattalar ham sevib tomosha qiladigan “Sohibjamol va maxluq” multfilmining Jahon sog‘liqni saqlash akademiyasi mutaxassislari tomonidan “zaharli multfilm” deb topilganini ko‘pchilik bilmasa kerak. Gap shundaki, bu multfilmda o‘ta yorqin, ko‘z oluvchi – “zaharli” ranglardan foydalanilgan, boz ustiga, ekranda bu yorqin tasvirlar katta tezlikda, tez-tez almashadi. Natijada tomoshabinning ko‘zidagi asab tolalari zararlanadi, bosh miyada zo‘riqish yuzaga kelib, arterial qon bosimi ko‘tariladi. Bu texnologiyani mutaxassislar “yumshoq o‘lim” deb ataydilar. O’rni kelganda multfilmlarning umumiy zararli tomonlariga to‘xtalsak:
1.Ranglar
Zamonaviy multfilm va multseriallarning deyarli hammasida o‘ta yorqin ranglar qo‘llaniladi. Aksariyat hollarda ranglar bir-birini to‘ldirish o‘rniga, qorishib ketadi, chunki haddan tashqari ko‘p va xilma-xil ranglardan foydalaniladi. Bu esa bolakaylar fe’l-atvorida agressivlik shakllanishiga, ko‘z va miya zo‘riqishlariga sabab bo‘ladi.
“Yorqin ranglarga boy” multfilmlarni tayyorlash jarayonida mutaxassislarning lazer nurlariga qarshi qo‘llaniladigan maxsus himoya ko‘zoynaklaridan (!) foydalanishlarining o‘ziyoq kichkina tomoshabinlar ko‘radigan zararning nechog‘li katta ekanini anglatadi.
2.Tovushlar
Hozirgi multfilmlar keskin, baland va kutilmagan tovushlarga, shovqinlarga to‘la. Ma’lumki, noodatiy tovushlar bolada ruhiy bezovtalik, asabiylik va qo‘rquvni paydo qiladi.
3.Syujet
Zamonaviy multfilmlarning syujetlari haqida gapirib o‘tirish ortiqcha. Ahvol shundayki, ko‘pincha voqealar oqimi qayoqqa qarab ketayotganini bolalar tugul, hatto kattalar ham anglay olmaydilar. Ekrandagi voqealarni tushunishga uringan odamning miyasi g‘ovlab ketadi. Oqibatda bola miyasidagi “bo‘tqa” uning fe’lida asabiylikni shakllantiradi.
Bola bog’chaga kirgan paytdan boshlab, ota-ona farzandi uchun axloqiy va xulq-atvor me’yorlarining yagona va shartsiz tarjimonlari maqomini yo’qotadi. Bog’chadagi pedagogik tizim va tengdoshlarining ta’sirida bola dunyosi va shaxsiyati o’z holida rivojlanib boradi. Agar bolani ongli ravishda idrok etishga va olamdagi ba’zi hodisalarni talqin qilishni rivojlantirishga e’tibor bermasak, ota-ona qaramog’idan chiqib ketgandan so’ng, uni “tatib ko’rish” imkoniga ega bo’ladi va “ta’qiqlangan meva”ning uzish xavfi paydo bo’lishiga sharoit yaratamiz. Boshqacha aytganda, to’liq taqiqning eng yaxshi muqobil variyanti bolani muntazam ravishda “yaxshi” va “yomon” tushunchalari nuqtai nazaridan ko’rgan va eshitgan narsalarini tahlil qilishga o’rgatish strategiyasi bo’ladi. Bu esa, kelajakda bolada hodisani ongli ravishda idrok etish ko’nikmasini shakllantiradi. Bu boshlang’ich mahorat kelajakda dunyo va hayot haqida o’z baho va xulosalarini mustaqil belgilash malakasini hosil qiladi.
Xullas, zamonaviy multfilmlarni milliy mentalitet va qadriyatlarimizga ko‘rsatayotgan salbiy ta’sirlarini sanashda yana davom etish mumkin. Multfilmlar yosh avlod ongi va qalbidagi ezgu hissiyotlarni tarbiyalovchi qudratga egaligini hisobga olsak, ushbu masala ahamiyati yanada ravshanroq ko‘rinadi.
Bugun yoshlarimiz ma’naviy ongini zaiflashtirishda nafaqat zamonaviy multfilmlar, balki kompyuter o‘yinlarini ham salbiy ta’siri juda katta bo‘lmoqda. Kompyuterda soatlab, kunlab o‘tirib, turli virtual mukofotchalarni, yutuqlarni “qo‘lga kiritgan” kishi uchun ular chinakamiga qimmatli ma’no kasb eta boshlaydi. Bunday ball va yutuqlar “sodiq“ o‘yinchilar orasida sotiladi. Bunday ishga ayamay pul sarflanadi. Masalan “projekt entropiya” o‘yiniga mukkasidan ketgan avstraliyalik Devid Stor ismli talaba 35 ming AQSH dollari evaziga virtual orol sotib oldi. Bu orolda eski qal’a, bir qancha cho‘milish va turli maxluqlarni ovlash uchun maxsus joylar bor. Lekin bu joylar faqat tasavvurda, komyuter ekranidagina xolos. Juda ko‘p o‘yinlar odamlarni, hayvonlarni shafqatsizlarcha o‘ldirish, qon to‘kish sahnalari asosiga qurilgan. Bunday ayanchli sahnalar nafaqat yoshlarning, hatto yoshi kattalarning ongiga ham juda kuchli salbiy ta’sir ko‘rsatadi. “Snayper” kabi o‘yinlarga berilganlarning ba’zilari keyinchalik haqiqiy qotilga aylanishgani fikrimiz dalilidir. 2002 yili Amerikalik Shon Villi ismli 21 yoshli yigit o‘zini-o‘zi peshonasidan otib o‘ldirdi. Aniqlanishicha u “Ever Quest nomli kompyuter o‘yiniga mukkasidan ketgan ekan. Uning o‘sha o‘yinda yutqazib, yiqqan ballari va mukofotlaridan ajralganiga chidayolmay o‘z joiiga qasd qilgani ma’lum bo‘ldi. 2004 yili Buyuk Britaniyada 17 yoshli Uorren Leblan 14 yoshli Stefan Pakirning joniga qasd qildi. Sud jarayonida ayblanuvchi “Manhunt” kompyuter o‘yini ta’siriga tushib qolganini aytdi. Aynan shu va shu kabi voqealardan keyin olimlar, tadqiqotchilar kompyuter o‘yinlarinig salbiy ta’sirlariga e’tibor qarata boshladilar.
Yaponiyadagi Nihon universiteti ijtimoiy va tabiiy fanlar kolleji professori Akio Mori 6 yoshdan 29 yoshgacha bo‘lgan kompyuter o‘yinlari ishqibozlarini o‘rganib chiqdi. Kuzatishlar, tajribalar shuni ko‘rsatdiki mukkasidan ketgan geymerlar ko‘pincha, asablari tarangligi, fikrlarini jamlab ololmayotgani, atrofdagilar bilan muloqotga kirisha bilmayotganidan shikoyat qiladi. O‘yin paytida odamning faqat ko‘rish va xayoliy xarakatga ma’sul asablari faoliyatda bo‘ladi. Bu esa fikrlash faoliyatining susayishiga olib keladi. Bosh miyaning hissiyotlar va ijodiy qobiliyatga javob beradigan old qismi virtual o‘yinlar paytida deyarli ishlamaydi. Bunday o‘yinlarning kamida 80% qahramonlari o‘ta shafqatsiz. Bu holat o‘z-o‘zidan bola ongiga virtual salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Virtual o‘yinning qahramoni bolaning yaqin kishisiga “do‘sti” ga aylanadi. Turli xil janglardan va qiyinchiliklardan, ana o‘sha “yaqin kishi” sini tirik olib o‘tish uchun, o‘sha bola qanchadan-qancha “qon to‘kadi”, qanchadan-qancha “shafqatsizliklar” qiladi. To‘g‘ri, bularning bari virtual olamda sodir bo‘lyapti, lekin keyinchalik mana shu bolaning xech narsadan tap tortmaydigan, loqayd va sovuqqon, beshafqat insonga aylanib qolishi hech gap emas. Kompyuter o‘yinlari, ayniqsa, 10-16 yoshli bolalalr ongiga tez va oson salbiy ta’sir ko‘rsatishi aniq. Tan olamizmi yo‘qmi, bizga beozorgina bo‘lib ko‘ringan ana shu kompyuter o‘yinlari katta g‘oyaviy urushlarning eng muhim qurollaridan biridir. 2011 yilnnig yakuni hisob –kitoblariga ko‘ra, kompyuter o‘yinlari orasidan kelgan daromad Amerika kino sanoatini ham ortda qoldirgan. Xo‘sh, nimaning hisobiga? Sizu-bizning, bolalarimizning tagi puch qiziqishlari hisobiga.
Bugungi kunda dunyo aholisining ko‘pgina qismi asosiy vaqtlarini turli videoo‘yinlarda sarflashlari, ularning videoo‘yinlarga bo‘lgan tobelikni keltirib chiqarmoqda. Jumladan, 2016 yilda ushbu holat Evropa aholisining 48%da kuzatilgan bo‘lsa, Amerikada 72%, Osiyoda esa 50%ni tashkil qilgan. Videoo‘yinlarga o‘ta berilib ketish oqibatida ekstremal vaziyatlar, ya’ni hafta davomida 50 soat o‘yin o‘ynash natijasida tobelikka tushish holati yanada ortmoqda (Amerikada 4%, Osiyoda 24%). Shu bois 2018 yilda Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti turli kompyuter o‘yinlariga berilib ketish ruhiy kasallik, deb tan olishini va Xalqaro kasalliklar tasnifiga[2] (XKT) kiritilishini e’lon qildi.
Biz yuqoridagi asosli dalillar bilan kompyuter o‘yinlarini yoshlar hayotidan butunlay chiqarib tashlash kerak degan fikrdan yiroqmiz. Chunki ba’zi “kompyuter o‘yinlari o‘quv ko‘nikmalarni o‘zlashtirish uchun sharoitni yaratadi, aqliy soha rivojlanishi uchun ozuqa beradi. Bilish faolligini rag‘batlantiradi. Shuningdek, motivatsion sohani rivojlantiradi va o‘zligini qabul qilish hamda o‘zini hurmat qilish kabilarning shakllanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi”[3].
Xullas, yuqoridagi kabi axborot tahdidi shakllarining inson ongi va qalbiga ta’siri bir qator illatlar: axloqiy buzuqlik, zo‘ravonlik va boshqalarni yuzaga keltiradi. Jumladan axloqiy buzuqlik eng tuban insoniy faoliyat bo‘lib, u asta-sekin ”erkin munosabatdan” “bir jinsli insonlar o‘rtasida nikoh tuzishgacha” bo‘lgan asosiy bosqichlarga ko‘tariladi. U yoshlarni ma’naviy jihatdan aynitib, minglab yillardan bo‘yon ardoqlanib kelinayotgan sharqona muhabbat an’anasi o‘rniga zinokorlikni taqdim etadi. Masalan, “bugunki kunda AQSHning 30 % ayollari nikohga kirgunga qadar kamida ikki marta bola oldiradilar. Shuningdek qizlar ham shu ruhda tarbiya topmoqda. Aksariyat saylovchilar bu kabi turmush-tarziga halaqit beruvchi har qanday siyosatga qarshi ovoz berishadi”[4]. Umuman oilaviy buzuqlik dastavval oilaga daxl qiladi, keyin esa u nasl pokligiga putur etkazadi. Vaholanki, bizda oila muqaddasligi, nasl pokligi masalasi muhim qadriyat hisoblanadi. Birinchi prezidentimiz ta’kidlaganidek “Har qaysi millatning o‘ziga xos ma’naviyatini shakllantirish va yuksaltirishda, hech shubhasiz oilaning o‘rni va ta’siri beqiyosdir. Chunki insonning eng sof va pokiza tuyg‘ulari, ilk hayotiy tushuncha va tasavvurlari birinchi galda oila bag‘rida shakllanadi”[5]. Bu o‘z navbatida oilada sog‘lom turmush-tarzining nechog‘liq ado qilinishiga uzviy daxldordir. Ming afsuski, kontrabanda yo‘li bilan yurtimizga kirib kelgan shahvoniy filmlar, turli pornografiyalar vositasida axloqiy buzuqlik targ‘ib qilinmoqda. Shu ma’noda bunday “mahsulotlarni” turli “qora yo‘l”lar bilan olib kirishga intilayotgan shaxslarni faqat boylik orttirish qiziqtiradi, xolos.
Zo‘ravonlik illati mohiyatan insonning inson ustidan o‘z hukmronligini o‘tkazishni anglatadi. Zo‘ravonlik shaxs xuquqini poymol qilib, uning ongida hayvoniylik his-tuyg‘ularini va xususiyatlarini tarkib toptiradi. U bugungi kunda filmlar, kompyuter o‘yinlari va turli internetdagi qo‘llanmalar vositasida targ‘ib qilinmoqda. Bular orasida ayniqsa, dahshatli kinolar nafaqat internet saytlarini, balki katta kino ekranlarini ham egallab borayotganligi tashvishli holdir. An’anaviy va milliy madaniyat sohiblari – sog‘lom fikrli odamlarning fikricha, zo‘ravonlik g‘oyalarini tarqatishdan maqsad ba’zi gegemon davlatlarning kuchsizroq davlatlarga nisbatan o‘tkazadigan siyosati uchun muhit va asos yaratishdan iboratdir[6]. Unga ko‘ra, muayyan bir davlatga zo‘ravonlikni targ‘ib qiluvchi mahsulotlar izchillik bilan kiritib boriladi va tabiiyki, bu mahsulotlarni ishlab chiqargan davlat nomi reklamalar ko‘rinishida targ‘ib qilinadi. Natijada, bu mahsulotlarni, “iste’mol” qiluvchilar ongida bu davlatning qudrati shakllanadi, unga “kuchli davlat” sifatida tasavvur qilish ko‘nikmasi shakllanadi. Demak, zo‘ravonlik nafaqat shaxsni ma’naviy axloqiy jihatdan aynitadi, balki qaysidir bir davlatning boshqa bir davlat ustidan ustivorligi uchun ham shart-sharoitlar hozirlaydi.
2019 yilga kelib mamlakatimizda “internet tarmog‘idan foydalanuvchilar umumiy aholining 63%iga to‘g‘ri keladi. Ulardan 22800000tasi esa mobil telefon orqali internetdan bevosita foydalanadi”[7]. Mamlakatimizda “axborot texnologiyalarini rivojlantirish maqsadida respublikamizda milliy uz domenida ro‘yxatdan o‘tgan faol domenlar soni 71 mingdan oshgan”[8]. Ularning 200dan ortig‘i ommaviy axborot vositasi sifatida ro’yhatga olingan. Internetning ta’sir kuchi ko‘p hollarda ma’lumotlarning tezkorligi, ko‘tarilayotgan masalalarning dolzarbligi hamda tahliliylik darajasi va mavjud muammolarning samarali echimlari taklif etilishiga bog‘liq. Birinchi Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek “Zamonaviy axborot maydonidagi harakat shunchalar tig‘iz, shunchalar tezkorki, endi ilgaridagidek: “Ha, bu voqea bizdan juda olisda yuz beribdi, uning bizga aloqasi yo‘q”, deb beparvo o‘tirib bo‘lmaydi. Mana shu shart-sharoitlarning barchasi ham ma’naviyat, milliy mafkuraning ahamiyatini yanada kuchaytiradi. ...Bugungi kunda g‘oyani, fikrni taqiq bilan, ma’muriy choralar bilan engib bo‘lmaydi. G‘oyaga qarshi faqat g‘oya, fikrga qarshi faqat fikr, jaholatga qarshi faqat ma’rifat bilan bahsga kirishish, olishish mumkin”[9]. Internet orqali amalga oshiriladigan, katta mablag‘ talab qilmaydigan g‘oyaviy ta’sir va tazyiqni ko‘pincha o‘quvchi, tinglovchi yoki tomoshabinning o‘zi sezmay qoladi. Bunda g‘oyaviy ta’sir yo‘naltirilgan mamlakatlar aholisining hohish-istaklari, tabiati, mavjud muammolari jiddiy o‘rganilgan holda, asosiy diqqat kishilar ongi va dunyoqarashiga ta’sir ko‘rsatishga, shakllangan qadriyatlarni o‘zgartirishga, ularning boshqaruvchilik ahamiyatini kamaytirishga yoki butunlay yo‘qqa chiqarishga qaratiladi. Bugungi kunda buzg‘unchi oqimlarning g‘oyalarini targ‘ib qilishda internetdan asosiy qurol sifatida foydalanmoqdalar. So‘nggi yillarda qo‘poruvchi tashkilotlar g‘oyalarini targ‘ib-tashviq qilishga qaratilgan veb-saytlarning soni bir necha barobarga oshgan. Xususan, 10 yil avval bunday saytlar soni 20 ta bo‘lsa, bugungi kunda dunyoda qo‘poruvchilar foydalanadigan 7000 dan ortiq internet saytlari bo‘lib, ularga xizmat ko‘rsatuvchi portallar soni kundan-kunga ortib bormoqda. Bunday internet saytlari to‘satdan paydo bo‘ladi, vaqt o‘tgach yo‘qoladi, mazmunini o‘zgartirimagan holda, nomlanishi va ro‘yxatdan o‘tish manzilini tez-tez o‘zgartirib turadi. Bugun yoshlar axborot ximoyasi bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishi, har qanday xabarning mohiyatini tushunishi, zararidan saqlana olishi zarur. Inson o‘zida bunday madaniyatni tarbiyalashi uchun u yoki u axborotni eshitar ekan, hech bo‘lmaganda “Bu axborotni kim uzatyapti?”, “Nima uchun uzatyapti?” va “Qanday maqsadda uzatyapti?” degan savollarni o‘z-o‘ziga berishi, unga asosli javob topishga harakat qilishi kerak. Shundagina turli g‘oyalar ta’siriga tushib qolish, taqdim etilayotgan ma’lumotlarga ko‘r-ko‘rona ergashishning oldi olinadi. Yoshlarda axborot iste’moli madaniyatini shakllantirish, milliy manfaatlarimiz va qadriyatlarimizga hurmatni kuchaytirish zararli xabar, ma’lumotlarga qarshi o‘ziga xos qalqon bo‘ladi, shaxs dunyoqarashi va xulqida sobitlikni ta’minlashga xizmat qiladi. Ma’lumki, odamzod ishonchga, e’tiqodga tayanib yashaydi. Binobarin, uning e’tiqodi ham o‘zi kabi hurmatga, e’zozga loyiqdir. Ongu tafakkurga tahdiddek vijdonsizlik, sof e’tiqodli kishilar qalbiga tajovuz qilishni ko‘zlagan kimsalarning internet orqali tarqatayotgan fikrlari soxtalikka, yuzakilikka va g‘arazli manfaatga asoslangan, shu bois bunday hatti-harakatni hech qanday yo‘l bilan oqlab bo‘lmaydi.
Insoniyat qadimdan tabiat bag‘rida yashar ekan, o‘zini tabiatning ajralmas bo‘lagi sifatida his etib kelgan. Lekin vaqtlar o‘tib odamzod tafakkuri yuksalishi bilan o‘zi uchun yangi olamni yaratib, tabiatdan uzoqlasha boshladi. Xususan ortiqcha mahsulotning paydo bo‘lishi mulkiy tengsizlikni keltirib chiqarib, urbanizatsiya jarayonini tezlashuviga olib keldi, bu esa insoniyatni Ona – tabiatdan begonalashuviga sabab bo‘ldi. Odamzot kelajagi farovonligi uchun yaratilgan ixtiro va kashfiyotlar ushbu jarayonning kuchayishiga olib keldi. Yagona qavmdan bo‘lgan odamzod millatlar, elatlar va davlatlarga bo‘linib ketdi. Insoniyatdagi qon-qarindoshlik munosabatlarining zaiflashishi begonalashishning ikkinchi bosqichi edi. Bugun insoniyat begonalashuvning eng fojiali va oxirgi bosqichini kuzatmoqda. Bunda insoniyat o‘zligidan, o‘z “Men”idan ongli tarzda voz kechmoqda. Bu jarayonni oldini olish mumkinmi? Insoniyat o‘z o‘tmishini unutsa, kimligini anglamasa, voqelikdagi narsa va hodisalarga loqayd munosabatda bo‘lsa, hayot mazmuni, qadri qiymat bilan baholansa – insoniyatning nafaqat kelajagi balki buguni ham ma’nosiz voqelikka aylanmaydimi?
Bizningcha, begonalashuv jarayoni insoniyat turmush-tarzi va faoliyatida keskin burilishlar, fojiali oqibatlarga olib kelmasligi uchun ijtimoiy-ma’naviy taraqqiyot mahsuli – an’anaviy qadriyatlarni saqlash, qayta baholash va kelajak avlodga uzatishning nazariy-uslubiy asoslarini shakllantirishimiz zarur. Xulosa qilib aytganda, bugun jamiyatimiz ma’naviy-axloqiy muhitini mo‘‘tadil va barqaror saqlab turish uchun inson ma’naviy borlig‘ini yuksaltirishga xizmat qiluvchi “namunali xulq-atvor” Milliy Dasturini ishlab chiqish lozim. Ushbu Dastur uchun eng muhim asos – an’ana, urf-odat va qadriyatlarimiz bo‘lishi darkor. Ma’lumki, biror g‘oyani yaratib, uni xalq ongi va qalbiga singdirish juda mushkul va ko‘p vaqt talab qiladigan hodisadir. Bu vaziyatda tezroq samaraga erishish uchun yaratilgan g‘oya avvalo, ob’ekt ehtiyoji, maqsad va manfaatlariga mos kelishi, qolaversa, uning e’tiqodga aylanishi ham murakkab jarayondir. Lekin bizda ushbu nazariyani amaliyotga tadbig‘ etishda muammolar nisbatan kamroq bo‘ladi. Chunki xalqimiz asrlar davomida “namunali xulq-atvor” dasturi asosida yashab kelmoqda. Shu ma’noda biz faqat ushbu noyob tajribani ijtimoiy fan sohalari yordamida, turli tadqiqot so‘rovlari orqali xalqdan o‘rganishimiz hamda ushbu natijalarni voqelik talablari asosida qaytadan amaliy hayotga joriy etish mexanizmlarini ishlab chiqishimiz kerak bo‘ladi. Aks holda o‘ttiz asrlik o‘tmishga, tajribaga, ma’naviy salohiyatga ega xalq, o‘tgan asrda paydo bo‘lib, shiddat bilan olamni mahv etishga kirishgan “ommaviy madaniyat” niqobi ostidagi xurujlar qurboniga aylanishi mumkin.
Jamiyatshunos Sherri Terkl o‘zining “Birgalikdagi yolg‘izlik” kitobida: “Ijtimoiy tarmoqlardagi suhbatlar barcha insoniylikni yo‘q qilayotgan axmoqlikning yangi shaklidir”, deya ta’kidlaydi.
Bugun er yuzida inson, jamiyat, davlatlarning taqdiri shubhasiz, ularni qanday axborotlar qurshovida ekanligi bilan belgilanadi. Axborot makoniga zimdan qilingan ta’sir manfaatlarning jiddiylashuviga, bu esa inson va jamiyat xavfsizligi muammosini yuzaga kelishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |