Tayanch iboralar: O‘g‘uz, O‘g‘uzxon, qam, yabg‘u, Yangikent, Dukkak, Saljuq.
Xitoydan to Qora dengiz bo‘ylarigacha cho‘zilgan ko‘chmanchi chorvador aholi orasida o‘g‘uzlar ham bo‘lib, ular tarixda to‘qug‘uzlar nomi bilan tilga olingan. VI asrning ikkinchi yarmi va VII asrda ular Turk hoqonligi tarkibida g‘arbga tomon harbiy yurishlarda faol qatnashadilar. VIII asr o‘rtalarida o‘g‘uzlar Yettisuvni tashlab Chu daryosi vodiysiga ko‘chib o‘tadilar. Bu yerda ular “Qadimgi G‘uziya” degan qarorgoh barpo qildilar. IX asr boshlarida o‘g‘uz yo‘lboshchilari qarluqlar va kimaklar bilan birlashib, qang‘ar-pecheneglarni mag‘lubiyatga uchratdilar va Sirdaryo va Orolbo‘yini egalladilar. O‘g‘uzlar Sirdaryo havzasi hamda Orol dengizi bo‘yida muqim o‘rnashib, bu hududda IX asr oxiri X asr boshlarida O‘g‘uzlar davlatiga asos soldilar. IX asr oxirida xazarlar bilan pecheneglarga zarba berib Ural va Volga daryolari oralig‘ini egalladilar. Pecheneglar bilan uzoq davom etgan urushlar o‘g‘uz qabilalari ittifoqining siyosiy birlashishga olib kelgan.
O‘g‘uzlar tarkibiga Sirdaryo vohasi va Orol-Kaspiy dashtlaridagi qadimgi turklashgan etnik komponentlar, hind-evropa va fin-ugor tillariga mansub qabilalar, Yettisuv va Sibirning yarim ko‘chmanchi va ko‘chmanchi qabilalari: xalaj, jagra, charuk, qarluq, imur, bayundur, qay urug‘lari kirgan.
O‘g‘uzlarning etnik shakllanishi murakkab va uzoq davom etgan. O‘g‘uz guruhlari dastlab Yettisuvda shakllangan, ammo ularning tarkibi g‘arbga siljishlari oqibatida Janubiy va G‘arbiy Qozog‘iston hududlarining ko‘chmanchi va yarim o‘troq aholisi hisobiga to‘ldirilgan.
O‘g‘uzlar sharqda qarluqlar, shimoliy-g‘arbda xazarlar, shimoliy-sharqda Emba daryosi hududlari bilan chegaralangan. O‘g‘uzlar Sirdaryo bo‘ylab Yangikent, Jand, Sig‘noq kabi shaharlarga borib joylashgan. Yangikent ularning poytaxti bo‘lgan. Ular qishlov uchun bu shaharni tanlashgan.
O‘g‘uzlar Irtish, Yoyiq, Xorazm, Movarounnahr va Shosh savdogarlari bilan savdo aloqalarini olib borgan. O‘g‘uzlar chorvachilik, qo‘ychilik, tuyachilik, yilqichilik bilan shug‘ullanishgan, qisman qoramol boqishgan. Ayrim o‘g‘uz qo‘ychivonlarining 100 ming boshgacha qo‘yi bo‘lgan. Mang‘ishloqqa ko‘chib o‘tgan o‘g‘uzlarning Dehiston va Gurgon viloyatlariga bo‘lgan hujumlarini qaytarib turish maqsadida, Xuroson noibi Abdulloh ibn Tohir IX asr 30-yillarida dasht chegarasida Farova va Dehiston kabi mustahkam rabotlar qurishga majbur bo‘lgan. 840 yil Nuh ibn Asad Isfijobga tomon chorvador ko‘chmanchilarga, jumladan o‘g‘uzlarga ham hujum qilgan va g‘alaba bilan qaytgan.
O‘g‘uzlar qam (shomonlik) diniga sig‘inganlar. Agar marhum hayotlik chog‘ida yovgarchilik yoki harbiy yurishlarda qatnashib o‘z raqibini o‘ldirgan bo‘lsa, ularning soniga qarab qabr ustiga tosh haykallar o‘rnatgan.
X asrda o‘g‘uzlar shimolda qipchoqlardan zarbaga uchraydi va ular ikkiga bo‘linib ketadi. Birinchi qismi g‘arbga tomon saljuqiy turklari nomi ostida Janubiy Rossiya dashtlariga, ikkinchi qismi Movarounnahrga kirib janubi-g‘arbga siljib saljuqlar boshchiligida Old Osiyo mamlakatlarini istilo qiladi. Natijada VIII asr oxiri va IX asr boshlarida qarluqlar va O‘g‘uzlar davlati vujudga keladi. Abulg‘ozi Bahodirxonning “Shajarayi tarokima” asarida keltirilgan rivoyatga ko‘ra, bu hududda to‘qqiz kishi podsholik qilgan, avval Mo‘g‘ulxon oxiri esa Elxon bo‘lgan. Mo‘g‘ulxonning to‘rt o‘g‘li bo‘lib, ular Qoraxon, O‘zxon, Ko‘zxon, Ko‘rxon bo‘lgan. Mo‘g‘ulxon vafotidan so‘ng Qoraxon taxtga o‘tirgan. Qoraxonning o‘g‘li O‘g‘uzxon tug‘ilganidan so‘ng onasini emmaydi. Chunki uning onasi islom dinida emasdi. Shundan so‘ng O‘g‘uzxonning onasi islomni qabul qiladi. O‘g‘uzxon tili chiqqanda “Olloh-olloh” deb hamisha aytib yurgan emish. O‘g‘uz voyaga yetgandan so‘ng amakisi Ko‘rxonning qiziga uylanadi, ammo xotini islomni qabul qilmaydi. Natijada keyingi amakisi O‘zxonning qiziga uylanadi, u islomni qabul qiladi. O‘g‘uzxon o‘z atrofidagi aholini islom diniga kiritib yagona O‘g‘uz davlatiga asos soladi. U Xitoy, Churchit va so‘ng Tanqut (Tibet) ni bosib olgan. Qoraxitoy hududini egallaydi. Hindiston bilan Xitoyning orasida Tanqutda qishlaydi va uning hukmdori It Barakxon bilan jang qiladi. Biroq undan mag‘lub bo‘ladi. O‘g‘uzxonning xomilador xotini daraxt kovagida ko‘zi yoriydi va tug‘ilgan go‘dak o‘g‘liga Qipchoq deb ism qo‘yadi. O‘g‘uzxon Qipchoqqa Tin va Atil (Itil) daryolarining yoqalarini beradi. Qipchoq bu hududlarni o‘zi boshqaradi. O‘g‘uzxon o‘n yetti yil o‘tgach It Baraqxondan qasos olib, uni o‘ldiradi. Hududlarini qo‘shib oladi.
O‘g‘uzxon Toshkent, Samarqand, Buxoro podsholariga qo‘shin tortadi. O‘g‘uzxon Sayram va Toshkentni o‘ziga qarorgoh qilib oladi. Buxoroni bosib olib Balxga boradi, undan so‘ng qish fasli kelib qolgan bir paytda G‘ur viloyatiga hujum qiladi va uni bosib oladi. Undan so‘ng u Kobul va G‘aznani oladi. Kashmirga hujum qilib O‘g‘uzxon Yag‘moni jangda o‘ldiradi va Eron shohiga qarshi yo‘l oladi.
Talas shahriga, undan Samarqand, Buxoro, Xuroson, Eron, Iroqi Ajam, Iroqi Arab, Ozarbayjon, Arman, Shom va Misrgacha bostirib borgan. (Abulg‘oziy Bahodirxon. Shajarayi turk. T. – 1992. 17-23)14
Hozirgi Chimkentdan Guyurgen daryosining quyi oqimigacha, ya’ni xalifa viloyatlarigacha bo‘lgan yerlar o‘g‘uzlar qo‘l ostiga o‘tadi. Istaxriyning aytishicha, ko‘chmanchi o‘g‘uzlar tub aholi bo‘lgan arablar va shimoliy xalqlar hududigacha yoyilgan. Ibn Fadlan 922 yilda o‘g‘uzlarni Xorazm, Ustyurt, Chinka hududlarida uchratgan.
O‘g‘uzlar chorvador aholi bilan o‘troq aholi o‘rtasida savdo aloqalarida faol qatnashganlar. Istaxriyning ma’lumotiga ko‘ra, o‘g‘uzlar Kaspiy bo‘yidagi Mang‘ishloqqa bir qancha yurishlar qilishgan. Chinki Mang‘ishloqni o‘g‘uzlar o‘z joylari deb hisoblashgan. O‘g‘uzlar Mang‘ishloqning savdo uchun katta ahamiyatini yaxshi tushunishgan.
X asrda o‘g‘uzlar islom dinini qabul qilganlar. Ularning urf-odatlariga ko‘ra, boy kishi o‘lsa 100 tadan 200 tagacha mollarni so‘yib, terisi, dumi va suyaklari bilan daraxtlarni bezaganlar. Ibn Fadlanning ma’lumotiga ko‘ra, o‘g‘uzlarning birinchi xoni Kuchue eynal nomini olgan, u o‘g‘uzlarni birlashtirgan va islom dinini qabul qilgan, ammo keyinroq o‘zining dini ko‘k tangri e’tiqodiga qaytgan. XIII asrda yashagan Zakira Karvinning aytishicha, o‘g‘uzlar orasida xristian dinini qabul qilganlar ham bo‘lgan. Buning sababi, ulardan shimolda yashagan kimaklar xristian diniga e’tiqod qilgan va o‘g‘uzlarga ta’sir qilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |